Boshqaruv servis kompaniyalari: tajriba, ishonch va natija
Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish, texnik xizmat koʻrsatish, kommunal tizimlarning soz ishlashini taʼminlash azaldan muammoli masalalardan biri boʻlib kelgan. Bu vazifalar zimmasiga yuklatilgan uy-joy mulkdorlari shirkatlari toʻgʻrisida fikr soʻrasangiz, aksariyat koʻp qavatli uylarda yashovchilardan turli eʼtirozlarni eshitishga toʻgʻri keladi.
— Ilgari biz yashaydigan uyga ham uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat koʻrsatar edi, — deydi Urganch shahridagi “Nurli hayot” mahallasida yashovchi Barno Nurullayeva. – Gapning ochigʻi, mahalla ahli uning faoliyatidan qoniqmadi. Liftdagi yoki kommunal tizimdagi oddiygina nosozlikni ham vaqtida bartaraf eta olmay, “ana boramiz, mana boramiz, mablagʻ topilsa, toʻgʻrilaymiz”, degan bahonalar bilan ishni paysalga solavergach, fuqarolarning shirkatga ishonchi kamaydi. Natijada aholi oylik badallarni ham toʻlamay qoʻydi. Mahallada “Xorazm shinam uylari” boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etilgach bu kabi muammolarni tezkor hal etish uchun imkoniyat ham, sharoit ham yaratildi.
Boshqaruv servis kompaniyasi koʻp qavatli uylarda tashkil etilayotgan yangi xizmat koʻrsatish shakllaridan biri. U mohiyatan mulkdorlar shirkatining bir koʻrinishi boʻlsa-da, oldiga qoʻyilgan maqsad va vazifalari, ish uslubi jihatidan eski tizimdan farq qiladi. Korxona oʻziga biriktirilgan koʻp qavatli uylardagi umumiy mulkni taʼmirlash, soz holatda ishlashini nazorat qilish, uy atrofini obodonlashtirish kabi ishlarga masʼul. Urganch shahrida koʻp kvartirali uylarni boshqarish belgilangan tartibda boshqaruv kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgani aholiga maʼqul kelmoqda.
“Xorazm shinam uylari” boshqaruv servis kompaniyasi hozirda 12 ta mahalladagi 12,5 mingdan ortiq xonadonga ega boʻlgan 293 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi. Kompaniya tasarrufida 2 ta “Damas”, 1 ta “Labo” avtomobili, 12 ta elektromototsikl, 2 ta maishiy chiqindilarni tashishga moʻljallangan elektromototsikl, 2 ta motoskuter, 526 tadan ziyod asbob-uskunalar mavjud.
—Yuk tashishga moʻljallangan elektromototsikllarning har biriga 0,75 kVt, “Labo” avtomobiliga 1,7 kVt quvvatga ega quyosh panellari oʻrnatilgan boʻlib, bu texnika vositalarining uzluksiz ishlashini taminlaydi hamda yoqilgʻi va energiya resurslarini tejashga imkon beradi, — deydi “Xorazm shinam uylari” boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Gulnora Atajanova. — 2 ta elektroskuter kommunal tizimdagi avariyalarni tezkor bartaraf etishda, maishiy chiqindilarni tashishga moʻljallangan 2 ta elektromototsikl esa hududdagi chiqindilarni oʻz vaqtida yigʻib olishda juda qoʻl kelmoqda.
Odatda, uy-joy mulkdorlari shirkati deganda koʻz oldimizga shirkat raislari oʻtiradigan kichik, zax xona yoki yertoʻla keladi. “Xorazm shinam uylari” boshqaruv servis kompaniyasi joylashgan binoni koʻrib tasavvuringiz butkul oʻzgaradi. Zamonaviy dizaynda barpo etilgan, xodimlar uchun alohida ish va navbatchilar uchun dam olish xonalari, asbob-anjomlar uchun maxsus omborxona, texnika vositalari saqlanadigan joylar, 24/7 rejimida ishlaydigan dispetcherlik xizmati, aholidan toʻlovlarni qabul qilish uchun kassa xizmati, qoʻying-ki, namunali xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Boshqaruv servis kompaniyasi binosiga quyosh panellari oʻrnatilgan, 1 sutkada 136 kVt, 1 oyda 4080 kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Boshqaruv tashkiloti oʻz ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini sotish orqali 1 oyda 2 613 600 soʻm sof foyda oladi.
— Boshqaruv servis kompaniyasi vakillari dastlab mahallada yurib, aholi bilan muloqotda boʻlib, yangi tashkilotning vazifalari, faoliyati haqida toʻliq maʼlumot berishdi, — deydi “Nurli hayot” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sherzod Yaqubov. — Ochigʻi, boshida yangi boshqaruv tizimiga ishonchsizlik bilan qaraganlar ham boʻldi. Biroq, qisqa vaqt ichida boshqaruv servis kompaniyasi nafaqat bizning mahallamiz, qoʻshni mahallalar aholisining ham ishonchini qozondi va uning xizmatiga talabgorlar soni orta boshladi.
Demak, bu tizim oʻzini oqlamoqda. Boshqaruv kompaniyalari sifatli xizmatlari bilan odamlar ishonchiga kirib boryapti. Asosiysi, koʻp qavatli uylar obod boʻlib, aholi murojaatlari tezkor yechim topmoqda. Endilikda boshqaruv kompaniyalari faoliyatini tizimli rivojlantirish, hududlarda barpo etilayotgan yangi koʻp kvartirali uy-joy massivlarida joriy etish oʻz samarasini beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bollivud yulduzi Mumbaydagi uyida pichoqlab ketildi
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- HAMAS va Isroil oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib oldi
- Poykentdan Oʻrta Osiyoda eng qadimiy sanalgan metall qurollar topildi
- Bir xum tilla topib olindi. Ushbu xazinada Gʻarbiy Rim imperiyasi imperatorining suratlari tushirilgan 141 dona oltin tanga bor
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring