Bosh Qomusimiz — barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimizning huquqiy asosi

21:11 01 Dekabr 2020 Siyosat
812 0

“Oʻz xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega boʻlgan mamlakat oʻzi belgilagan yuksak marralardan hech qachon ogʻishmasdan doimo oldinga qarab boradi”.

Shavkat MIRZIYOYEV

Davlat siyosiy yetukligi va mamlakat ijtimoiy barqarorligini oʻzaro birlashtiradigan mezonlar bor. Ular koʻp emas. Shular orasida eng asosiysi jamiyatda qonun ustuvorligini soʻzsiz taʼminlash boʻlsa, ikkinchisi, hokimiyat va xalq oʻrtasidagi shaffof hamda uzluksiz muloqotni yoʻlga qoʻyishdir. Bu nafaqat demokratiya, balki kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir. Mazkur ustuvor vazifalar ijrosining oliy huquqiy asosi esa, shubhasiz, Konstitutsiya hisoblanadi. U shu yillarda zamonaviy taraqqiyotimiz, tanlagan innovatsion yoʻlimiz va albatta, progressiv hamda xalqchil islohotlarning tom maʼnodagi Bosh qomusi, yorqin istiqbol sari yetaklayotgan eng oldingi mayoq yangligʻ namoyon boʻlyapti. Yaʼni insonga baxtli boʻlish huquqini beradigan “oltin chipta”ga aylandi.

Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda roʻy berayotgan tub oʻzgarishlar aynan mana shunday yondashuv sharofatidan boʻlayotgani ham ayni haqiqat. Zero, bundan koʻzlangan bosh maqsad odamlarni rozi qilish, ular ertaga emas, aynan bugun yaxshi yashashlari uchun barcha sharoitni yaratib berishdir. Bular hisobotlarni toʻldirish, maʼruzalarga bezak berish uchun emas, aynan har bir fuqaro turmushiga fayz, obodlik va sifat olib kirish uchun qilinayotganini hamyurtlarimiz oʻz hayotlarida his qilishyapti.

Pirovardida Prezidentimiz boshchiligida xalqimiz yangidan-yangi marralarni zabt etmoqda, koʻz oʻngimizda yangi Oʻzbekiston dunyoga yuz ochayotir. Mazkur oʻzgarishlarni nafaqat biz, balki chet elliklar ham eʼtirof etmoqdaki, bu shubhasiz, barchamizni quvontiradi. Eng muhimi, yurtdoshlarimizning dunyoqarashi yangilanib, ular ham islohotlarning faol ishtirokchisiga aylandi.

Muxtasar aytganda, yangi Oʻzbekistonda faollik, yaratuvchanlik ruhi bilan yashash har bir inson uchun hayot taqozosi, ijtimoiy zaruratga aylanib boryapti. Tabiiyki, bular oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Bularning tub zamirida Konstitutsiyamizda belgilab berilgan maqsad hamda vazifalarni soʻzsiz ijro etish yoʻlidagi saʼy-harakatlaru mashaqqatlar yotibdi.

Qonun ustuvorligini taʼminlash yoʻlidagi dadil odimlar

Konstitutsiya hamda qonun ustuvorligini taʼminlash har qanday jamiyat taraqqiyotida eng muhim omillardan biridir. Qonun ustuvor boʻlgan jamiyatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan chiqarilayotgan hujjatlar, shuningdek, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq boʻladi. Aksincha boʻlsa, jamiyatda tushkunlik kayfiyati oshib, odamlarning davlatga boʻlgan ishonchiga putur yetadi, alaloqibat davlatning taraqqiyotga erishishi xomxayolga aylanib qoladi. Shu bois bu masala Asosiy Qonunimizning 15-moddasida: “Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradilar”, deya mustahkamlab qoʻyilgan.

Xoʻsh, shunday ekan, istiqlol yillarida, xususan, oxirgi toʻrt yilda biz bu borada qanday natijalarga erishdik?

Har bir davlat oʻzining istiqlol va taraqqiyot yoʻlini belgilab olarkan, aholining farovon hayot kechirishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan muhim maqsadlari hamda vazifalarini Konstitutsiyasida qatʼiy mustahkamlab oladi. Istiqlolimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq hamda majburiyatlar va ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Ayni chogʻda unda jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligi kafolatlangan boʻlib, bu, zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Prezidentimiz mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimdagi maʼruzasida shu xususda oʻz fikrini bayon etarkan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni ekanligini taʼkidlagandi.

Darhaqiqat, har qanday demokratik islohotlarning samarasi, tinchlik hamda taraqqiyotimizning asosiy garovi ham aynan shu omil bilan bevosita bogʻliq. Shu sababli ham barcha boʻgʻindagi kadrlar, u xoh vazir, hokim yoki oddiy fuqaro boʻlsin, Konstitutsiya va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini toʻgʻri tashkil etishi hamda birinchi navbatda, bu qoidalarga butun jamiyat aʼzolari qatʼiy amal qilishi shart boʻlgan muhit yaratishga qaratilgan saʼy-harakatlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Aniqroq aytadigan boʻlsak, “Konstitutsiya va qonun ustuvorligi — farovon hayot garovi” degan tushuncha odamlar ongu shuuridan chuqur oʻrin egallashi va ijtimoiy ehtiyojga aylanishi yoʻlida mehnat qilinmoqda. Zero, mashhur ingliz faylasufi, sotsiologi hamda huquqshunosi Ieremiya Bentam aytganidek, xalq oʻrganib qolgan konstitutsiya eng yaxshisidir.

Eng avvalo, qonunlarning ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan koʻra bilish, qonunbuzarliklarning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga, bunday holatlarni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirish choralari koʻrilayotir. Shu maqsadda qonunlar, Prezident Farmon va qarorlari qabul qilinmoqda. Bularning barchasidan koʻzlangan maqsad bitta, u ham boʻlsa, xalqimiz farovonligini taʼminlash.

Shu oʻrinda oʻtgan yili qabul qilingan “Davlat-xususiy sherikligi toʻrisida”gi Qonunni misol tariqasida keltirish mumkin. Mazkur hujjat fuqarolarning davlat va jamiyatga tegishli vazifalarini bajarishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishning taʼsirchan mexanizmini yaratishimizda huquqiy asos boʻldi. Natijada qator tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik boʻyicha loyihalar roʻyobga chiqarildi.

Eʼtiborlisi, yaqingacha davlat-xususiy sheriklik borasida oqsab turgan ayrim tarmoqlar, xususan, sogʻliqni saqlash va taʼlim yoʻnalishlarida bu borada olgʻa siljishlar koʻzga tashlanmoqda. Shu bilan bir qatorda, ayrim qonun buzilishi holatlari ham kuzatilmoqdaki, bu parlament, hukumat, Oliy sud hamda boshqa idoralardan qonunlar ijrosini taʼminlashning samarali mexanizmlarini yana-da kuchaytirishni talab etadi.

Aytish joizki, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashda, albatta, jamoatchilik nazoratining oʻrni beqiyos. Shu sababli ham yurtimizda ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Tabiiyki, natija ham yomon boʻlayotgani yoʻq. Yurtdoshlarimiz davlat ahamiyatiga molik barcha masalada, xususan, qonun, Farmon va qarorlar loyihalari muhokamasida faol qatnashyapti. Xalqimizdan kelib tushgan joʻyali fikrlar inobatga olinib, hujjatlar loyihalari takomillashtirilmoqda. Buni ilk bor oʻtgan yilgi Davlat byudjeti jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinib, ochiqlik hamda oshkoralik ruhida qabul qilinganida kuzatgandik. Eʼtibor berilsa, unda turli vazirlik va idoralar har bir soʻmni nimaga, qanday xarajat qilishi aniq koʻrsatib berilgan edi. Shundan keyin jamoatchilik faolligi yana-da oshdi.

Darhaqiqat, odamlarimiz endi kechagi odamlar emas, ular oʻz haq-huquqlarini yaxshi biladi, muhokamalarda esa qanday fikr yoki taklifni ilgari surishni oʻzlashtirmoqda.

Shu oʻrinda xalqimiz uygʻoqligini ifodalaydigan yana bir misol yodga tushdi: oʻtgan yili joylarda daraxtlarni ommaviy ravishda kesish kuchayib ketganida odamlar keskin norozilik bildirgan, shunga koʻra, daraxtlarni sababsiz kesishga qarshi moratoriy eʼlon qilingan edi. Shuning oʻziyoq xalq, yaʼni jamoatchilik fikri qanday katta kuchga, taʼsirga ega ekanligini ochiq koʻrsatib turibdi.

“Jamoatchilik nazorati” degani faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazoratgina emas, balki jamiyatning oʻzini oʻzi boshqarish usuli, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biri boʻlgani bois ham uni huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, energetika hamda transport sohalarida ham yoʻlga qoʻyish ayni zarurat. Qolaversa, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar hamda xizmatlar sifati boʻyicha ham doimiy jamoatchilik nazorati oʻrnatilsa, ishlarimiz olgʻa siljishini tushunish unchalik qiyin emas.

Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari (OAV)ning oʻrni salmoqli. Shu bois OAVni chinakam “jamiyat koʻzgusi”ga aylantirish yoʻlida jiddiy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, oxirgi toʻrt yilda amalga oshirilgan soʻz erkinligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar tufayli jamiyat hayotida tub burilish yuz berdi. Bugungi kunda anʼanaviy axborot vositalari bilan birga, internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishdan tashqari, joylardagi xato va kamchiliklarni roʻyirost koʻrsatib, ularni oʻz vaqtida bartaraf etishga koʻmak bermoqda.

Ammo bu borada ham qilinadigan ishlar koʻp. Masalan, davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik faoliyatimizda ochiqlik hamda oshkoralik tamoyilini kuchaytirish maqsadida fuqarolarning soʻz erkinligi, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini toʻliq taʼminlashimiz talab etiladi. Oʻzimizning faoliyatimiz bilan bogʻlab aytadigan boʻlsak, sohaning huquqiy asosini bugunning talabidan kelib chiqib takomillashtirishimiz zarur.

Qabul qilinayotgan qonunlar olib borayotgan islohotlarimizga mos va uygʻun boʻlgan taqdirdagina koʻzlagan maqsadlarimizga erishamiz. Bu, biz soʻz yuritayotgan masalaning navbatdagi muhim sharti hisoblanadi. Yaʼni hozir amalda boʻlgan, ammo zamon talablariga mos kelmaydigan qonunlarni takomillashtirishimiz, shuningdek, qonunlarni ijro etish mexanizmlarini aniq tizim asosida yaratishimiz bugun har qachongidan ham muhim.

Shu oʻrinda oxirgi yillarda mamlakatimiz parlamenti ham zamonga mos holda yangilanganligini aytib oʻtish joiz.

Xususan, qonun ijodkorligiga yangicha yondashilmoqda. Xalq vakillari joylarga borib, mavjud vaziyatni oʻrganayotir, odamlar fikri bilan qiziqmoqda va shundan keyingina olingan fikrlarni jamlagan holda yangi qonunlar ustida ishlashyapti. Amaldagi qonunlarning eskirgan yoki hayotdan uzoq meʼyorlari ham shu mezon asosida takomillashtirilayotir. Natijada qonunlarimiz xalq dardu tashvishi hamda orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etgan hujjatlar sifatida jamiyat hayotiga tatbiq etilmoqda. Zero, qonun ishlashi uchun u, avvalo, xalq manfaatlariga xizmat qilishi lozim.

Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashning galdagi sharti, bu aholining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan bogʻliq.

Biz har qancha mukammal qonunlar yaratmaylik, agar fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yetarlicha boʻlmas ekan, koʻzlangan maqsadga erishishimiz qiyin kechadi. Shu maʼnoda, Konstitutsiya hamda qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyatni har bir fuqaroning, har bir mansabdor shaxsning hayot hamda faoliyat tarziga aylantirish yoʻlidagi ishlarimizni yana-da kuchaytirishimiz oʻrinlidir.

Xalq — davlat hokimiyati manbai

Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohotlar va biz erishayotgan yutuqlarimizda, albatta, mustaqil Oʻzbekistonimiz Konstitutsiyasi huquqiy asos boʻlmoqda. Xususan, Bosh qomusimizning 7-moddasida: “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir”, deb belgilangan boʻlib, bugun bu manba toʻla ishga tushirildi. Aniq aytadigan boʻlsak, yangi Oʻzbekistonning oliy ijtimoiy moʻljali — Konstitutsiyamizda aks ettirilgan mohiyatan ezgu hamda insonparvar mazmunini hayotga joriy qilishda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Bu ulugʻ harakat, avvalo, odamlarning yaratuvchanlik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish, inson kapitali imkoniyatidan samarali foydalanishga qaratilgan saʼy-harakatlarda namoyon boʻlyapti, desak, ayni haqiqat.

Zero, yurtimizda olib borilayotgan insonparvar siyosatning asosiy maqsadi ham aholi turmush darajasini yaxshilash va ularning farovon hayot kechirishlari uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoit hamda qulayliklarni yaratishdan iboratdir.

Oxirgi toʻrt yilda yangi Oʻzbekistonga mos boʻlgan tartibot, qadriyat va munosabatlarning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda. Binobarin, Konstitutsiyamizda belgilanganidek, yurtimizda tom maʼnodagi mohiyatan xalq hokimiyatining huquqiy asoslari shakllantirilmoqda. Shu maqsadda yangi hayotning mustahkam huquqiy poydevori boʻlgan qonunlar, Prezident Farmon hamda qarorlari qabul qilinmoqda.

Natijada tilimizga yangi iboralar, masalan, “xalq bilan muloqot”, “xalq qabulxonalari”, “elektron hukumat”, “virtual qabulxona”, “portal”, “tashabbuskorlik”, “arzon uylar”, «xalq dardu tashvishi», “halollik vaksinasi”, “davlat-xususiy sherikligi”, “yoʻl xaritasi”, “kafolatlangan xavfsizlik” kabi bir qator ezgulikka yoʻgʻrilgan tushunchalar kirib keldi. Muhimi, shu iboralar hayotimizga koʻchib, aholi turmush tarzini yaxshilash mezonida namoyon boʻlmoqda.

Shu oʻrinda tarixga chekinib gapiradigan boʻlsak, xalq hokimiyatini qaror toptirish asrlar davomida nafaqat oʻzbek xalqining, balki butun dunyoning orzusi boʻlib kelgan. Biroq jahonda demokratik tamoyillar ijobatining asosiy mezoni faqat saylovlar jarayonida xolislikka erishish boʻlib keldi. Saylovlar oʻtib boʻlgandan keyin to navbatdagi saylovgacha esa demokratiya emas, avtokratiya ustuvor boʻlib qolaverdi.

Oʻzbekistonda esa Prezidentlik saylovi oʻtib boʻlganidan soʻng xalq hokimiyatining mustahkam poydevorini qurish, demokratiyani oʻrnatish, hayotimizga halollik va toʻgʻrilik tamoyillarini joriy etish, jamiyatimizdan korrupsiyani ildizi bilan qoʻporib tashlash, qonunchilik, davlat hamda sud hokimiyatini xalq orzularini amalga oshirish, muammolarini yechishga safarbar etishga juda katta kuch bilan kirishildi. Bugun Vatanimizda oʻtayotgan har bir kun inson manfaatlarini taʼminlashga, fuqarolar haq-huquqlarini kafolatli himoyalashga, odamlarni rozi qilishga qaratilgan, qisqacha aytganda, ularni baxtli-saodatli qilishdan iborat boʻlgan yangi mazmun bilan yoʻgʻrilgan.

Ana shu yangi insonparvar siyosatdan mamlakatimizning barcha aholisi, xususan, jamiyatning ehtiyojmand, koʻmakka muhtoj qatlamlari vakillari ham birdek bahramand boʻlmoqda. Yaʼni ular uchun ham munosib turmush sharoiti yaratib berildi.

Masalan, ozodlikdan mahrum qilingan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sugʻurta toʻlab berish tartibi amaliyotga joriy etildi, bilib-bilmay jinoyatga qoʻl urgan, keyin esa qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlgan minglab mahkumlar afv qilindi, uzoq yillardan buyon biz bilan yonma-yon yashagan boʻlsa-da, fuqaroligi boʻlmagan minglab yurtdoshlarimizga Oʻzbekiston fuqarosi maqomi berildi.

Bu hali hammasi emas. Turli sabablarga koʻra xorijga ketib, oʻzga yurtlarda xor-zor boʻlib yurgan ayollar va bolalar urush olovi ichidagi Yaqin Sharq mamlakatlari va Afgʻonistondan “Mehr-1” hamda “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari orqali Vatanimizga qaytarib kelinib, ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topib olishi uchun barcha shart-sharoit yaratib berildi.

Bu ishlar davom ettirilmoqda.

Ushbu yangi ijtimoiy siyosat fuqarolarga mulkka ega boʻlish, munosib ish, oʻqish, dam olish va davolanish, saylash hamda saylanish huquqlarining roʻyobga chiqarilishida namoyon boʻlmoqda.

Xususan, soʻnggi toʻrt yil davomida yoshlar uchun oliy taʼlim olish imkoniyatlari kengaytirildi, viloyatlar markazlarida ilgʻor kardiologiya va ichki kasalliklarni davolash markazlari ish boshladi, mahalliy boshqaruv sohasi xodimlari, oʻqituvchilar, shifokorlar hamda boshqa kasb egalari oylik maoshlari miqdori uzluksiz ravishda oshirib borilmoqda.

Muhimi, xalqimizni rozi qilishga yoʻnaltirilgan islohotlar tobora yangi maʼno-mazmun kasb etmoqda.

Har kim mulkdor boʻlishga haqli

Har qanday kishi mulk egasi boʻlsa, mehnat unumdorligi bir necha marta oshadi. Mulkdorning kayfiyati, intilishi, ish yuritishi, oʻz faoliyatiga, umuman, hayotga munosabati boshqacha boʻladi. Mulk egasi oʻz ishini yaxshilashga, mulkini koʻpaytirishga harakat qiladi. Negaki, u jamiyatdagi oʻzgarishlarga bevosita daxldordir. Shu bois Konstitutsiyamizning 36-moddasida: Har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli. Bankka qoʻyilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi”, deb belgilab qoʻyilgan.

Umuman, mamlakatimizda har qanday xususiy mulkdorning qonuniy yoʻl bilan qoʻlga kiritgan mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilinmasligini taʼminlaydigan ishonchli huquqiy kafolatlar tizimi yaratilgan.

Mulk huquqi daxlsizligini taʼminlamasdan iqtisodiy rivojlanishga erishish mushkul. Bu Asosiy Qonunimizda ham alohida belgilangan boʻlib, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.

Bu meʼyor mamlakatimizning boshqa qonunlarida ham aks etgan. Xususan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunda olib qoʻyilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlashga zararning oʻrni bozor qiymati boʻyicha oldindan hamda toʻla qoplanmagunga qadar yoʻl qoʻyilmasligi nazarda tutilgan. Shuningdek, mulkdor xususiy mulk huquqi bekor qilinishiga olib keladigan qarorga rozi boʻlmagan taqdirda, bu qaror sud tomonidan nizo hal etilguniga qadar amalga oshirilishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilgan.

Har bir tadbirkor, avvalo, shuni aniq bilishi kerakki, davlat xususiy mulkdor huquqlarining himoyachisidir. Shuning uchun ham tadbirkorlarimiz oʻz biznesiga bexavotir investitsiya kiritmoqda, ishlab chiqarish faoliyatini yana-da kengaytirib, mahsulot hajmi hamda olayotgan daromadini koʻpaytirmoqda. Bundan nafaqat uning oʻzi, balki butun jamiyatimiz manfaat koʻrayotir. Shuning uchun ham oxirgi yillarda, xususan, hozirgi pandemiya sharoitida yurtimizda tadbirkorlik subyektlari huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, xususiy mulkning qonuniy hamda amaliy jihatdan ustuvor rolini taʼminlash, iqtisodiyotda davlat ulushini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar roʻyobga chiqarilyapti.

Bu borada qabul qilingan qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat idoralarining tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvini bartaraf etish yoʻlida qatʼiy tartib oʻrnatildi.

Ahamiyatlisi, davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari bilan oʻzaro munosabatlarda tadbirkorlik faoliyati subyekti huquqlarining ustuvorligi tamoyili amal qilmoqda. Qonun hujjatlarida ushbu faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyat hamda noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati subyekti foydasiga hal etilayotgani esa yana-da eʼtiborlidir. Tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik bugun davlat siyosatiga toʻsqinlik qilish sifatida qaralmoqda.

Oʻz navbatida, yana bir muhim hujjat — “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun xususiy mulk huquqiga gʻayriqonuniy tajovuzlarni, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklashda muhim ahamiyat kasb etayotganligini ham aytish zarur. Shuningdek, boshqa qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga qaratilgan qator oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritildi.

Shu saʼy-harakatlarimiz natijasida aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagi oshib, yildan-yilga tadbirkorlik subyektlarining soni koʻpayib borayotgani Konstitutsiyamizning eng katta yutuqlaridan yana biri, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Pandemiya sharoitida aholi ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanmoqda

Hozirgi pandemiya sharoitida aholining ijtimoiy zaif qatlamini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga butun dunyoda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham dolzarb masala sifatida qarab kelinmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan qator Farmon va qarorlar qabul qilindi, qonunlarga tegishli oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritildi.

Umuman, hozirgi murakkab vaziyatda, davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi samarali sheriklik namoyon boʻldi, yaʼni Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat tashkilotlari birlashib, inqirozni yengib oʻtishga astoydil harakat qilinmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga koʻmak berish maqsadida ularning roʻyxati, yaʼni “temir daftar” shakllantirildi.

Biroq mahalla raislari ayrim sabablarga koʻra, muayyan yordam oluvchilarni eʼtiborsiz qoldirgan, odamlar davlat koʻmagisiz qolgan holatlar boʻlganini ham aytish zarur. Tabiiyki, bunday holatlar zudlik bilan bartaraf etilyapti. Shu maqsadda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, jumladan, deputat hamda senatorlar joylarga borib, odamlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning muammolarini oʻrganmoqda, shu kabi nuqsonlarni joylarning oʻzida hal etish choralarini koʻrmoqda.

Xususan, pandemiya davrida yordamga muhtoj aholi qatlamini himoya qilish uchun jarayonning shaffofligini taʼminlash maqsadida Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqildi. Yaʼni himoyaga olish onlayn tizim orqali amalga oshirilyapti.

Shuningdek, pandemiya davrida aholini moddiy, nomoddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida joylarda ishchi guruhlar tashkil etildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari bilan ijtimoiy himoyaga ehtiyoji boʻlgan qatlamning dastlabki roʻyxati shakllantirildi. Mazkur roʻyxatni onlayn tarzda yuritish, monitoring qilish maqsadida avtomatlashtirilgan «Saxovat.Argos.Uz» elektron dasturi ishga tushirilganligini ham aytish oʻrinlidir. Endilikda yordamga muhtoj aholi qatlamining roʻyxatini mazkur dasturga kiritish, daromad manbaini aniqlash, mehnatga layoqatli qismining bandligini taʼminlash, ular doimiy daromadga ega boʻlgandan soʻng, “temir daftar”dan chiqarish ishlari bevosita onlayn tarzda amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda xalqaro tajriba asosida kambagʻallikni qisqartirish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ham gapiradigan boʻlsak, birinchi boʻlib pandemiya davrida vaqtinchalik faoliyatini toʻxtatgan korxonalar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyishi uchun davlat tomonidan koʻplab yengilliklar berilganligini aytish joiz.

Ikkinchi boʻlib inson kapitali rivojlantirildi. Aholiga imtiyozli kreditlar, toʻgʻridan-toʻgʻri moliyaviy koʻmak berilishi bunga bir misol. Hozirgi kunda ishsiz fuqarolar turli kasb-hunarlarga oʻqitilmoqda, buning uchun monomarkazlar tashkil qilindi. Yuqori malaka, oliy maʼlumot talab etilmaydigan darajadagi ishlarga aholi koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida joylarda oʻquv kurslari ochildi. Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida esa aholi tadbirkorlikka oʻqitilmoqda.

Shuningdek, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarga toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy va nomoddiy yordam berilmoqda. Masalan, bogʻcha toʻlovlaridan ozod etish, maktabda oʻqiyotgan bolalarni mavsumiy kiyim-bosh bilan taʼminlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezident qarori asosida, Qurbon hayiti bayramida 182 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarga qariyb 154 milliard soʻmlik moddiy yordam berildiki, shuning oʻziyoq pandemiya sharoitida aholini qoʻllab-quvvatlashga yurtimizda qanchalik eʼtibor qaratilayotganini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Eʼtiborlisi, hozirgi sharoitda aholini qoʻllab-quvvatlash, turmush farovonligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlarimiz, bir zumga boʻlsin, toʻxtab qolgani yoʻq, aksincha tobora keng qamrov hosil qilib bormoqda.

Umuman, bugun erishayotgan yutuqlarimiz, davlatimizning xalqaro maydonda tashlayotgan har bir qadami, ichki siyosatdagi tub oʻzgarishlar, tinch va osuda hayotimiz, mamlakatimiz rivoji hamda xalqimiz farovonligini oʻylab qabul qilinayotgan Farmon, qaror va qonunlarga Bosh qomusimiz — Konstitutsiyamizda belgilab berilgan insonparvarlik tamoyillari huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Tanzila NORBOYEVA, 
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Senatining Raisi

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?