Bosh prokuror: «Bugungi siyosiy tadbirning tinch va osoyishta oʻtkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi qatʼiy nazoratga olingan»

16:21 24 Oktyabr 2021 Jamiyat
706 0

Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda fuqarolarning ustuvor sanalgan saylash hamda saylanish boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash sohasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilgani taʼkidlandi.

«Albatta, barcha sohalar va jarayonlarda boʻlgani kabi saylov kampaniyasi davrida ham qonun ustuvorligini taʼminlash, tegishli qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, saylov kampaniyasining ilk kunlaridanoq, mazkur nazoratni taʼminlash vakolatiga ega boʻlgan prokuratura organlari tomonidan fuqarolarning
saylash va saylanish huquqlariga qatʼiy rioya etilishiga, bu jarayonda qonuniylikni taʼminlashga qaratilgan barcha choralar koʻrilmoqda.

Bu boradagi ishlarni toʻgʻri va samarali amalga oshirish uchun Bosh prokuraturada salohiyatli xodimlardan iborat shtab tashkil etdik. Shuni alohida qayd etish kerakki, muhim siyosiy tadbir oʻtkazilishi jarayonida qonuniylikni taʼminlash, murojaatlar va xabarlarni tezkor, xolis va qonuniy hal etish uchun aynan saylov boʻyicha malakali xodimlar korpusini ham shakllantirdik.

Jumladan, Bosh prokuraturadan 13 nafar, hududiy prokuraturalardan 248 nafar xodim bilan saylov qonunchiligi boʻyicha alohida oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilib, ularning malakalari oshirildi. Bu xodimlarimiz prokuratura organlarining barcha boʻgʻinlarida tashkil etilgan 24 soatlik uzluksiz navbatchilikda xizmat qilmoqda, saylov jarayonida qonuniylikni taʼminlash ishlariga toʻliq jalb etilgan. Umuman olganda, bugungi siyosiy tadbirning tinch va
osoyishta oʻtkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi qatʼiy nazoratga olingan.

Anjumanda qayd etilishicha, bugun soat 15:00 ga qadar prokuratura organlariga saylov jarayonida qonun buzilishi holati roʻy bergani haqida xabar va murojaat kelib tushmadi.

Rahim SHERQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?