Bosh prokuraturada ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi

20:51 01 Dekabr 2021 Jamiyat
354 0

Prokuratura organlari faoliyatining asosiy prinsiplaridan biri oshkoralikdir. Shu bois, prokuratura xodimlari tomonidan yurtimiz boʻylab barcha hududlar, tuman va shaharlarda, aholining turli qatlamlari bilan, shu jumladan yosh avlod vakillari bilan muntazam uchrashuvlar oʻtkazib kelinmoqda.

Xususan, bugun Bosh prokuraturada ochiq eshiklar kuni oʻtkazildi.

Tadbirda Toshkent davlat yuridik instituti hamda yuridik texnikumlar talabalari, Toshkentdagi Prezident maktabi oʻquvchilari, yuridik oliygohning magistratura bosqichi bitiruvchilarining ota-onalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab tadbir ishtirokchilari Bosh prokuraturaning murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi faoliyati bilan tanishtirilib, ularga jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish, murojaatlar bilan ishlashning oʻziga xos xususiyatlari haqida tushuntirish berildi.

Soʻngra, prokuratura tarixi va faoliyatiga oid ochiq dars oʻtkazilib, Akademiya faoliyatiga oid rolik va taqdimot namoyish etildi.

Tadbir dasturining navbatdagi qismi Bosh prokuratura Akademiyasida davom ettirilib, unda ishtirokchilar multimedia studiyasi, kriminalistika kabineti, elektron tir, mobil kriminalistika laboratoriyasi imkoniyatlari hamda magistraturada oʻquv jarayoni bilan tanishtirildi.

Soʻngra, kriminalistika poligonida ishtirokchilar uchun qiziqarli kvest va psixologik testlar tashkil qilindi.

Shuningdek, pora bilan qoʻlga olish, sud va Majburiy ijro byurosi davlat ijrochilari tomonidan mol-mulklarni xatlash jarayonlari imitatsiyasi oʻtkazilib, bu ishtirokchi yoshlarda juda katta qiziqish uygʻotdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari Baxriddin Valiyev bilan uchrashuvi tashkil qilindi.

Bosh prokurorning birinchi oʻrinbosari oʻz soʻzida yoshlarga ularni tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan ota-onasi, ustozlari ishonchini oqlashga, buyuk Vatanimizga munosib farzand boʻlishga, yurtimiz rivojiga hissa qoʻshishga, oʻqib-izlanib, teran fikrlashga, ertangi kunimiz ravnaqi uchun mustahkam poydevor boʻlishga chaqirdi.

Uchrashuv yakunida qatnashchilarga kitob va boshqa esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?