Bosh prokuratura xodimining oʻlimi bilan bogʻliq sud ishi qayta koʻrib chiqiladi

19:24 06 Dekabr 2021 Jamiyat
531 0

Marhum Samir Rahmonov / Foto: Kun.uz

Fuqarolik ishlari boʻyicha Mirobod tumanlararo sudining 2021-yil 17-sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvogar A. Raxmanovning javobgar Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli hamda maʼnaviy zararni undirish toʻgʻrisidagi daʼvo va qoʻshimcha daʼvo arizalari rad qilingandi.

Daʼvogar mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlib, sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ushbu apellyatsiya shikoyati 2021-yil 12-noyabr kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼatida koʻrish boshlangan. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ishni koʻrish jarayonida IIV Tibbiyot boshqarmasi, Bosh prokuraturadan olti nafar xodim va oʻsha kuni boʻlimda ish oʻrganishda boʻlgan Harbiy prokuratura apparati xodimi, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi TXKMRMKTK, Shayxontohur tuman prokuraturasi, Mirobod tumani prokuraturasi, RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya boʻlimi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasidan, Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi, Davlat mehnat huquq inspeksiyasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mirobod tumani Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi vakillarning koʻrsatmalari eshitilib, yozma maʼlumotlar va tegishli hujjatlar olindi.

Ishni koʻrishda marhum S. Raxmonovning xotini N. Raxmonova ishga jalb qilinmagani, uning huquq va majburiyatlari tushuntirilmaganini, birinchi instansiya sudida koʻrilishi mobaynida daʼvogar A. Raxmonovda uning manfaatlarida sudga murojaat qilish va ishtirok etish huquqini beruvchi ishonchnoma boʻlmaganini, qolaversa, A. Raxmonovning oʻzi boquvchisini yoʻqotganlik uchun nafaqa olish huquqiga ega shaxslar doirasiga kirmasligi sababli, 2021-yil 6-dekabr kuni sudlov hayʼatining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborildi.

Bundan tashqari, ishni koʻrish chogʻida qonunchilik buzilganligi, ishni puxta oʻrganmaganligi sababli 2021-yil 6-dekabr kuni sudlov hayʼatining ajrimi bilan RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya boʻlimi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasining boshligʻi hamda Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasining boshligʻiga nisbatan xususiy ajrimlar chiqarildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?