Bosh prokuratura hayʼatining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

07:18 04 Dekabr 2022 Siyosat
1139 0

Bosh prokuror rahbarligida prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi xodimlari ishtirokida Bosh prokuratura hayʼatining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Videoselektor tarzida oʻtkazilgan hayʼat majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2022-yilning oʻtgan davridagi faoliyati natijalari tanqidiy muhokama qilindi.

Hayʼat majlisida Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev maʼruza qilib, joriy yilda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan xato - kamchiliklarga birma - bir toʻxtalib oʻtdi.

Qayd etilganidek, prokuratura organlarining bugungi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarni, jumladan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini amalda roʻyobga chiqarish, bu borada belgilangan vazifalar ijrosini soʻzsiz taʼminlash, tinchlik va osoyishtalikni saqlash, umuman, barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan.

Shu maqsadda, joriy yilning oʻtgan davrida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan 116 mingga yaqin nazorat hujjatlari qoʻllanilib, 217 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 1,5 trln. soʻmlik zararning undirilishi taʼminlangan.

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini taʼminlash, muhtoj oilalarni, yoshlar va xotin - qizlarni har tomonlama qoʻllab - quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bevosita prokurorlar saʼy - harakati bilan qisqa muddatda 161 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama koʻmak berilgan, qariyb 175 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan.

Shu bilan birga, mavjud muammolarni bartaraf qilish borasida ayrim hududlarda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid qilinib, tadbirlarni yanada jonlantirish, ayniqsa, “Mahallabay” ishlarni samarali tashkil etish, tegishli daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan manzilli ishlash boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosiga eʼtiborni yanada kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab - quvvatlash, qulay biznes muhitini yaratish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi.

Xususan, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yoʻnalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 7 ming nafardan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 25 ming nafardan ortigʻiga muammolarini bartaraf etishda koʻmaklashilgan.

Hayʼat yigʻilishida qurilish sohasida qonuniylikni taʼminlash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga oid investitsiya dasturlari, shu jumladan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi ahvoli alohida oʻrin egalladi.

Jumladan, Bosh prokuraturada tashkil qilingan alohida Shtab va ishchi guruhlar tomonidan dasturlar ijrosi qatʼiy nazoratga olingan, qonun buzilishlarni, ayniqsa, ajratilgan mablagʻlardan oqilona va samarali foydalanish, talon - torojliklarning oldini olish boʻyicha boshqa idoralar bilan hamkorlikda tizimli tadbirlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, sohada nazoratni yanada kuchaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yildagi 11-noyabrdagi “Qurilish loyihalarini amalga oshirishda nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jarayonning ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ - 425 - sonli Qarori ijrosini soʻzsiz taʼminlash lozimligi xodimlarga uqtirildi.

Yigʻilishda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib, bu borada oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida oʻzboshimchalik bilan egallanganligi aniqlangan 3 336 gektar yer maydonlari zaxirasiga qaytarilishi taʼminlanganligi, shuningdek, 35 161 gektar yer maydonlarini talon - toroj qilish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan 987 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligiga urgʻu berildi.

Ushbu masalada prokuratura organlari zimmasiga katta masʼuliyat va javobgarlik yuklatilganligi masʼullarga yana bir bor uqtirilib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishga oid vazifalar ijrosi, ayniqsa oziq - ovqat xavfsizligini taʼminlash ishlariga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Yangi yil bayrami kunlarida aholini sifatli va arzon oziq - ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, bu borada dehqon bozorlari va ijtimoiy soha obyektlarida savdo yarmarkalarini tashkil etishga doir vazifalar ijrosini taʼminlash lozimligi qayd etildi.

Bosh prokuror oʻta dolzarb boʻlgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish borasidagi muammolar va yoʻl qoʻyilayotgan xato - kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchining omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqarrarligini taʼminlashning barcha choralarini koʻrish zarurligi qatʼiy taʼkidlandi.

Sudlarda fuqarolik, jinoiy, maʼmuriy va iqtisodiy ishlar koʻrilishida prokuror vakolatini taʼminlash masalalari ham hayʼat eʼtiboridan chetda qolmadi.

Sudda prokuror vakolatini samarali taʼminlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan oʻz muddatida munosabat bildirib borish boʻyicha tegishli vazifalar belgilab berildi.

Soʻz yuritilganidek, xalq bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarning qiynayotgan muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilib, hisobot davrida 220 mingdan ortiq murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va 40 ming nafardan ortiq shaxsning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.

Murojaatlar bilan ishlash, faoliyatga oshkoralik berish, qonun ijodkorligi, prokuratura ishiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilishga oid koʻrilayotgan chora - tadbirlarni yanada jadallashtirish lozimligi qayd etildi.

Prokuratura organlari tomonidan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirib kelinayotganligiga toʻxtalib oʻtildi.

Shu oʻrinda, Prezidentimizning joriy yil 28-noyabrdagi Farmonlari bilan, barcha surishtiruv va tergov idoralarning jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi kadrlari tashkil qilingan Huquqni muhofaza qilish Akademiyasida tayyorlanishi hamda malakasini oshirishi alohida eʼtirof etilib, masʼullarga Farmon ijrosini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar belgilab berildi.

Yigʻilishda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosi faoliyati haqida ham soʻz yuritildi.

Jumladan, Departament va Byuro faoliyati samaradorligini oshirish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.

Umuman, hayʼat yigʻilishida asosiy eʼtibor prokuratura organlarining joriy yildagi faoliyatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, xato va nuqsonlar, ularni bartaraf etish choralari hamda galdagi dolzarb vazifalarga qaratildi.

Hayʼat majlisida masʼullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ijro muddatlari aniq koʻrsatilgan topshiriqlar berildi.

Barcha xodimlar xotirjamlikka berilmasdan, yuklatilgan vazifalarni toʻlaqonli va soʻzsiz ijro etishlari, tashabbuskor va fidoyi boʻlishlari shartligi qatʼiy belgilandi.

Hayʼatda koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?