Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalarida natijadorlik nega past?

18:53 25 Sentyabr 2023 Jamiyat
401 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yoshlar aholining gʻayrat-shijoatli qatlami. Ulardagi salohiyat va shijoatni ezgulikka yoʻnaltirish esa har doim jamiyatda barqarorlikni taʼminlashga xizmat qilishiga shak-shubha yoʻq.

Aksincha, yoshlari ijtimoiy jarayonlardan chetda qolgan jamiyatni esa muammolardan xoli tutish mushkul. Ayniqsa, bandligi taʼminlanmagan va qiziqishlari eʼtibordan chetda qolganlarning aksariyati ish axtarib chetga chiqib ketsa, bir qismi sarsongarchiliklardan soʻng ortga qaytishadi.

Sir emas, ular yaqin-yaqinlargacha noshukurchilikda ayblanib, ota-onasi, qarindosh urugʻlar oldiga ortga qaytarish talabi qoʻyilardi. Afsuski, ushbu jonkuyarlikdan maqsad mahalla yoki hudud statistikasidagi “koʻrsatkich”ni yaxshilashdangina iborat edi. Xorijdan qaytgan hamyurtimiz tavsiya etilgan ishdan oʻz orzu-havasi va ijtimoiy tashvishlariga yechim topishiga koʻzi yetmay yana chetga chiqib ketaverardi.

— Har bir kishi eng avvalo, oilalik boʻlsa roʻzgʻori butligi uchun ish topib, mehnat qiladi, — deydi mehnat faxriysi Najmiddin Xoʻjamov. — Tabiiyki, oʻz zahmatiga yarasha ish haqi, ijtimoiy muhofaza va mehnat sharoiti yaratilishini istaydi. Uning mazkur manfaatlari qanoatlantirilmas ekan, u ish izlayveradi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Norasmiy manbalarga koʻra, ishga kirayotganlarning aksariyati tanish-bilish orqali oʻziga ish topishar ekan. Qolganlari esa turli idoralarga tinimsiz murojaatlari, yana bir qismi esa bitiruvchilar bilan tuziladigan shartnomalar asosida ishga joylashishadi.

Yaqinda viloyatning Navbahor tumani hokimi oʻz intervyusida oʻtgan yili hududda 35 mingga yaqin yangi ish oʻrni yaratilganligini ochiqladi. Viloyat mehnat bozoriga har yili 12 mingga yaqin yangi ishchi kuchi kirib kelishini inobatga olsak, bu uch yillik bitiruvchilarga yetib ortadigan ish oʻrni demakdir.

Shu oʻrinda yana bir statistikaga eʼtibor qarataylik. Oʻtgan hafta Navoiy shahri markazidagi ”Alisher Navoiy” madaniyat va istirohat bogʻida ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash maqsadida “Boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasi” oʻtkazildi. Yarmarkada 1168 nafar ishsiz fuqaro, (jumladan 409 nafar yoshlar) ishtirok etishib, viloyatning barcha hududlaridan jami 352 korxona va tashkilot oʻzlaridagi mavjud 2299 ta boʻsh ish oʻrinlarini ularga taklif etishdi. Biroq yarmarka yakuni bilan 345 fuqaroning doimiy ish bilan taʼminlanib,(ularning 153 nafari yoshlar) 17 nafar fuqaro haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilganligi, shuningdek, 74 nafar kasbga ega boʻlmagan fuqarolar kasb-hunarga oʻqitishga yoʻnaltirilib, 36 nafar fuqaroga huquqiy maslahatlar berilganligi hamda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftarida” roʻyxatda turuvchi 15 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi topshirilganligi ish beruvchi va ish axtaruvchilarni qanoatlantiradimi, degan haqli savol tugʻiladi.

Toʻgʻri natija bor, lekin raqamlarni chogʻishtiradigan boʻlsak, ish izlab kelganlarning har uchtadan ikki nafari ortga noumid qaytganligi bu tizimda qaysidir mexanizm risoladagidek ishlamayotganligini oshkor etmayaptimi? Yoki bir kam 2300 ish oʻrni bilan yarmarkaga kelgan korxona va tashkilotlarni olaylik. Ular yana 1900 tadan ortiq vakant oʻrinlar bilan qolishdi. Bu boʻsh ish oʻrinlari qachon va qanday toʻldiriladi, ish samaradorligiga taʼsiri qanday?

Nafsilamrini aytganda, bu kabi boʻsh ish oʻrni yarmarkalarining qaysi hududda oʻtkazilayotganligining ahamiyati yoʻq. Sababi mehnat bozorida ish axtaruvchi va ish beruvchini uchrashtirib qoʻyish niyatidagi bu kabi tadbirlarning deyarli barchasida natija bir xil boʻladi. Yaʼni, ushbu yarmarkalarga boʻsh ish oʻrinlari bilan kelgan korxona hamda tashkilotlarning kadrlar boʻyicha mutasaddisi hech boʻlmaganda oʻsha kuni ishga qabul qilish vakolatiga ega emas va masʼuliyatni zimmasiga ololmaydi. Tabiiyki, bu mehnat yarmarkalari natijadorligiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi.

Mehnat yarmarkalari samaradorligining pastligini koʻpchilik ish beruvchining alohida malaka va tajribaga ega mutaxassislarga ehtiyoji hamda ish axtaruvchilarning aksariyatida uning yoʻqligi bilan izohlashadi. Shu oʻrinda yarmarka natijasida aks etgan yana bir maʼlumotga eʼtibor qaratamiz. Unga koʻra 74 nafar ishsiz fuqaro, yaʼni ishtirokchilarning 7 foizga yaqini kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashga yuborilibdi. Bunday surʼat bilan yarmarkada taqdim etilgan 1950 boʻsh ish oʻrinlarini toʻldirish uchun necha yil kerak boʻladi, degan haqli savol tugʻiladi?

Mamlakatimiz rahbari Yoshlar bandligini taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratar ekan, 2017-yildayoq ularning qurultoyida har yili kollej bitiruvchilarining 91,8 foizi ish bilan taʼminlansa, ishsiz yoshlar qayerdan paydo boʻlmoqda, degan haqli savolni qoʻygan edi. Shuningdek, mazkur masala dolzarbligidan kelib chiqib, qator vazirlik va idoralar, hokimliklar oldiga yoshlarni ish bilan taʼminlash uchun avvalo kreativ yondashuvlarni namoyish etishlari lozimligini taʼkidlab, har bir fuqaro bilan alohida ishlash vazifalarini belgilagan edi.

Zero, har bir ishsiz fuqaro bilan individual ishlash, yuzma-yuz muloqot orqali kayfiyati, istak va muammolarini oʻrganish, zarur boʻlsa, qonuniy asosda chetga chiqib ishlab kelishiga koʻmaklashish aholi, ayniqsa yoshlar bandligini taʼminlashning asosiy omilidir.

Shu bois har bir band boʻlmagan fuqaro bilan alohida shugʻullanish, har bir boʻsh ish oʻrni boʻyicha buyurtma asosida ishlash fursati allaqachon yetdi. Shunda “mehnatdan kelsa boylik, turmush boʻlar chiroylik” maqolani aytsak yarashadi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?