Borliq soʻzlar gulgun hikoya

15:03 07 Aprel 2020 Jamiyat
2348 0

Badia 

Bahor – bahor-da!

Qir-adirga tutashib ketgan bogʻning fayzi oʻzgacha. Gilos daraxtlari qiygʻos gullagan. Osmon tiniq, musaffo. Oftob gulu navdalar orasidan moʻl-koʻl nur sochadi. Borliqda ajib ifor kezib yuribdi. Guldan gulga qoʻnib-uchayotgan asalarilar gʻuvuri borliqni tutgan. Yoʻq. Bu gʻuvur ham, odatiy tovush ham emas. Goʻyo dilning qat-qatlariga quyilib, allalaydi, sel qiladi. Ajib oʻylar, tuygʻular koʻklam yellaridek, dengiz toʻlqinlaridek toshadi, koʻpiradi. Asalarilardek koʻklarga uchgisi, borliqni quchgisi keladi kishining.

Boqqa boqqan nigohlar bu goʻzallik olamiga shoʻngʻib, ilohiy tuygʻular bilan sarmast. Xayol qushlari olis-olislarga parvoz qiladi. Huv anavi gulini allaqachon toʻkib, dovuchcha tukkan shoxlari goʻyoki koʻk bilan tutashishga intilgan qantakni shu yerlik bogʻbon Nomoz ota ekkan edi. Oʻrik yonidagi qirmizak olmalar esa uning bir yostiqqa bosh qoʻygan ayolidan yodgor. Tut pishigʻidan keyinoq qip-qizil boʻlib yetiladigan bu mevani qishloq bolalari juda-juda xush koʻrishadi.

Chaman gullagan giloszorga boqib, tinim bilmay bol toʻplayotgan asalarilar harakatini kuzatib, hayot haqida, uning davomiyligi haqida oʻylaymiz. Xayolimizga Muqaddas kitob – Qurʼoni karimning “Nahl” (Asalari) surasidagi quyidagi oyat keladi:

“Robbing asalariga: “Togʻlardan, daraxtlardan va koʻtarilgan soʻritoklardan uy tutgin. Soʻngra hamma mevalardan yegin. Bas, Robbing oson qilib qoʻygan yoʻllardan yurgin”, deb vahiy qildi. Ularning qorinlaridan turli rangdagi sharob chiqar. Unda odamlar uchun shifo bordir. Albatta, bunda tafakkur qiluvchilar uchun oyat – belgi bordir”.

Darhaqiqat, asalarilar hayot tarzi, uy qurishi, gullar nektarini soʻrib, bol yigʻishi va bu neʼmat odamlar uchun shifo boʻlishi – buyuk moʻjiza! Ayni paytda yuqoridagi oyatda aytilganidek, insonga, tafakkur ahliga ibrat boʻlgulik koʻpgina belgilar ham mujassam.

Buni bilish uchun jonivorlar hatti-harakatini kuzatishning oʻzi kifoya: bu jonzotlar ham xuddi odamlar kabi oila-oila boʻlib yashaydilar. Oilaning har aʼzosi – har bir asalarining oʻz yumushi, vazifasi bor. Ona ari tuxum qoʻyib, nasl beradi, shuningdek, erkagi bilan oilaga rahbarlik qiladi. Farzandlari – yosh arilarni tarbiyalaydi. Ishchi arilar, taʼbir joiz boʻlsa, ona arining qoʻlli-oyoqli, chaqqonu chapdast, mehnatkash qizlari, kelinchaklari. Har bir asalari oilasida 30-40 mingtagacha ishchi arilar boʻladi. Ular ertalab oftob koʻtarilishi bilan shira-nektar yigʻish uchun bogʻlarga, togʻlarga, gulzor-chamanzorlarga yoʻl olishadi. Tinimsiz uchib-qoʻnib nektar, gulchangi va suv yigʻishadi.

Maʼlumotlarga koʻra, bitta ishchi ari bir kilogramm asal toʻplash uchun bir million gulga qoʻnar ekan. Ishchi arilarning vazifasi bu bilangina tugamaydi. Ular shuncha ishdan ortib, yosh avlodni tarbiyalashda onalariga yordam beradi, mumdan kataklar yasaydi, uyani qoʻriqlaydi. Ishchi arining gulzorlardan “qoʻni-qoʻnji” toʻlib kelishi bu hali asal tayyor boʻldi, degani emas. Ular uyalariga kelib, ogʻzilaridagi olib kelgan nektarlarini hali uchmaydigan yosh asalarilar hartumiga beradi. Nektarni qabul qilib olgan ari uni jigʻildoniga shimadi, bir necha bor ogʻzidan chiqarib, yana shimib, pishitadi. Keyin katakchalarga joylaydi. Bu yerda ortiqcha suv bugʻlanib, parchalanishi natijasida asal paydo boʻladi. Keyin hamma arilar bir boʻlib ota-onasi boshchiligida katakchalarni mum qoplamachalar bilan shuvab chiqishadi. Bu ishlarda oʻzaro hurmat, hamjihatlik, qatʼiyat, tartib-intizom asosiy mezon hisoblanadi...

Bugungi kunimizga nazar tashlasak, tashqaridan hayot sokin tuyulsa-da, hayotimiz xuddi asalari inidek gʻuvullab, qizgʻin davom etmoqda. Butun dunyoni oʻz zabtiga olgan koronavirus pandemiyasi yurtimizni ham chetlab oʻtmasdan xalqimizni goʻyo bolarilar singari yana-da jipslashishga, ahil-inoq boʻlishga undamoqda. Zero, koʻzga koʻrinmas bu ofatni xalq faqatgina bir butun boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib, bahamjihat yengishi mumkin.

Bu boradagi ilk yutuqlar qoʻlga kiritilmoqda ham. Bugungi kunga kelib, koronavirusni yuqtirib olgan bemorlarning 30 nafari sogʻaygani har birimizning qalbimizga yorugʻlik, umid va ishonch olib kirdi.

Shubhasiz, mazkur yuqumli kasallikka qarshi kurashish, uning mamlakatimizda keng tarqalishining oldini olish, iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini yumshatishda Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, shu yil yakuniga qadar un, oʻsimlik yogʻi, goʻsht va sut mahsulotlari, shakar, gigiyena vositalari kabi asosiy isteʼmol tovarlarini import qilishda bojxona boji va aksiz soligʻi undirilmaydi. Turistik va mehmonxona faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan ozod etildi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushirildi. Ushbu imtiyozdan sohada xizmat koʻrsatayotgan mingdan ortiq subyektlar foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Karantin davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatildi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta koʻmak boʻladi.

Prezidentimiz Farmonida aholini, ayniqsa, uning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham qator choralar belgilangan. Jumladan, joriy yil mart-iyun oylarida muddati tugaydigan bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishlash nafaqasi va moddiy yordamlarni toʻlash uchun qoʻshimcha murojaat va hujjatlar talab etilmaydi. Ular avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi. Ushbu davrda boshqa muhtoj oilalarga ham shunday nafaqalar tayinlash davom ettiriladi.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari davolash va boshqa muassasalarni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun zarur boʻladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlari bilan taʼminlash, xavf-xatar ostida boʻlgan yoki virus yuqtirganlar bilan muloqotda boʻlgan shaxslarni karantinda saqlash xarajatlarini qoplash, kasallik tarqalishiga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va boshqa xayrli maqsadlarga sarflanmoqda.

Katta tezkorlik bilan yuqumli kasalliklarni aniqlash, profilaktika qilish hamda davolash muassasalarining bunyod etilayotgani hatto xorijliklarning ham hayrat va havasini uygʻotmoqda. Jahondagi yetakchi ilmiy markazlar mutaxassislari, xalqaro siyosatchi va ekspertlar Oʻzbekiston rahbariyatining dunyoning aksariyat davlatlari duch kelayotgan koronavirus bilan bogʻliq muammolarga tezkor yechim topish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlariga yuqori baho bermoqda.

– Mamlakatingizda koronavirusga qarshi jiddiy va qatʼiy choralar koʻrilayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz, – deydi Isroil davlatining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Eddi Shapira. – Shunisi eʼtiborga loyiqki, mamlakat rahbariyati vaziyatni boshidanoq nazoratga oldi. Aholini ushbu yuqumli kasallikdan maksimal darajada himoyalash maqsadida karantin talablari izchil kuchaytirib borilmoqda. Nazarimda, ular juda samarali. Eng muhimi, xalqingiz mana shu ofatga qarshi jipslashyapti. Odamlar bir-biriga koʻmak beryapti. Fuqarolar oʻrnatilgan tartiblarga rioya etishga harakat qilmoqda. Bu xavfli infeksiya keng tarqalishining oldini olishda muhimdir.

Tokiodagi Juntendo tibbiyot universitetining faxriy professori Momoko Chibaning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston koronavirus talafotlarini boshidan oʻtkazgan mamlakatlar tajribasini oʻz vaqtida va samarali oʻrganishga muvaffaq boʻldi. Taʼlim muassasalarining vaqtincha yopilishi, oʻz-oʻzini izolyatsiya qilish va karantin qoidalarining amalga kiritilishi, ayni paytda ishlab chiqaruvchilar hamda tadbirkorlarga turli imtiyozlarning joriy etilishi, aholining ehtiyojmand qatlami ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishi mazkur infeksiya bilan samarali kurashishda juda qoʻl kelyapti...

Aslida, xalqning farovon hayotini taʼminlash, yurtdoshlarimizning ezgu orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish, mamlakatimizni jahonning rivojlangan davlatlari safiga olib chiqish – Oʻzbekistonning yangi qiyofasini shakllantirish Prezidentimizning saylovoldi dasturlaridayoq belgilab olingan edi. Oʻtgan davrda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni yana-da taraqqiy ettirish hamda liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish borasida zalvari asrlarga tatigulik ishlar qilindi.

Prezidentimizning 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi yangi oʻn yillikka qadam qoʻyayotgan Oʻzbekistonni ravnaq toptirish, xalqimizning nurli kelajagi, baxtli va farovon hayotining dasturilamaliga aylandi.

Davlatimiz rahbarining ushbu muhim maʼruzasida “Biz yangi Oʻzbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulugʻvor maqsadni oʻz oldimizga qoʻyganmiz. Bu borada “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi gʻoya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib bormoqda”, degan soʻzlari bugungi hayotimizda yaqqol tasdigʻini topayotgani koʻrib, har birimizning dilimiz yana-da ravshan tortmoqda.

Ne-ne mashaqqatlarni hamjihatlikda yengib oʻtgan xalqimiz bugungi murakkab vaziyatni toʻgʻri tushunib, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Shifokorlar oʻz hayotini xavfga qoʻyib, bu koʻrinmas yovga qarshi kurashda jasorat va matonatini, oʻz kasbiga sadoqatini, vatanparvarligini namoyon etayotir.

Karantin davrida ichki ishlar xodimlari, milliy gvardiya jamoat tartibini saqlash, oʻrnatilgan tartib-qoidalariga barchaning birdek rioya etishini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatyapti.

Hayot – oqar daryo, deydilar. Mana shunday murakkab bir davrda yosh avlod taʼlim-tarbiyasi ham eʼtibordan chetda qolmayotgani ham xursand qiladi kishini. Karantin sabab taʼlim muassasalari vaqtincha faoliyatini toʻxtatganiga qaramay, ertamiz egalari uchun telekanallar orqali onlayn darslar tashkil etilyapti. Prezidentimizning yoshlar kamolotiga qaratilgan besh muhim tashabbusi samarasi oʻlaroq farzandlarimiz bugun bilimlar manbai – kitobga yana-da yaqinroq boʻldi. Vaqtdan unumli foydalangan oʻgʻil-qizlar mutolaa zavqidan bahramand.

Bugun bobo-buvi, ota-ona, farzandu nabiralar, chevaralar – butun oila bir dasturxon atrofida jam. Yigitlar kattalarning maslahati bilan roʻzgʻor yuritish, uy yumishlarini bajarish borasida bilim va tajribalarini boyitayotgan boʻlsa, qizlar onayu buvilari bilan sirlashib, ularga uy ishlarida qarashib, katta hayotga tayyorlanmoqda. Bularning barchasi oilalardagi muhit barqarorligiga, oʻzaro mehr-muhabbat rishtalarining mustahkamligiga xizmat qilyapti. Zero, Vatan ana shunday kichik vatanlardan – oilalardan yaraladi.

Kuni kecha Prezidentimizning koronavirus bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha xalqimizga murojaat qilgani har birimizning ruhimizni koʻtarib, ertangi kunga ishonchimizni yana-da mustahkamlagani, shubhasiz. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining “Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo oʻzimiz masʼulmiz”, degan soʻzlari barchamizni yana-da ogoh va hushyor boʻlishga, hamjihatlikka, xavfli virusga qarshi mutaxassislar tomonidan belgilangan tartib-qoidalariga, sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy amal qilishga undaydi.

Binobarin, tibbiyot qanchalik rivojlangan boʻlmasin, davlat bunga qancha-qancha mablagʻ ajratmasin, odamlarimiz shifokorlar tavsiyasiga amal qilmasa, tartib-intizomli boʻlib, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha koʻrayotgan choralar, pandemiyaga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan yuz minglab fidoyi insonlarning mehnati behuda ketishi mumkin. Axir Yaratgan ham asranganni asraydi. Uyda qolib, oʻzimizga kasallik yuqishining oldini olsak, uning keng tarqalishiga yoʻl qoʻymagan, yaqinlarimizni, boshqalarni bu darddan himoya qilgan boʻlamiz.

Afsuski, qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, ayrim kishilar joylarda karantin qoidalari buzilayotgani dilni xufton qiladi.

“Guruch kurmaksiz boʻlmaydi” deganlaridek, mana shu sinovli kunlarda baʼzi kimsalarning nafsning quliga aylangani, xudbinlik botqogʻiga botgani esa yana-da achinarli. Ularning asossiz vahima iskanjasida qoʻl urgan koʻr-koʻrona xatti-harakatlarini kuzatib, koʻngillarimiz xijil tortdi. Yurtimizda koronavirus infeksiyasi tufayli karantin holati joriy etilgach, ayrimlar supermarketu oziq-ovqat doʻkonlariga oʻzini urdi. Bozorlardagi kartoshka-sabzi rastalari oldida izdihom toʻplanib, gʻala-gʻovur boʻlib ketdi. Oziq-ovqat mahsulotlarini qoplab sotib olib, omboriga, yertoʻlasiga tiqayotgan kishilarni koʻrib, kulishni ham, kuyishni ham bilolmay, hayronu lol boʻlib qoldik. Yer yuzidagi jamiki tirik jonning rizqini kafolatlab qoʻygan Alloh seni och-nahor qoldirarmidi, ey, gʻofil banda...

Shukurki, Oʻzbekiston gʻalla mustaqilligiga erishgan mamlakat. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi Prezidentimizning qatʼiy nazoratida. Keyingi yillarda qishloq xoʻjaligida amalga oshirilgan istiqbolli chora-tadbirlar natijasida kundalik ehtiyojimiz uchun zarur barcha yeguliklarning qariyb yuz foizi yurtimizda yetishtirilmoqda. Qolaversa, har yili aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil – oʻn ikki oy mobaynida taʼminlashga moʻljallab, maxsus zaxira hozirlanadi. Koʻngilni toʻq qiladigan yana bir holat: keyingi kunlarda dehqonlarimizning peshona teri bilan yetishtirilgan yangi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdo rastalarida koʻrinib qoldi. Issiqxonalarda esa pomidor, bodring, turli koʻkatlar yozu qish yetishtirilib, xalqimiz dasturxoniga tortiq qilinmoqda.

Shunday ekan, bunday ochkoʻzlik nechun?! Bu baʼzilardagi iymon sustligi, dunyoqarash torligi, maʼnaviyat zaifligidan emasmi?!

Shu oʻrinda Oʻzbekiston Mehr-shafqat va salomatlik jamoat fondiga begʻaraz mablagʻ oʻtkazayotgan yurtdoshlarimiz har birimiz uchun ibrat hamda namunadir. Ularning himmati ham bugun qanchadan-qancha insonlarning eng katta boyligi – salomatligini saqlab qolishga koʻmak boʻlmoqda. Oʻz vaqtida amalga oshirilayotgan tadbirlar bois bugun minglab oilalarda huzur-halovat, shu yurt, shu el uchun yonib mehnat qilishga shay yigit-qizlar sogʻlom, baquvvat. Kelajagimiz vorislari – bolajonlarning koʻzlari quvonchdan porlab turibdi. Keksalar duoda, xonadonlarimizning fayzi-farishtasi boʻlib, uyimizning toʻrida oʻtiribdi.

Zotan, mamlakatimizda izchil olib borilayotgan ishlarning barchasi, avvalo, inson uchun, uning sogʻlom va baxtli hayoti uchundir.

Kezi kelganda aytish joizki, yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi Farmon mazmun-mohiyati va ahamiyatiga koʻra, mamlakatimizda inson, uning shaʼni, qadr-qimmati eng oliy qadriyat ekanining yana bir ifodasi boʻldi. Ushbu hujjatga muvofiq, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari oʻn million soʻm miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishi ularning koʻnglini togʻdek koʻtarib, ruhini tetiklashtirishi, umriga umr qoʻshishi, shubhasiz.

Dunyoda ezgulik ustuvor ekan, oʻzgalarga yaxshilik sogʻinib yashash va oʻzaro mehr-oqibat hissi barqaror ekan, hech qanday kuch hayot nizomini buzolmasligi, insonlar har qanday sinov va qiyinchiliklardan yorugʻ yuz bilan oʻtishi muqarrar. Binobarin, bugun koronavirus deb atalmish koʻzga koʻrinmas ofatni yengishimizda uyushqoqlik, sabr-toqat, tartib-intizom, poklik, tozalik va insoniylikning qadri har qachongidan ham baland.

...Jonsarak asalari uchib-qoʻnib, gullardan bol toʻplaydi. Shu topda mitti jonivorning bir maromdagi gʻuvillagan ovozi kishiga ajib bir taskin-tasalli bagʻishlaydi. Koʻngilda hayotga cheksiz muhabbat, chin maʼnoda yashashga, kurashishga kuchli ishtiyoq paydo boʻladi. Zero, asalarining nozik qanotlari harakatidan hosil boʻlayotgan tovush shunchaki oddiy bir shovqin emas, bu – hayot qoʻshigʻi, tiriklik simfoniyasidir.
 

Vujudimizni chulgʻagan bu nurli qoʻshiq dilimizdan tilimizga koʻchadi:

Bogʻ bagʻrida ajib bir ohang,

Sozlarida gard inmas bayot.

Kamalakday olam rang barang,

Buncha goʻzal, sirlisan hayot.

Gulgʻunchalar qiygʻos – xushboʻyki!

Bolarilar kelib yopishdi.

Kecha edi muzli va qorli,

Taqdir ekan – bugun topishdi.

Hayrat dilga soladi junbush,

Shivirlaysan, ne edi boya...

Borligʻini baxsh etib sarxush,

Borliq soʻzlar gulgun hikoya.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?