Boʻlajak shifokorlar uchun zamonaviy kutubxona foydalanishga topshirildi

19:18 07 Sentyabr 2022 Jamiyat
499 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari orasida yetakchi oʻringa ega boʻlgan Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi, talaba yoshlari uchun yangi oʻquv yilida zamonaviy axborot - resurs markazi foydalanishga topshirildi.

Axborot-resurs markazi jahon andozalariga mos yangi texnikalar va zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Sensorli zamonaviy info-kiosk ham oʻrnatildi. Bu orqali talabalar, magitsrlar, ilmiy izlanuvchilar bemalol Universitet sayti, telegramm kanali va istagan saytlariga kirishi, zarur maʼlumotlarni olishi mumkin.

Axborot resurs markazida Ilmiy-uslubiy va axborot-maʼlumot boʻlimi foydalanuvchilari uchun bibliografik maʼlumot va informatsion xizmat koʻrsatish sharoitlari ham yaratilgan. Kitob koʻrgazmalarini tashkil etish uchun alohida zal mavjud. Oʻquv zali esa 80 oʻringa moʻljallangan.

Markaz fondi bugungi kunda 300 ming nusxadan ortiq adabiyotlar bilan toʻldirilgan. Ayniqsa, keyingi uch yilda universitet kutubxonasiga 17 mingdan ortiq adabiyotlar keltirildi. Universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan yaratilgan 9 ming nusxadagi 344 nomdagi oʻquv adabiyotlar ham kutubxonaga joylashtirildi. Markaz fondida Respublikamiz hamda xorijdan keltirilgan tibbiyot sohasiga oid noyob ilmiy adabiyotlar ham mavjud.

Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti boʻlgan kitobda mujassam.

90 yillik tarixga ega boʻlgan Samarqand davlat universiteti zamonaviy axborot-resurs markazining yangi binoga koʻchib oʻtishi hamda yangi adabiyotlar bilan toʻldirilishi shubhasiz, yosh kadrlar va boʻlajak shifokorlar maʼnaviyatini, ilmiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, "Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?