Boʻlajak saylovlar jarayonida faol yoshlar va volontyorlar bilan yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi

13:22 28 Aprel 2021 Siyosat
1294 0

Joriy yil oktyabr oyida boʻladigan Oʻzbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish maqsadida 28-aprel kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi (OʼzLiDeP) va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar parlamenti, Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi hamda ilmiy ekspert doiralar vakillari ishtirokida “Saylov jarayonlarida volontyorlar bilan samarali ishlash masalalari”ga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Tadbirda OʼzLiDePning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlardagi deputatlari, partiya faollari, Markaziy saylov komissiyasi va Yoshlar parlamenti aʼzolari, olim va ekspertlar, tashabbuskor va volontyor yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda boʻladigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida oʻtkazish uchun saylov jarayoni ishtirokchilarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari boʻyicha bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirishga yangicha yondashiladi.

Shu nuqtayi nazardan, tadbir jarayonida “Saylov huquqi va saylov jarayonining tashkiliy-huquqiy asoslari”, “Saylovlarni yuqori saviyada oʻtkazish jarayoni va uning oʻziga xos xususiyatlari”, “Saylov jarayonlarida volontyorlar bilan ishlashning huquqiy asoslari va zamonaviy uslublari”, “Saylovlarda yoshlarning ishtiroki va uni samarali tashkil etish tizimi”, “Saylov jarayonlarida volontyorlar bilan ishlashning huquqiy asoslari va zamonaviy uslublari” kabi mavzularda mutasaddi vakillarning maʼruzalari, taqdimot materiallari hamda boʻlajak saylov jarayonida oʻzaro hamkorlik qilish rejalari eshitildi va keng muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021-yil 14-aprel kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi va Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid nizomlariga asosan OʼzLiDeP ham boʻlajak saylovlarga masʼuliyat bilan tayyorgarlik koʻrishni va Prezidentlik saylovlarida OʼzLiDePdan koʻrsatiladigan nomzodning saylovoldi dasturi loyihasini tayyorlash jarayonini boshlaganligini eʼlon qildi... Asosiy tadbirlar dasturida saylovchilarning huquqiy madaniyatini va faolligini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish, ushbu jarayonda axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish, saylovga tayyorgarlik jarayonini koronavirus pandemiyasi sharoitini hisobga olgan holda oʻtkazish boʻyicha vazifalar belgilanganligi ham qayd etildi.

Davra suhbatida mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida oʻz oldiga buyuk maqsadni qoʻygan Yangi Oʻzbekistonda Prezident saylovi bu yil yangi milliy saylov qonunchiligi, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga amal qilingan holda, demokratik tamoyillar asosida va butunlay yangicha muhitda oʻtishi alohida taʼkidlandi. Zero, bu yilgi Prezident saylovi mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida oʻz ifodasini topgan ilgʻor demokratik gʻoyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi boʻladi.

Bugun Oʻzbekiston aholisining 60 foizini, OʼzLiDeP aʼzolarining 50 foizga yaqinini tashkil etuvchi yoshlar va koʻp ming sonli volontyorlarni saylov jarayonlariga keng jalb qilish hamda ularning salohiyatidan samarali foydalanish partiyaning ustuvor yoʻnalishlaridan hisoblanadi. OʼzLiDePning Saylovoldi dasturida ham “Biz bugun mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga yuqori fuqarolik masʼuliyati va zamonaviy dunyoqarashga ega yoshlar kirib kelayotganini alohida eʼtirof etamiz” deb yozilgan.

Qolaversa, Oʻzbekistonda keyingi yillarda fuqarolik jamiyati, uning institutlari faol rivojlanyapti. Aholining ijtimoiy faolligi oʻsib bormoqda. Odamlarning jamiyatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarga daxldorlik hissi kuchayib, fuqarolik pozitsiyasi shakllanmoqda. Shular qatorida volontyorlik ham fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismi va uning rivojlanganlik koʻrsatkichi boʻlib xizmat qilmoqda.

Volontyorlar — yurt xizmatiga bel bogʻlagan haqiqiy vatanparvarlardir. Mamlakatimizda xorijiy davlatlardagi kabi volontyorlik turli milliy va xalqaro tadbirlarni oʻtkazishda keng uchraydi. Masalan, xayriya tadbirlari va aksiyalar oʻtkaziladi. Sport musobaqalari, yirik ijtimoiy-siyosiy ommaviy tadbirlar, xususan, saylovlarni tashkil qilishda ham koʻngillilarning faol ishtiroki kuzatiladi.

Shularni hisobga olgan holda OʼzLiDeP boʻlajak saylovlar jarayonida faol yoshlar va volontyorlar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar parlamenti, Yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlik memorandumlarini tuzishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер