Bolalarda tugʻma urologik kasalliklar kelib chiqishiga sabab nima?

00:22 29 Noyabr 2020 Jamiyat
3997 0

Tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarov bolalarda tugʻma urologik kasalliklar kelib chiqishi haqida maʼlumot berdi.

— Bolalarda koʻp uchrayotgan chov churralari dori-darmon bilan tuzatsa boʻladimi?

— Chov churralarini faqat operatsiya yoʻli bilangina bartaraf etish mumkin. Hozirgi kunda bu yoʻnalishda operativ davolashning bir necha usullari mavjud. Churraning katta-kichikligi, rivojlanish darajasiga qarab operatsiya usuli tanlanadi. Laparoskopiya — bu jarayonda qoʻllaniladigan eng samarali usul.

— Enurez kasalligi maʼlum muddatdan soʻng tuzalib ketishi aytiladi. Shu toʻgʻrimi?

— Kasallikning ilk belgilari koʻringandayoq shifokorga murojaat qilish kerak, yoʻqsa, ogʻir asoratlarga sabab boʻlishi mumkin. Shuning uchun tunda tagini hoʻllab qoʻyadigan bolalarga dashnom berish oʻrniga, ularni zudlik bilan bolalar urologi koʻrigiga olib borish kerak. Chunki, enurez bodomcha bezlarda, urologik tizimda, peshob chiqarish kanali yoki qovuqda biror kasallik rivojlanayotganidan nishona boʻlishi mumkin. Hozirgi zamon tibbiyoti kasallikni oʻz vaqtida aniqlab, butunlay davolash imkoniyatiga ega.

— Tugʻma urologik kasalliklar paydo boʻlishiga sabab nima?

— Maʼlumki, bolalarda kasallikning ikki xil turi uchraydi. Bular tugʻma va orttirilgan boʻladi. Ularning ikki foizigina naslga borib taqalishi mumkin. Qolgan qismi orttirilgan kasalliklardir. Tugʻma urologik xastaliklar asosan onaning homiladorlik davrida paydo boʻladi. Chunki, turli ruhiy, jismoniy zoʻriqishlar, avvalo, oʻta sezgir boʻlgan homilaga, jumladan, toʻppa-toʻgʻri uning buyrak tizimiga taʼsir qiladi.

Natijada, buyrak koptokchalari yoki kanalchalarining qisman, butunlay ishlamasligi, bitta buyrakning mutlaqo boʻlmasligi yoki buyraklarning meʼyordagidan koʻproq (3-4 ta boʻlishi), qovuqning oldingi devori boʻlmaganligi sababli, oldinga chiqib qolishi kabi noxush holatlar yuzaga keladi. Buning oldini olish uchun homilador ayolni iloji boricha yuqorida taʼkidlab oʻtilgan ruhiy va jismoniy zoʻriqishlardan himoya qilish, dastlabki uch oy mobaynida nihoyatda asrash talab etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?