Bolalarda ortopedik kasalliklar erta bosqichda aniqlanib, innovatsion usulda muolaja qilinmoqda

15:39 18 Iyul 2022 Jamiyat
589 0

Respublika bolalar ortopediya markazida qoʻllanilayotgan innovatsion muolaja usullari kichik yoshli bemorlarning tayanch-harakat tizimidagi murakkab kasalliklarni tez va samarali davolash imkonini bermoqda.

Muassasa diagnostik poliklinika, radiologiya, klinik laboratoriya, anesteziologiya-reanimatsiya, operatsion blok va 5 ta klinik boʻlimni oʻz ichiga oladi.

Xususan, diagnostik poliklinika boʻlimi ortopedik kasalliklarni erta aniqlashda qoʻllanadigan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Unda bolalarda koʻp uchraydigan yassioyoqlikni erta aniqlash maqsadida kompyuterli podometrdan foydalanilyapti.

Ushbu uskuna yordamida yil davomida mingdan ortiq bola nazoratdan oʻtkazilib, ularda aniqlangan yassioyoqlik darajasi, turi va davolash usullari tanlanadi.

Ultratovush uskunasida bir yoshgacha boʻlgan bolalarda chanoq-son boʻgʻimi kasalliklari, yumshoq toʻqimalar hosilasi, ichki aʼzolar patologiyasi erta aniqlanib, tegishli muolajalar tavsiya qilinadi.

Shuningdek, radiologiya boʻlimi ham “Canon” raqamli rentgen apparati va multispiral kompyuter tomograf bilan jihozlangan. Ular yordamida kuniga yuzdan ortiq bemorlarda tekshiruvlar oʻtkaziladi.

Markazning 1-boʻlimi chanoq-son boʻgʻimi tugʻma va orttirilgan patologiyalarini davolashga ixtisoslashgan. Bu yerda son suyagi tugʻma chiqishini erta aniqlash va funksional davolash, 2 yoshdan katta bemorlarda yuqori texnologiyali rekonstruktiv-tiklash jarrohlik amaliyoti bajariladi.

— Hozir anesteziologiya-reanimatsiya va jarrohlik boʻlimi 4 ta operatsiya hamda 9 oʻringa moʻljallangan intensiv terapiya xonasidan iborat, — deydi markaz direktori Akbar Tilyakov. — Operatsiya xonalari zamonaviy rentgen, artoroskop, narkoz va sunʼiy nafas olish, bemorning asosiy hayot koʻrsatkichlarini kuzatish apparatlari bilan jihozlangan.

Operatsiya-reanimatsiya blokida kuniga 10-12 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti oʻtkazilmoqda.

Prezidentimizning tegishli farmoni asosida bu yil markazimizga bolalar va oʻsmirlarda skolioz kasalligini operativ davolash uchun transpedikulyar sistema va bolalarda son tugʻma hamda orttirilgan chiqishlarni operativ davolash uchun metall implantlar olib berildi.

Respublika bolalar ortopediya markazining zamonaviy binosi qurilishi yakunlangach, bu yerda barcha qulayliklarga ega yangi qabul diagnostika va konsultativ poliklinika boʻlimi, travmpunkt, 40 oʻrinli klinik boʻlim va zamonaviy operatsiya-reanimatsiya bloki faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?