Bolalar taʼlim-tarbiyasi — umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili

17:26 15 Noyabr 2022 Siyosat
615 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Poytaxtimizda Kichik yoshdagi bolalarga taʼlim va tarbiya berish masalalari boʻyicha II Butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda.

15-noyabr kuni ushbu nufuzli anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzladi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha taʼlim bilan taʼminlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib boʻlmasligini taʼkidladi.

Koʻplab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlangʻich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda.

Oʻz navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi taʼlim sohasiga ham katta salbiy taʼsir koʻrsatgani sir emas.

— Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz oʻzaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol koʻrsatmoqda, — dedi davlatimiz rahbari. — Shu maʼnoda, bugungi anjumanimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yoʻnalishi hisoblangan bolalar taʼlimi masalasida barchamiz bir boʻlib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Dunyoda 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va bu boradagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan konferensiyada YUNESKO Bosh direktori Odri Azule, 150 ga yaqin mamlakatdan vazirlar va vakillar, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari qatnashmoqda.

Nufuzli tadbirda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishda Oʻzbekiston tajribasi dunyoning koʻplab davlatlari uchun namuna sifatida eʼtirof etilmoqda. Zotan, bundan olti yil ilgari yurtimizda maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻrsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Bolalar bogʻchalarida zamonaviy qoʻllanmalar yoʻq, binolari taʼmirtalab holatda qolgandi.

Davlatimiz rahbari navqiron avlodni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish kelajagimizga daxldor dolzarb masala ekaniga alohida eʼtibor qaratib, tizimni mutlaqo yangicha asosda, zamon talablari va milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib rivojlantirish boʻyicha yoʻl-yoʻriq va koʻrsatmalar berdi. Prezidentimizning 2017-yil 30-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi. Yangi bogʻchalar qurildi, mavjudlari zamon andozalariga mos taʼmirlandi. Alohida dastur ishlab chiqilib, maktabgacha taʼlim tizimiga tatbiq qilindi.

Qamrov darajasini yanada oshirish, raqobatdoshlikni kuchaytirish maqsadida sohaga xususiy sektor jalb qilindi. Har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar berish yoʻlga qoʻyildi.

Natijada soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim muassasalari soni 6 barobarga koʻpaydi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga oʻsib, 160 mingga yetdi. Shu tariqa, bogʻcha yoshidagi 2 million 800 ming nafar boladan 2 million nafari maktabgacha taʼlim bilan qamrab olindi.

Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, 2025-yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli taʼlim muammolarini global darajada samarali hal qilish, birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlar ishlab chiqish maqsadida mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda oʻtkazib borish taklifi bildirildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uygʻun boʻlgan barcha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun Toshkentda YUNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Kichik yoshdagi bolalar taʼlimi boʻyicha jahon tashkiloti bilan qoʻshma loyiha va tadqiqotlar olib borish, tarbiyaning yangicha uslublari va metodik qoʻllanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dastur ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Sohadagi ilgʻor tajribalar, zamonaviy interaktiv oʻqitish uslublari, amaliy bilim va koʻnikmalar bilan oʻzaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini bayon etdi.

2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan kelajak sammitining asosiy mavzularidan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarga taʼlim-tarbiya berish masalasini kiritish muhimligi taʼkidlandi.

Konferensiya turli mavzulardagi shoʻba yigʻilishlari bilan davom etdi. Anjuman yakunlari boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Dilshod KARIMOV,
Xasan PAYDOYEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?