Aliya Yunusova: Bolalar oilalarga tegishli, “Mehribonlik” uylariga emas

07:22 02 Iyul 2021 Jamiyat
465 0

Ombudsman oʻrinbosari bu haqida yaqinda «Har bir bola oilaviy muhitda tarbiyalanishini taʼminlash maqsadida noinstitutsionallashtirish Milliy strategiyasini yaratishning dolzarb masalalari» mavzusida Oliy Majlis Senati, YUNISEF va qator hamkor tashkilotlar tomonidan oʻtkazilgan noinstitutsionllashtirishni tezlashtirish boʻyicha birinchi xalqaro konferensiyada aytib oʻtdi.

Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistondagi internat muassasalarida yashovchi bolalarning ulushi shu yoshdagi aholining har 100 ming kishisiga 255 tani tashkil etadi, bu dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar koʻpdir (100 mingga 120 bola).

Oʻzbekiston noinstitutsionallashtirish siyosatini ishlab chiqdi va tegishli harakatlar rejasini qabul qildi. Biroq, yirik internat muassasalari soʻnggi chora emas, balki muqobil parvarishning eng asosiy koʻrinishi boʻlib qolmoqda. Institutsionllashtirish darajasi yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Oʻzbekistondagi bolalarga institutsional gʻamxoʻrlikdan ular oila va jamiyat muhitida oʻsishlari uchun yoʻlni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil Aliya Yunusova ham ishtirok etdi. 

U oʻz soʻzini “Bolalar oilalarga tegishli, «Mehribonlik” uylariga emas» deya boshladi va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida «Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar...» deb belgilab qoʻyilganiga ishtirokchilar eʼtiborini qaratdi. Shuningdek, u “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida davlat bolaning oilada boʻlishiga toʻsqinlik qiluvchi sharoitlarni bartaraf qilish, bola oilasidan ajratilgan hollarda esa uni oilasiga tezroq qaytarish boʻyicha zarur choralarni koʻrishi haqidagi norma mavjudligini qayd etdi va bolalarning “Mehribonlik uy”larida institutlashtirilgan holda tarbiya olishining qator salbiy oqibatlarini sanab oʻtdi.

Institutlashtirish bolalarning sogʻligʻi va rivojlanishi (ruhiy va jismoniy rivojlanishi)ga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu salbiy taʼsir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin.

Institutlashtirishning yana bir salbiy tomoni - tajovuzlar xavfining yuqori ekanidir. Koʻpgina tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan barcha yoshdagi bolalar juda koʻp tajovuzlarni boshdan kechirishadi. Jumladan, ular jismoniy va jinsiy zoʻravonlik, gʻamxoʻrlikning yoʻqligi, shuningdek, odam savdosi yoki ekspluatatsiyaning boshqa koʻrinishlaridan aziyat chekish xavfi ostida boʻlishadi. Bolalar muassasalarida jamiyat koʻzidan panada sodir boʻlayotgan holatlar ustidan doimiy nazorat va kuzatuv olib borish deyarli imkonsiz. “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalari bino hamda hududlarining videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishi yuzaki choralar hisoblanadi. Muammoni faqatgina vasiylikning oilaviy shakllari hamda tutingan ota-onalarni qoʻllab-quvvatlash xizmatlari yoʻli bilan hal etish mumkin.

Institutsionalizatsiya bitiruvchilarga balogʻatga yetganidan keyin ham muammolarni keltirib chiqarishda davom etadi. “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarining toʻsatdan katta hayotga oʻtishi qiyin kechadi. Ularning ijtimoiy yakkalanib qolishi, uysiz va ishsiz boʻlib qolishi, jinoyatchiga aylanishi, ruhiy salomatligining buzilishi va ular hattoki oʻz joniga qasd qilishgacha borishi mumkin.

Koʻplab oilalarda bolalar odatda ovqat tayyorlash, kir yuvish, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni sotib olish hamda boshqa shu kabi mayda-chuyda ishlarni oʻzlari qiladilar va bu borada mustaqil qaror qabul qila oladilar, biroq bolalar uylarida bu kabi ishlarni boshqalar ular uchun qilib berganlari sababli ularda boqimandalik kayfiyati paydo boʻladi. Mustaqil hayot koʻnikmalari mavjud boʻlmagani natijasida ular jamiyatdagi mustaqil hayotga tayyor boʻlmagan holda chiqariladi.

Yana bir holat. Bolalar uylari davlat byudjetiga juda qimmatga tushadi. Ish haqi jamgʻarmasi, kommunal xizmatlar va bolalar uyining binolarini saqlash xarajatlari. Moliyaviy xarajatlar bir taraf, lekin maʼnaviy zararni taqqoslash qiyin. Bolalar uylari jamiyatga juda qimmatga tushadi, chunki biz yopiq muassasalarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining ruhiyatini va rivojlanishini buzmoqdamiz. Agarda yetimxonalardan asta-sekinlik bilan voz kechilib, “ozod qilingan” insoniy va moliyaviy resurslarni professional vasiylik va homiylikni rivojlantirishga yoʻnaltirsak, bolalarni oilalarga tarbiyalash uchun joylashtirish orqali byudjetdan soliq toʻlovchilarning pullari kamroq sarflangan boʻlardi.

Bolalar uylarini yopish zarurligi haqida gap ketganida, birinchi navbatda oilalarning ajralib ketishiga barham beradigan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish hamda oʻz oilalari bilan yashay olmaydigan bolalarga munosib muqobil takliflarni taqdim etish zarur.

Ikkinchidan, insoniy va moliyaviy resurslarni qayta yoʻnaltirgan holda bolalarni bosqichma-bosqich muassasalardan ularning ehtiyojlariga koʻproq mos keladigan vasiylikning oilaviy shakllariga oʻtkazish zarur. Eng asosiysi — yetimlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, himoyaga muhtoj oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda inklyuziv (uygʻunlashgan) rivojlanishga koʻmaklashish zarur.

Tadbir davomida milliy tashkilotlar, shuningdek xalqaro ekspertlar Oʻzbekistondagi bolalarni parvarishlash tizimini isloh qilish sohasidagi vaziyatni muhokama qildilar. Tadbir ishtirokchilari bolalar parvarishining zamonaviy tizimini ishlab chiqish boʻyicha eng ilgʻor xalqaro va milliy tajriba hamda bu sohadagi saboqlar bilan oʻrtoqlashdilar.

«Oʻz oilalari va qarindoshlari bolalarga gʻamxoʻrlik qilganida ular gullab-yashnashi hamda institutsionllashtirish naqadar ziyonli ekani haqida YUNISEF ishonchli maʼlumotlarga ega. Bolalar hamjamiyatlarda ulgʻaysa, ularning barcha rivojlanish natijalari sezilarli darajada yaxshiroq boʻlishini bilamiz. Institutsional parvarishni qoʻllashni soʻnggi chora deb biladigan hamda eng muhtojlar, jumladan uch yoshdan kichik va nogironligi boʻlgan farzandlarni oʻstirayotgan oilalarga qaratilgan ijtimoiy xizmatlarning keng koʻlamini yaratishni nazarda tutadigan bolalar parvarishining zamonaviy tizimini barpo etishda Hukumatni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz», — dedi YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Xalqaro darajada bolalarni parvarish qilish sohasi katta muassasalar oʻrniga oilaviy va jamoatchilik asosida bir qator xizmatlar koʻrsatish sari oʻzgarmoqda. Shu bois tadbir ishtirokchilari Oʻzbekistonda noinstitutsionllashtirish jarayonini tezlashtirish boʻyicha tavsiyalar berdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?