Bola huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik

11:33 23 Noyabr 2021 Jamiyat
243 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi tomonidan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan oʻtkazilgan mazkur tadbirda deputatlar, institut xodimlari, soha mutaxassislari, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda OAV vakillari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish borasida umummilliy qadriyatlarimizni inobatga olgan holda izchil va keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti.

2021-yil 1-yanvar holatiga, yurtimizda 0 — 14 yoshdagi bolalar soni 9 million 870 ming 276 nafarni tashkil etgan. Shundan, 5 million 112 ming 470 nafari oʻgʻil bolalar boʻlsa, 4 million 757 ming 806 nafari qiz bolalardir. Mamlakatimizda 17 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasi mavjud boʻlib, ularda jami 1 ming 950 nafar yetim va ota-onasi qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar tarbiya olmoqda.

Davra suhbatida 1992-yil 9-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyaning ratifikatsiya qilinganligi va milliy qonunlarni ushbu Konvensiyaga moslashtirish uchun samarali harakatlar amalga oshirilayotganligi haqida xalqaro ekspertlar tomonidan ham ijobiy fikrlar bildirilganligi taʼkidlandi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda bola huquqlari Bosh qomusimiz, Oila kodeksi, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida” kabi bir qator qonunlar bilan tartibga solinib kelinadi.

Binobarin, fuqarolar xohish-irodasini oʻzida aks ettirgan Konstitutsiyamizda bola huquqlariga alohida urgʻu berilgan. Unda har bir bolaning jinsidan, irqidan, millatidan, tilidan, diniy qarashi
va eʼtiqodidan, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi, shaxsiy huquq va erkinliklari, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari kafolatlanganligi belgilangan.

Jumladan, Konstitutsiyaning 64-moddasida ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanligi belgilangan. Davlat esa yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitish ishlarini oʻz zimmasiga olgan. Bunday konstitutsiyaviy normalar mamlakatimizda hech bir bola mehr va eʼtibordan chetda emasligining yorqin namoyonidir.

Deputatlar taʼkidlaganidek, olib borilgan ijobiy ishlar bilan birga bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va barkamol avlodni tarbiyalashning institutsional va huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurati tobora ortib bormoqda.

Davra suhbatida “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, vasiylik va homiylik organlari tizimini qayta koʻrib chiqish, ularning maqomini belgilash va faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisidagi meʼyoriy hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifalari atroflicha muhokama qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?