Bola huquqlari boʻyicha vakilga joriy yilning 6 oyi davomida jami 325 ta murojaat kelib tushgan

15:00 03 Avgust 2022 Jamiyat
248 0

Bola huquqlari boʻyicha vakilning faoliyat yoʻnalishlaridan biri bu jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan bolalar hamda ular qonuniy vakillarining bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish orqali bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlashdir.

Keyingi toʻrt yil ichida mamlakatimizda xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratildi. Bola huquqlari boʻyicha vakilning shaxsiy qabullari bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, fuqarolarimiz bilan boʻladigan yuzma-yuz muloqat davomida ularning bolalar haqidagi tashvish hamda muammolarini chuqur oʻrganish, mavjud muammolarni tegishli idora va tashkilotlar bilan bamaslahat hal etish vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

Joriy yilning 6 oyi mobaynida Bola huquqlari boʻyicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan jami 325 ta murojaatlar qabul qilingan, shundan, shaxsiy qabulda 125 ta murojaat qabul qilingan.

Murojaatlarning tasnifiga koʻra, quyidagi huquq buzilishlari koʻp uchramoqda

- voyaga yetmagan bolalarni aliment olish huquqiga doir 29 ta;

- sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarining ijro etilmayotganligidan norozi boʻlib 48 ta;

- birga yashamaydigan ota-ona oʻrtasida bolaning yashash joyini belgilash borasida oʻzaro nizo boʻyicha 43 ta

- sudlarda bolaning fikrini inobatga olish, bolalarning hohishiga qarshi birga yashamaydigan ota yoki ona bilan yashash belgilanganligidan noroziligiga doir 31 ta;

- shaʼriy nikohdagi ayollar va bolalarning huquqlariga doir 29 ta;

- bolaning turar joyga boʻlgan huquqiga doir 19 ta;

Murojaatlar Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan toʻliq nazoratga olingan. 48 ta murojaatlar idora va tashkilotlar tomonidan qanoatlantirilgan. 189 ta murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.

Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan bola huquqlari va erkinliklarini taʼminlash yuzasidan maʼlumotlar olishni soʻrab 38 ta xat davlat tashkilotlariga yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?