Boks boʻyicha Tokio-2020 jahon litsenzion musobaqasi bekor qilindi

22:16 16 Fevral 2021 Sport
825 0

Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan boks boʻyicha Tokio-2020 litsenzion musobaqasini oʻtkazish boʻyicha tuzilgan ishchi guruh ushbu sport turi boʻyicha Fransiyaning Parij shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan jahon litsenzion musobaqasi bekor qilinganligini rasman tasdiqladi. Bu borada barcha Milliy olimpiya qoʻmitalarga rasmiy xabar yuborilmoqda.

Xabarda butun dunyoda yangi epidemiologik vaziyatning qayta avj olayotgani, sportchilarning salomatligini himoya qilish tashkilotning asosiy maqsadi ekani sabab qilib koʻrsatilgan. Shu tariqa, iyun oyida Parijda oʻtadigan jahon litsenzion musobaqasi oʻtkazilmaydigan boʻldi.

Hozirgacha boks boʻyicha Tokio-2020 olimpiadasiga 53ta yoʻllanma (32ta erkaklar oʻrtasida hamda 21ta ayollar oʻrtasida) oʻz egalarini topib ulgurmagan edi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu kvotalar barcha qitʼalarga bokschilarning Olimpiya vazn toifalaridagi reyting oʻrinlariga qarab tarqatiladi. Bunda soʻnggi 4 yil (2017-2021) orasida oʻtkazilgan xalqaro musobaqalar inobatga olinadi. Bungacha oʻtkazilmagan qitʼaviy saralash musobaqalari may-iyun oylarida boʻlib oʻtadi.

Eslatib oʻtamiz, boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi oʻtgan yil Iordaniyada boʻlib oʻtgan litsenzion musobaqada Olimpiya oʻyinlariga 7ta (6ta erkak va 1 nafar ayol) yoʻllanmani qoʻlga kiritgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?