Boysunda xalq bilan uchrashuv nimalarga oydinlik kiritdi?

17:21 24 Noyabr 2020 Jamiyat
212 0

Har gal xalq bilan uchrashganimda yangi gap, yangi gʻoya va yangi his-hayajonlarga toʻlib-toshib kelaman. Surxondaryoning Boysunida senatorlar, deputatlar, viloyat sektor rahbarlari hamda korxona va tashkilotlar boshliqlari ishtirokida xalq bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv ham ana shunday qizgʻin suhbat va bahs munozaralarga boy boʻldi.

Bilasiz, Boysun tumani tadbirkorlar maskani. Bu hududda biror bir foydali faoliyat bilan shugʻullanmaydigan odamni topish qiyin. Uchrashuvda ishtirok etganlarning aksariyati tadbirkor va ishbilarmon ekanligi ham soʻzimni tasdiqlab turibdi. Aslidayam bizning maqsadimiz hududda tadbirkorlikni koʻpaytirish, shu orqali ish oʻrinlari ochish, ichki va tashqi bozorni boyitish, eksport salohiyatini yuksaltirishga qaratilgandir. Shu jihatdan olganda Oliy Majlis Senati aʼzolari — Abduqodir Toshqulov, Orziqul Soatovga va menga aynan tadbirkorlardan koʻplab savollar tushdi va ular oʻzlarining savollariga batafsil javob oldilar.

Xususan, Boysun tumanidagi “Boysun Surxon Agrofirmasi” MCHJga Milliy bank tomonidan 955 ming AQSH dollari miqdori kredit mablagʻi ajratilgan boʻlib, mablagʻni bugungi kunda qaytarilishi muammoga aylanayotgani haqida aytildi. Tumandagi “Fayz Ramz” fermer xoʻjaligiga sut va goʻshtni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish uchun “Xalq banki” tomonidan ajratilgan 3 milliard soʻm kredit mablagʻni qaytarish masalasida muammo paydo boʻlgani haqida bildirildi. Tumandagi «Boysun Best manalit» MCHJga beton mahsulotlari ishlab chiqarish uchun asbob-uskuna sotib olish maqsadida 1 milliard 300 million soʻm miqdorida kredit mablagʻi ajratilgan boʻlib, uni qaytarishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani bayon etildi. “Qoʻngʻirot qora qoʻylari” FX tomonidan gʻisht ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini amalga oshirish maqsadida AT “Xalq banki” tuman filialiga barcha zarur hujjatlar topshirilgan, bank tomonidan 300 ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratish paysalga solinayotgan bilan bogʻliq murojaat eshitildi.

Shuningdek, tumandagi “Mening shirintoylarim” MCHJ tomonidan «Koʻlqamish» MFY hududida qurilayotgan davlat xususiy sherikchilik asosidagi 75 oʻrinli bogʻcha qurilish uchun 2018-yil 1-iyul kuni Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan bitim tuzilgan boʻlib, 2019-yil 1-sentyabr kuni Milliy bank tomonidan 1 milliard 200 million soʻm kredit ajratib berilgan. Kredit mablagʻlari bitim tuzilgan vaqtda ajratib berilmaganligi, narx-navo oʻsishi sababli bogʻcha toʻliq foydalanishga topshirilishi kechikayotgani boʻyicha murojaat qilindi.

Shu va shunga oʻxshash hamma murojaatlar senator va deputatlar tomonidan zarur chora-tadbirlar koʻrish uchun tegishli vazirlik hamda mutasaddi idoralar rahbarlari eʼtiboriga havola etiladi. Binobarin, bugungi pandemiya davrida elu yurt toʻkinchiligi va mamlakat iqtisodiyoti rivoji yoʻlida fidoyilik koʻrsatayotgan har bir tadbirkor doim bizning nazarimizda boʻladi.

Uchrashuvda viloyat sektor rahbarlari, korxona va tashkilot mutasaddilari ham bu murojaatlarni oʻzlarida qayd etib borishdi va hal etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrishlarini bildirishdi.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?