“Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining ochilish marosimi oʻtkazildi

07:41 03 May 2024 Jamiyat
291 0

Farhod ESONOV / “Xalq soʻzi”. Joriy yilning 2-may kuni Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda nutq soʻzlagan Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov mamlakatimizda keyingi yillarda boy moddiy va nomoddiy madaniy merosimizni yanada chuqur oʻrganib, yosh avlod qalbiga singdirishga, yoshlarni teran ildizi uzoq oʻtmishga borib taqaladigan milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizga hurmat ruhida ulgʻaytirishga eʼtibor kuchayganini alohida qayd etdi.

“Hurmatli Prezidentimiz gʻoyasi bilan folklor sanʼatimiz va milliy xalq oʻyinlarimizga, oʻtmishdagi boy tariximizga barchani yagona ulugʻ maqsad yoʻlida birlashtiradigan milliy qadriyat sifatida qaramoqdamiz”, — deya taʼkidladi viloyat hokimi.

2002-yilda asos solingan “Boysun bahori” festivali bir yildan soʻng yana bir marta oʻtkazilib, soʻngra 2004-2016-yillar oraligʻida — 13-yil davomida nomaʼlum sabablarga koʻra oʻtkazilmay qolgan edi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2017-yil qayta tiklangan va uch marta oʻtkazilgan festival koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-2021-yillarda yana oʻtkazilmadi. Nihoyat, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2022-yilning 7-8-may kunlari festival tashkil etildi. Shundan soʻng, xalqaro festival bundan buyon UNESCO shafeligi ostida har 2-yilda bir marta oʻtkazilishi belgilandi.

Bu yil tashkil etilayotgan festival tamomila yangi shukuh va yangicha uslubda, yuksak badiiy saviyada oʻtkazilmoqda. Shu maqsadda soʻlim togʻlar qoʻynidagi Bibishirin mahallasida zamonaviy turistik maskan barpo etildi. Bu yerda besh qavatli, toʻrt yulduzli muhtasham mehmonxona, yirik sahna, amfiteatr, viloyatlar qoʻrgʻonlari uchun joy, etnosport maydonchalari va boshqa infratuzilma inshootlari qad rostladi. Oʻtovlar oʻrnatilib, Termiz shahri, tumanlar va viloyat tashkilot, muassasalarining qoʻrgʻonlari tashkil etildi.

“Boysun bahori”ning bu yilgi anjumanida ishtirokchi mamlakatlar jugʻrofiyasi kengayib, ularning soni ikki barobardan ziyod koʻpaydi. Buyuk Britaniya, Belgiya, Isroil, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Ruminiya, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston kabi 20 ga yaqin davlatlardan noyob isteʼdod sohiblari, mashhur ijodiy guruhlar, yuzdan ziyod xorijlik sayyohlar tashrif buyurgani oʻtgan qisqa davrda festivalning dovrugʻi butun dunyoga tarannum etilib, uning obroʻ-eʼtibori va nufuzi tobora ortib borayotganini koʻrsatadi.

Marosimda taniqli sanʼatkorlar hamda folklor jamoalar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbir 7-may kuniga qadar davom etadi. Festivalning xalqaro koʻrik-tanlovi folklor hamda milliy xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati yoʻnalishlarida tashkil etiladi. Shuningdek, musiqa bayrami doirasida milliy sozlar va liboslar, taomlar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari koʻrgazmalari, dronshoular, etnosport bellashuvlari, uloq-koʻpkari, kurash, tosh koʻtarish, arqon tortish, xoʻroz urishtirish, varrak sayli kabi turli xalq oʻyinlari ham tashkil etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер