Bodikamerasiz YPX xodimi yetarlicha bilim va maʼlumotga ega emasligi sababli haydovchiga notoʻgʻri eʼtiroz qilgan

10:57 26 Iyun 2020 Jamiyat
644 0

Xabaringiz bor, joriy yil 25-iyun kuni ijtimoiy tarmoqda «Gai xodimi haydovchidan hujjatlarini soʻraganda, haydovchi gai xodimi qoʻllarini avval antiseptik vositalarda tozalashini soʻradi» sarlavhasi ostida videolavha tarqaldi. Oʻzbekiston Respublikasi IIV YHXBB bunga oʻz munosabatini bildirdi.

Qayd etilishicha, videolavha Oʻzbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan oʻrganib chiqilganda, ushbu holat joriy yilning 17-iyun kuni Surxondaryo viloyati, Termiz shahri qizil hudud boʻlganligi sababli, “Namuna” QFYda shaharga chiqish va kirishni nazorat qilish uchun tashkil etilgan vaqtinchalik karantin postida sodir boʻlganligi aniqlandi.

Ushbu postda xizmat olib borgan YPX xodimlari “Kobalt” rusumli, davlat raqam belgisi 75 Y 515 KA boʻlgan transport vositasi haydovchisidan sunʼiy tirbandlik yuzaga keltirmasligini soʻragan. Ushbu vaqtda YPXO shtab katta inspektori B.Izbosarov vaziyatni koʻrib, sunʼiy tirbandlik yuzaga keltirgan haydovchidan meʼyoriy hujjatlarini taqdim qilishini soʻragan.

Haydovchi YPX xodimi qoʻlini avval antiseptik vositada tozalagandan keyin hujjatlarini taqdim qilgan.

B.Izbosarov haydovchining majburiy sugʻurta polisi muddati oʻtganligi boʻyicha eʼtiroz bildirgan va haydovchidan avtomashinasini yoʻl chetiga toʻxtatishini soʻragan.

Haydovchi koronavirusga qarshi kurashish maqsadida tuzilgan maxsus komissiyaning axborotiga koʻra karantin vaqtida muddati tugagan ruxsat beruvchi barcha hujjatlarning amal qilish qilish muddati 2020-yil 1-iyulga qadar uzaytirilganligini aytgan.

YPX xodimi yetarlicha bilim va maʼlumotga ega emasligi sababli haydovchiga notoʻgʻri eʼtiroz qilgan. Shuningdek, YPX xodimi B.Izbosarov bodikamerasiz haydovchi bilan muloqotga kirishgan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlandi. Tekshiruv xulosasi boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?