Bobur shahrida yangi issiqlik tizimi ish boshladi

18:32 06 Noyabr 2025 Jamiyat
347 0

Kuz-qish mavsumida aholining turmush sifati va farovonligini oshirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda uy-joylarda issiqlik tizimlarining barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida Andijonda keng koʻlamli infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Bobur shahridagi koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun zamonaviy issiqlik taʼminoti tizimi mavsumiy faoliyatini boshlagani bunga misoldir. Turkiyaning “MIMSAN GRUP” kompaniyasi texnologiyasi asosida joriy etilgan mazkur tizim energiya tejamkor, ekologik xavfsiz va yuqori samaradorlikka ega uskunalar bilan jihozlangan.

— Bu tizim orqali nafaqat uylar issiq, balki koʻnglimiz ham tinch, — deydi ushbu manzilda istiqomat qiluvchi Feruzaxon Xudoyqulova. — Sababi, u xavfsiz, ekologik jihatdan toza va uzluksiz ishlaydi. Shu bois qish faslida bolalar ham, kattalar ham sovuqdan aziyat chekmaydi.

Quvvati 21 megavatt boʻlgan issiqlik markazi 2 ming xonadonni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega. Elektromagnit filtratsiya tizimlari orqali atrof-muhitga zararli gazlar chiqishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Yangi tizim ishga tushirilishi natijasida har mavsumda minglab kilovatt soat elektr energiyasi hamda yuzlab kub metr tabiiy gazni tejash imkoni yaratildi.

Saminjon HUSANOV

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?