BMT Ukraina muammosini hal qilish boʻyicha barcha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi

23:21 22 Mart 2023 Dunyo
960 0

Illyustrativ foto

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi vakili oʻrinbosari Farxon Haq xalqaro tashkilot Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha har qanday saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashini, biroq hozircha ushbu mojaroda sulh yoʻqligini aytib oʻtdi.

“Biz mojaroni muloqot orqali hal qilish boʻyicha barcha saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaymiz”, dedi Haq.

Uning qoʻshimcha qilishicha, BMT Ukrainada BMT Nizomi, xalqaro huquq va BMT Bosh Assambleyasining 23-fevralda qabul qilingan rezolyutsiyasiga muvofiq adolatli tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi.

Uning qayd etishicha, ayni damda Ukrainada muhokama qilinishi mumkin boʻlgan sulh yoʻq.

Oldinroq, AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Vashington Ukrainadagi mojaroga barham berish va tinchlikni taʼminlash rejasining asosiy elementi uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash boʻlishi kerak, deya aytib oʻtgan edi. Shu oʻrinda u bunday tamoyilga ustuvor ahamiyat qaratmaydigan strategiyani “vaqtni behuda sarflash taktikasi” deb atadi.

“Bu konstruktiv diplomatiya emas. Rossiya qoʻshinlarini Ukraina hududidan olib chiqib ketishni oʻz ichiga olmaydigan oʻt ochishni toʻxtatish haqidagi chaqiriq, mohiyatan Rossiya yutuqlarini «ratifikatsiya qilish”ni qoʻllab-quvvatlaydi», deya qoʻshimcha qildi Amerika diplomatiyasi rahbari.

Oʻz navbatida, Qoʻshma Shtatlar Ukrainaga 350 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini taqdim etgani maʼlum qilindi.

U “HIMARS” uchun yangi oʻq-dorilar, gaubitsalar va “Bradley” piyoda askarlar uchun jangovar mashinalari, “HARM” raketalari, tankka qarshi qurollar va daryo qayiqlarini oʻz ichiga oladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?