BMT transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda Oʻzbekiston tajribasini yuksak baholadi

11:01 29 Iyul 2022 Siyosat
252 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qatʼiy siyosiy irodasi mavjud muammolar yechimiga kompleks yondashuvi tufayli mamlakatda odam savdosiga qarshi kurashish borasida qator ishlar amalga oshirilayotgani va bu islohotlar aniq natijalar berayotganligini BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

Bu haqda 28-iyul kuni boʻlib oʻtgan “Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida milliy va xalqaro sheriklikni mustahkamlash” mavzusidagi xalqaro tadbirda BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Ashita Mittal alohida qayd etdi.

Mazkur xalqaro tadbir Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi Ichki ishlar vazirligi, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi T.Narbayeva soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda mamlakatda Prezident boshchiligida Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish uchun, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan “Yangi Oʻzbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” gʻoyasi asosida davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlash, bu jarayonlarda inson huquqlari tizimini yanada mustahkamlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilganini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi hamda sohada mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi faoliyati BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi va qator xalqaro tashkilotlar tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi va xalqaro eʼtirofga sazovor boʻldi.

Milliy komissiya tashkil etilgandan buyon, oxirgi 3 yilda ushbu yoʻnalishdagi qonunchilik bazasini zamon talablaridan hamda xalqaro normalardan kelib chiqqan holda takomillashtirish maqsadida 40 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Odam savdosiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilandi, “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida” yangi tahrirdagi qonun qabul qilindi, odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yoʻnaltirish tartibi belgilandi. Qator xalqaro konvensiyalar ratifikatsiya qilindi.

Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, AQSH Davlat departamenti, Mehnat vazirligi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 10 ga yaqin “Yoʻl xaritalari” qabul qilinib, ularning ijrosi Milliy komissiya tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.

Tadbirda soʻzga chiqqan AQSHning Oʻzbekistondagi elchisi oʻrinbosari Polites Pol Oʻzbekiston soʻngi yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida ulkan natijalarga erishganligini eʼtirof etib, Oʻzbekiston yaqin vaqtda AQSH davlat departamentining dunyoda odam savdosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotida oʻz pozitsiyasini eng yuqori bosqichga olib chiqish imkoniyatiga ega ekanligini taʼkidladi.

Maʼlumot oʻrnida, har yili AQSH Davlat departamenti tomonidan dunyoda odam savdosi toʻgʻrisidagi hisobot eʼlon qilinadi. Soʻnggi yillardagi hisobotlarda Oʻzbekistonda Prezident boshchiligida inson qadrini ulugʻlash, uning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani oʻzining ijobiy samarasini berayotganligi taʼkidlab oʻtildi.

Tadbirda qator xalqaro tashkilotlarning ekspertlari, BMTning narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi mutaxassislari, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlaridan soha boʻyicha yetakchi mutaxassislari hamda mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda qator davlat va nodavlat tashkilotlarining vakillari ishtirok etdi.

Xususan, ishtirokchilar Markaziy Osiyo davlatlarining odam savdosiga, ayniqsa zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida amalga oshirilayotgan odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.

Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari vakillari ishtirokida bunday tadbirlarni doimiy tashkil etib borish, doimiy muloqot maydoniga aylantirishga, kelgusi yilda bu tadbirlarni qoʻshni davlatlarning birida tashkil etishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?