BMT Qoʻmitasi 81-sessiyasida Oʻzbekistonning Oltinchi davriy hisoboti koʻrib chiqiladi
BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish boʻyicha qoʻmitasining 81-sessiyasi 2022-yil 7-fevralda gibrid shaklda boshlandi va 25-fevralgacha davom etadi.
Sessiyada 15-16-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasining Oltinchi davriy maʼruzasi koʻrib chiqiladi.
BMT qoʻmitasi sessiyasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi onlayn ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibi — Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlametlararo aloqalar qoʻmitasi raisi Dilorom Fayziyeva, oliy va oʻrta maxsus taʼlimi vaziri Abduqodir Toshqulov, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining birinchi oʻrinbosari Gulnora Maʼrufova, bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi oʻrinbosari Erkin Muhitdinov, sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Elmira Basitxonova, ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Bekmurod Abdullayev, Oliy sud raisining oʻrinbosari Ikrom Muslimov, Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Artikova, Fuqarolik ishlari boʻyicha sud hayʼati raisi oʻrinbosari Gulnora Parpiyeva hamda Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshligʻi Ildar Shigabutdinovdan iborat.
BMT qoʻmitasi sessiyasi ishida, shuningdek, Oʻzbekistondagi bir qator fuqarolik jamiyati institutlarining faollari masofadan qatnashmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Konvensiya qoidalarini amalga oshirish doirasida tayyorlangan Oltinchi davriy hisobot 2016-yildan hozirgi kungacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan. Ushbu maʼruzani tayyorlashda 30 dan ortiq davlat organi va 20 dan ziyod fuqarolik jamiyati instituti ishtirok etgan.
Oltinchi davriy hisobotda Konvensiya qoidalarining moddama-modda amalga oshirilishi, Oʻzbekiston qonunchiligiga mazkur yoʻnalishda kiritilgan soʻnggi oʻzgarishlar, xotin-qizlarning mavqeini yuksaltirish borasida erishilgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berilgan. Xususan:
— xotin-qizlarni kamsitmaslik sohasidagi davlat siyosatining amalga oshirilishi;
— Oʻzbekiston hukumati tomonidan xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini kuchaytirish;
— erkaklar va ayollar oʻrtasida amalda tenglikni oʻrnatishni jadallashtirish;
— xotin-qizlarga nisbatan jamiyatdagi notoʻgʻri qarashlarga barham berish;
— xotin-qizlar savdosining barcha shakllariga va xotin-qizlardan fohisha sifatida foydalanishga chek qoʻyish;
— nikohga oid masalalar va oilaviy munosabatlarda, siyosiy faoliyat va jamiyat hayotida, taʼlim, bandlik, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy, xalqaro hamkorlik sohalarida xotin-qizlarni kamsitishga yoʻl qoʻymaslik borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlar qamrab olingan.
BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish boʻyicha qoʻmitasining 81-sessiyasida Gabon, Panama, Senegal, Uganda, Domnikan Respublikasi va Livan davlatlarining bu boradagi davriy maʼruzalari ham muhokama qilinadi.
Maʼlumot uchun: Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979-yil 18-dekabrda qabul qilingan. Oʻzbekiston ushbu Konvensiyaga 1995-yil 6-mayda qoʻshilgan.
Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish boʻyicha qoʻmita – BMTning shartnomaviy organidir. U Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qilish bilan shugʻullanadi. Bugungi kunda 18 nafar mustaqil ekspert mazkur Qoʻmitaning aʼzosi hisoblanadi.
BMT qoʻmitasi sessiyasidan maqsad – Konvensiya qoidalari bajarilishini taʼminlash borasida erishilgan natijalarni muhokama qilishdir. Sessiya yakunida davriy hisobotni koʻrib chiqish yakunlari yuzasidan tegishli davlatlarga taklif va tavsiyalar taqdim etiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring