BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi Samarqandda oʻtkaziladi

15:30 02 Dekabr 2022 Siyosat
693 0

Foto: Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi

Toshkent shahridagi “Oʻzekspomarkaz” Milliy koʻrgazmalar majmuasida “Ipak yoʻlida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi davom etmoqda. Qayd etish lozimki, mazkur tadbir dunyoning 30 mamlakatidan 300 nafardan ortiq soha vakillarini oʻzida jamlagan. Yarmarka doirasida mutaxassislar ishtirokida forum va sessiyalar, modalar namoyishi, B2B uchrashuvlari, gastrobozor, xalqaro oshpazlarning mahorat darslari oʻtkazilmoqda.

Rossiya Turoperatorlari assotsiatsiyasi (ATOR) ijrochi direktori Mayya Lomidzening soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Rossiya turizmi segmentida eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biri boʻlib, chiqish turizmi hajmi kirish turizmi hajmidan tezroq oʻsib bormoqda. Xususan, joriy yilda Rossiyadan Oʻzbekistonga klassik turistlar oqimi 20-25 foizga oshgan. Koʻplab oʻzbekistonlik sayyohlar ham Rossiyaga borish istagini bildirgan.

Yarmarkada Fargʻona viloyatining turizm salohiyatini keng targʻib qilish orqali kelgusi yillarda mahalliy va xorijiy turistlar oqimini ikki barobarga oshirish maqsadida turizm sohasi vakillari va soha tadbirkorlari tomonidan 2 mingdan ortiq mahsulotlar va koʻrsatiladigan xizmat turlari boʻyicha targʻibot bukletlari tarqatildi.

Respublikaning yetakchi turistik korxonalari bilan 551 dan ortiq kelishuvlarga erishildi. Jumladan, “Dilrabo tourism and logistics” MCHJ, “Fargʻona vodiy sayyoh” hamda “Kokand tourism” turoperatorlik korxonalari tomonidan koʻrgazmaga tashrif buyurgan Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Armaniston, Ozarbayjon va Malayziya davlatlari vakillari bilan muzokaralar oʻtkazilib, kirish va chiqish turizm yoʻnalishlari boʻyicha bitim kelishuvlarga erishildi. Bundan tashqari, Qozogʻiston bilan hunarmandchilik yoʻnalishida ham hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ayni damda Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tomonidan oʻzaro, ham respublika, ham xorijiy davlatlar tashkilotlari bilan 257 ta shartnoma imzolandi.

Shuningdek, “Ipak yoʻlida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida 2023-yilda turizm sohasini rivojlantirishda Qirgʻiziston Respublikasidan Navoiy viloyatiga turistlar oqimini yuborish boʻyicha ham takliflar qabul qilindi. Qayd etilishicha, 2023-yilning yanvar oyidan boshlab har oy davomida Navoiy viloyatiga Qirgʻiziston Respublikasidan 5 mingga yaqin sayyohlarni jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Qirgʻiziston Respublikasi vakillari Navoiy viloyatining safari turizmi, ziyorat turizmi va eko turizm obyektlariga qiziqish bildirgan va aynan shu turizm turlarini rivojlantirish maqsadida viloyatga investitsiya kiritish boʻyicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.

Yarmarkaning birinchi kunida samarqandlik tadbirkorlar hamda Samarqand viloyati Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan 400 ga yaqin hamkorlik shartnomalari imzolanishiga erishildi.

Shuningdek, yarmarka doirasida Samarqand gastronomiyasi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Samarqandcha osh va kaboblar tayyorlandi hamda ishtirokchilarga tarqatildi. Imzolangan shartnomalar Samarqand viloyati turizm salohiyatini yanada targʻib etish orqali turistik xizmatlar eksportini oshirish, aholining xizmatlar sohasida bandligini taʼminlash hamda xorijiy va mahalliy turizm sohasi vakillari bilan Samarqandga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladi.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash lozimki, 2023-yilning kuz faslida BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Oʻtgan yili Ispaniyada boʻlib oʻtgan 24-sessiya doirasida UNWTOga aʼzo davlatlar turizm idoralari rahbarlari orasida oʻtkazilgan ovozga qoʻyish jarayonida Oʻzbekiston Portugaliyani ortda qoldirib, ushbu tadbirning yubiley marosimini Samarqand shahrida oʻtkazishga qaror qilindi.

UNWTO Bosh assambleyasi yubiley sessiyasi mingdan ziyod xorijiy mehmonlarni jalb qiladi. Bu esa mahalliy xalq va hunarmandlarning daromadini oshirish barobarida milliy iqtisodiyot rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?