Bizning oʻtmishimiz ham, bugunimiz va kelajagimiz ham bir

13:51 24 Dekabr 2022 Jamiyat
383 0

Foto: Xalq so‘zi

Munosabat

Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida davlatimiz siyosati negizini tashkil etuvchi inson qadrini ulugʻlash, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xalqimizning turmush farovonligini oshirish yoʻnalishlarida muhim vazifalar belgilanganini koʻramiz.

Jumladan, davlatimiz rahbari ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish siyosati izchil davom etishini taʼkidladi. Binobarin, yurtimizda pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam boʻlmagan darajaga olib chiqilgani, 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan boʻlsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga koʻmak berilayotgani chin maʼnoda insonparvarlikning yorqin namunasidir.

Murojaatnomada hech bir soha yoʻqki, eʼtibordan chetda qolgan boʻlsa. Tibbiyot deysizmi, boshqaruv, qonunchilik... Davlatimiz rahbari “Avval-inson, keyin jamiyat va davlat” degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak», deya urgʻu berdi. Va bu orqali milliy davlatchiligimiz asoslari mustahkamlanishiga toʻxtaldi.

Oltita ustuvor yoʻnalish mujassam topgan Murojaatnomaning birinchi yoʻnalishi ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga oʻtish bilan bogʻliq. Prezidentimiz birinchi bosqichda vazirliklar isloh qilinishi, hukumat ish uslubi tubdan oʻzgarishini taʼkidlar ekan, Imom Moturidiy bobomizning “Elu yurt bilan hamdard boʻlib yashagin, toki xalq hamisha sen bilan birga boʻlgay”, deya hayotiy hikmatini keltirdi. Ikkinchi yoʻnalishga toʻxtalar ekan, birinchi navbatda, eʼtibor Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilishini qayd etdi. Najot taʼlimda, tarbiyada, bilimda ekani, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishish mumkinligi, 2023-yildan maktab taʼlimini xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilinishi aytildi. Darhaqiqat, taraqqiyotga yoʻl taʼlimdan boshlanadi. Shunday ekan, yosh avlodni munosib vorislar qilib tarbiyalay olsak, biz orzu qilgan jamiyatni, har tomonlama yuksak davlatni yaratamiz.

Maʼlumki, Vatan ichidagi kichik vatan sanalgan mahalla - xalq koʻzgusi. Murojaatnomada keltirilganidek, endilikda mahalla oʻz muammolarini oʻzi mustaqil hal qilishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy qilinishi va 1-yanvardan boshlab mol-mulk va yer soliqlarning bir qismi mahallaning oʻzida qolishi ayni muddao boʻldi. Bundan tashqari aholi uchun uy-joylar qurish hajmi 1,5 barobar oshib, 90 mingga yetkazilishi va ikki yil oldin boshlangan imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berish davom ettirilib, “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi joriy qilinayotgani yosh va ehtiyojmand oilalar quvonchiga quvonch qoʻshadi.

Nazarimizda, Murojaatnomada ilgari surilgan vazifalar haqchilligi va xalqchilligi bilan insonlar diliga birdek kirib bordi. Ayniqsa, Prezidentimizning Qoraqalpogʻiston yutugʻi – Oʻzbekiston yutugʻi, Qoraqalpogʻiston tashvishi – bu butun Oʻzbekiston tashvishi ekanini taʼkidlab, “Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi Oʻzbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpogʻistonni bunyod etishdir”, degan soʻzlari har bir qoraqalpogʻistonlikni toʻlqinlantirib yuborgani rost.

Shuni ishonch bilan aytamizki, azaldan doʻstu birodar boʻlib, etu tirnoq kabi bir boʻlib ketgan qoraqalpoq va oʻzbek xalqi yakdilligiga hech qanday kuch taʼsir koʻrsata olmaydi. Zotan, bizning oʻtmishimiz bir, bugunimiz ham, kelajagimiz ham bir.

Ulugʻbek JALMENOV,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari

Federatsiyasi Qoraqalpogʻiston

Kengashi raisi, senator.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?