Biznes-turning birinchi bekati: Polsha — Oʻzbekiston oʻrtasida qiymati 45 mln. dollardan ziyod shartnomalar imzolandi

14:30 08 Dekabr 2021 Iqtisodiyot
1211 0

Ayni kunlarda Polsha, Italiya, Fransiya va Ispaniyada Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan mahalliy toʻqimachilik va charm-poyabzal korxonalari vakillari uchun tashkil etilgan biznes-tur davom etmoqda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan uyushtirilgan biznes-turning birinchi bekati Polshaning Varshava shahrida “FAST TEXTILE — 2021» 7-xalqaro toʻqimachilik koʻrgazmasi doirasida oʻz ishini yakunladi. Bu haqda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi maʼlum qildi.

Ushbu koʻrgazmada jahonning 45 mamlakatidan 600 dan ortiq korxona oʻz mahsulotlari bilan qatnashdilar. Bulardan Turkiya, Oʻzbekiston, Rossiya, Germaniya, Portugaliya, Misr, Buyuk Britaniya va boshqalar ham bor.

Qariyb 600 m2 joyda joylashgan Oʻzbekiston “Made in Uzbekistan” pavilyonining tantanali ochilish marosimida Polsha-Osiyo Savdo sanoat palatasi prezidenti, sobiq Bosh vazir oʻrinbosari Ya. Pexotsinskiy, “Ptak Warsaw Expo” prezidenti K. Svikla, Oʻzbekistonning Polshadagi Favqulodda va muxtor elchisi B. Baboyev, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqarma boshligʻi M. Sultonov va «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari D. Vahobov ishtirok etdilar.

Biznes-forum va uning doirasida Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoatining bugungi kundagi salohiyati va kelajakdagi rejalari toʻgʻrisidagi taqdimoti namoyish etildi.

Shuningdek, forum doirasida V2V va G2B uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Jumladan, “Wonder Worx”, “Sharda Group” kompaniyalari vakillari bilan boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida toʻqimachilik
va tikuv-trikotaj sohasida ikki davlat hamkorligini mustahkamlash va iqtisodiy aloqalarni yanada yaxshilash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Xalqaro ekspertlar Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sifati va dizayni keskin oshganligi hamda Polsha tadbirkorlari uchun Oʻzbekiston hali kashf qilinmagan bozor ekanligi taʼkidlanmoqda.

Dunyoning qator yirik investorlari esa yurtimizdagi korxonalarga oʻz sarmoyalarini kiritish borasida dastlabki kelishuvlarga erishib, bu boradagi muzokaralarini davom ettirishmoqda.

Bundan tashqari, biznes-tur doirasida Polshaning eng yirik charm-poyabzal ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadigan “Bartek” korxonasi bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Muzokarada “Bartek” rahbari P. Bartniski Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoatining soʻnggi yillardagi yutuqlarini eʼtirof etdi hamda mamlakatimizda erkaklar, ayollar, bolalar va maxsus poyabzallar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga tayyorligini bildirdi.

Biznes-turning Polsha mamlakatidagi yakuniy kunida Oʻzbekiston korxonalari uchun Polshada eng yirik savdo markazlari “PTAK” va “GD Poland International«ga tashrif uyushtirildi. Ushbu Savdo markazlari Markaziy va Sharqiy Yevropada kiyim-kechak, oyoq kiyim, aksessuarlar va boshqalar bilan ulgurji va chakana savdo qiluvchi eng yirik savdo maydonlari hisoblanadi.

Shu bilan birga, ushbu maskanlardan oʻzbek mahsulotlarini saqlash uchun yirik ombor ijaraga olish imkoni koʻrib chiqildi. Mazkur omborlarda mahalliy korxonalar oʻz mahsulotlarini saqlash uchun xarajatlarini qoplab berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Jumladan, «Zelal tekstil», «Saff tekstil» hamda “Nil-granit” korxonalari ushbu omborxonalardan joy olishlari, shuningdek, “Chust tekstil” korxonasi Polshada savdo uyi ochish yuzasidan kelishuvga erishishdi.

Bundan tashqari, “Chust tekstil” va “Xoʻjaobod Fazo” korxonalari Vyetnam mamlakati tomonidan Polsha bozoriga toʻqimachilik mahsulotlarini sotuvchi korxonalarning oʻrniga muqobil yetkazib beruvchi maqomini olishga muvaffaq boʻlishdi.

Biznes-turning birinchi mamlakati yakunlari bilan mahalliy korxonalar tomonidan qiymati 45 mln. dollardan ziyod shartnomalar imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?