Biznes-ombudsman tomonidan nazorat organlarining takrorlanadigan va zamon talablariga mos kelmaydigan 24 ta nazorat funksiyasini maqbullashtirish yuzasidan Farmon loyihasi ishlab chiqildi

13:09 24 Fevral 2023 Jamiyat
357 0

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Biznes ombudsman axborot xizmati rahbari Jamshid Hasanov maʼlum qildi.

Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlar faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali muvofiqlashtirgan holda nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning qonuniyligi ustidan nazorat olib bormoqda.

2022-yil davomida 32 ta nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatida jami 167 037 ta tekshiruvlar oʻtkazilgan.

Biznes-ombudsmanga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlarni oʻtkazishni kelishish uchun kiritilgan jami 4 284 ta buyurtmalaridan 51,6 foizi tekshiruv oʻtkazish uchun qonuniy asoslar mavjud boʻlmaganligi sababli rad etilgan.

Tekshiruvlar hududlar kesimida tahlil etilganda: Toshkent shahrida 34 329 ta, Qashqadaryo viloyatida 16 410 ta, Surxondaryo viloyatida 12 707 ta, Samarqand viloyatida 12 327 ta va Toshkent viloyatida 12 191 ta tekshiruvlar oʻtkazilgan.

Shuningdek, tadbirkorlarning faoliyatida tekshiruvlarni oʻtkazishning qonuniyligi monitoring doirasida 18 ta nazorat qiluvchi organlar tomonidan 747 ta noqonuniy tekshiruvlar oʻtkazilganligi aniqlandi.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari boʻyicha nazorat organlarining 666 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va 30 nafar xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda yagona huquqni qoʻllash amaliyotini taʼminlash maqsadida, 40 ta nazorat qiluvchi organning 11 031 nafar mansabdor shaxslari ishtirokida jami 228 ta oʻquv seminarlari tashkil etildi.

Tadbirkorlar faoliyatida tekshirishlarni oʻtkazuvchi xodimlarning malaka va professionallik darajasini baholash maqsadida, 24 ta nazorat qiluvchi organlarining 5 407 nafar xodimlari attestatsiyadan oʻtkazilib, ularning 84,7 foizi tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishda yetarli malakaga ega deb topildi.

Tadbirkorlik subyektlari uchun majburiy boʻlgan 46 443 ta talablar roʻyxatlari shakllantirilib “Yagona davlat nazorati” kiritildi.

Shuningdek, axborot tizimida 500 dan ortiq davlat nazorati funksiyalari reyestr maʼlumotlari shakllantirildi.

Hozirgi kunda Biznes-ombudsman tegishli vazirliklar bilan birgalikda nazorat organlarining takrorlanadigan va zamon talablariga mos kelmaydigan 24 ta nazorat funksiyalarini maqbullashtirish yuzasidan Farmon loyihasi ishlab chiqilib Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?