“Bizda endi bunday siyosatchi boʻlmaydi” Suiqasd qurboni boʻlgan Yaponiya sobiq bosh vaziri Sindzo Abe dafn qilindi

22:48 12 Iyul 2022 Dunyo
1832 0

Foto: Reuters

Yaponiyaning Nara shahrida nutq soʻzlayotgan vaqtda orqasidan oʻq uzilgan sobiq bosh vazir Sindzo Abe dafn qilindi. Siyosatchi bilan xayrlashish uchun oʻn minglab odamlar Tokio koʻchalariga chiqishdi.

Seshanba kuni ertalab poytaxt Tokiodagi eng qadimiy ibodatxonalardan birida juda cheklangan doiradagi odamlar uchun xotira marosimi boʻlib oʻtdi. Ammo OAV xabarlariga koʻra, tadbirga yuzlab odamlar kelgan. Ularning koʻpchiligi qoʻllarida gullar bilan tashrif buyurgan.

Butun mamlakat boʻylab davlat boyroqlari tushirildi.

Keyin Abening jasadi joylangan mashina butun poytaxtni aylanib oʻtgan. Xususan, mashina Abe koʻp yillar davomida boshqargan Liberal-demokratik partiyaning shtab-kvartirasi, shuningdek, Yaponiyaning Bosh vaziri qarorgohi yonidan oʻtgan. 

Sobiq bosh vazir 67 yoshda edi. Soʻnggi paytlarda uning mamlakatdagi reytingi pasayib borayotganiga qaramay, koʻpchilik yaponiyaliklar uchun u soʻnggi oʻn yilliklarning eng muhim siyosiy arbob edi.

Erta tongdan odamlar Tokio markazidagi ibodatxona bino tashqarisida maxsus oʻrnatilgan stol ustiga gullar qoʻyish uchun saf torta boshladilar.

"Men bosh vazir qarorgohi oldidagi olomon orasida turardim. Dafn marosimi korteji yaqinlashganda, butunlay sukunat hukm surdi. Biz faqat tepamizda aylanib yurgan media vertolyotlarini eshitdik.

Odamlar jasad mashinasining oldingi oʻrindigʻida oʻtirgan Abe xonimga taʼzim qilishdi. 

Foto: Reuters

Bir necha soniyadan keyin kortej koʻrinmay qoldi. Ortimda oʻrta yoshli ayol roʻmolcha bilan koʻzlarini artib turardi.

“Bizda endi hech qachon u kabi siyosatchi boʻlmaydi”, dedi u", deydi voqeani kuzatib borgan BBC muxbiri Rupert Uingfild-Xeyz.

Abe eng uzoq muddat bosh vazir lavozimida ishlagan, mamlakatning zamonaviy tarixidagi eng nufuzli siyosatchilardan biri edi. Uning oʻlimi Yaponiya uchun katta zarba boʻldi, chunki bu yerda oʻqotar qurollar bilan bogʻliq jinoyatlar juda kam uchraydi.

Dastlabki versiyaga koʻra, Abeni otgan 41 yoshli Tesui Yamagami qoʻlga olingan. Politsiya maʼlumotlariga koʻra, jinoyatchining motivlarini oʻrganishni davom etmoqda va uning yolgʻiz harakat qilgani hali aniqlanmagan.

Bosh vazir qarorgohiga kiraverishda dafn marosimi kortejini Bosh vazir Fumio Kisida boshchiligidagi hukumat aʼzolari kutib oldi.

Abening oʻlimi koʻplab dunyo rahbarlari uchun zarba boʻldi

Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Boris Jonson voqeani jirkanch hujum deb atadi.

AQSH prezidenti Jo Bayden bu suiqasdni Yaponiya uchun fojia deb atadi. «Abe xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlikning buyuk himoyachisi edi», deb yozdi Bayden oʻzining «Tvitter»ida.

Yevropa Kengashi prezidenti Charlz Mishel Sindzo Abeni haqiqiy doʻst va koʻp tomonlama tartib va ​​demokratik qadriyatlarning ashaddiy himoyachisi, deb atadi.

“Ajoyib odamning bu vahshiy qotilligini hech qachon tushunmayman. Yaponiya, yevropaliklar siz bilan birga motam tutmoqda”, deya yozdi Mishel ijtimoiy tarmoqlarda.

Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albanizning aytishicha, Abe Avstraliyaning jahon sahnasidagi eng yaqin doʻstlaridan biri.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sindzo Abe suiqasd natijasida bevaqt vafot etgani munosabati bilan Yaponiya Imperatori Naruxito va Bosh vaziri Fumio Kisidaga hamdardlik yoʻlladi.

Unda yirik davlat arbobining Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni rivojlantirish, strategik sheriklik aloqalarini izchil va samarali kengaytirish borasidagi shaxsiy xizmatlari doimo yuksak qadrlanishi taʼkidlangan. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev marhumning rafiqasi va barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?