Biz Yangi Oʻzbekiston va Yangi Qoraqalpogʻistonni barchamiz birgalikda albatta barpo etamiz — Prezident

17:37 03 Iyul 2022 Siyosat
757 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv oʻtkazmoqda. Davlatimiz rahbari vatandoshlarimiz va Joʻqorgʻi Kenges deputatlariga murojaat qildi.

«Fursatdan foydalanib, men Oʻzbekistonni oʻz ona Vatani deb biladigan barcha vatandoshlarimizga, muhtaram otaxon va onaxonlarimizga, qadrli aka-uka va opa-singillarimizga, aziz farzandlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman.

Hech kimga sir emas, hozirgi vaqtda dunyoning turli mintaqalarida oʻzaro shafqatsiz raqobat, millatlararo va dinlararo ziddiyatlar, separatizm, millatchilik, radikalizm kabi tahdidlar tobora kuchayib bormoqda.

Ana shunday tahlikali vaziyatda mamlakatimizda yashayotgan turli millat va dinga mansub insonlar oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash, goʻzal diyorimizda barqaror va bardavom taraqqiyotni taʼminlash, xalqimizning bunyodkorlik salohiyatini, uning ertangi kunga boʻlgan ishonchini oshirish barchamizning, avvalo, rahbar va mutasaddilarning nafaqat vazifasi, balki muqaddas insoniy burchidir.

Biz faqat mana shu yoʻl bilan bugungi kunning barcha tahdid va xavf-xatarlariga munosib javob berishimiz, turli buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi jamiyatimizda, avvalo, yoshlarimiz qalbida mustahkam immunitet yaratishimiz, xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlangan demokratik islohotlar yoʻlidan ortga qaytmasdan yanada samarali natijalarga erishishimiz mumkin.

Aziz yurtdoshlar!

Barchamiz uchun Vatan bitta. Bizni yagona, ulugʻ bir maqsad birlashtiradi. U ham boʻlsa, yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligidir.

Biz Yangi Oʻzbekiston va Yangi Qoraqalpogʻistonni barchamiz birgalikda albatta barpo etamiz.

Oʻz hayoti davomida tarixning koʻp-koʻp mashaqqatli sinovlarini mardona yengib oʻtgan azmu shijoatli, olijanob xalqimiz oʻz oldiga qoʻygan mana shunday buyuk maqsadlarga albatta erishadi, deb ishonaman», dedi davlatimiz rahbari soʻzining yakunida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?