Biz uchun Turkmaniston – mintaqadagi ishonchli va muhim hamkor

17:03 16 Iyul 2022 Jamiyat
1066 0

Biz uchun Turkmaniston – mintaqadagi ishonchli va muhim hamkor. Bizning keng koʻlamli hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi intilishimiz qatʼiy, eng yaqin qoʻshnimiz bilan strategik sheriklik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash niyatidamiz.
Shavkat MIRZIYOYEV.

Turkmanlar Oʻzbekiston hududida qadim zamonlardan buyon yashab keladilar, ularni oʻzbek xalqi bilan tili, madaniyat, urf-odat va tarixiy ildizlarining yaqinligi, shuningdek, ikki xalq uchun umumiy boʻlgan epos, afsona va xalq dostonlari birlashtiradi. Oʻzlarining koʻp asrlik madaniyati va anʼanalarini saqlagan holda Oʻzbekistonning koʻp millatli yagona oilasiga uygʻun tarzda qoʻshilib ketganlar.

Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy maʼlumotiga koʻra, mamlakatimizda 1990-yilda 123 711 nafar, 2000-yilda 144 601, 2019-yilda 198 797 nafar va 2022-yil holatida esa 200 000dan ortiq turkman millatiga mansub fuqarolar istiqomat qilib kelmoqda.

130 dan ortiq millat va elatni “Oʻzbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida birlashtirib kelayotgan jonajon yurtimizda ikki yuz mingdan ortiq turkmanlar oʻz milliy madaniyatlari, tili, anʼanalari va urf-odatlarini asrash hamda rivojlantirish maqsadida Respublika Turkman madaniy markazi 2001-yil 7-may kuni tashkil qilingan.

Bugungi kunga kelib uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Turkman madaniy markazi, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi hududiy boʻlinmalari faoliyat yuritib kelmoqda.

Bagʻrikeng diyorimizda boshqa millat va elat vakillari singari turkman millatiga mansub fuqarolar ham yurtimizning muhim sanalari — Navroʻz, Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni singari umumxalq bayramlarida faol qatnashadilar. Ushbu millatning tarixiy shaxslari, allomalari jumladan, turkman tilining asoschisi, XVIII asrda yashab oʻtgan buyuk shoir va alloma Mahtumquli, turkman mumtoz shoiri Mollanapes Qodirberdi oʻgʻli kabi insonlar xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishi anʼanaga aylangan.

Shuningdek, turkman xalqi buyuk shaxslari, shoiru arboblarining oʻzbek tiliga tarjima qilingan kitoblarining taqdimotlarini oʻtkazish, turkman sanʼati va xalq hunarmandchiligi namunalari namoyish qilish anʼanaga aylangan.

Yurtimizning koʻplab mahallalari, koʻchalari, istirohat bogʻlari, muassasalariga turkman xalqining taniqli shaxslari, arboblari, shoirlari, shaharlar nomlari berilgan. Toshkentdagi “Ashxobod” bogʻi, “Maxtumquli” nomidagi mahalla va koʻchalar shular sirasiga kiradi.

Oʻzaro hurmat, ishonch va manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan oʻzbek-turkman munosabatlarining rivojlanishiga koʻmaklashish barobarida markazlar jamoatchiligi tomonidan har yili oʻzbek-turkman doʻstligi kechalari tashkil qilinadi. Bugungi kunda milliy madaniyat markazlar oʻqitish turkman tilida olib boriladigan 40 dan ortiq maktablarga koʻmaklashadilar. Ushbu maktablar uchun mutaxassislar Qoraqalpoq davlat universitetining turkman filologiyasi fakultetida, Beruniy shahridagi Pedagogika kollejida tayyorlanadi. Bundan tashqari, respublikada turkman tilida bir qator gazeta va jurnallar chop etiladi. Yoshlar bilan ishlash dasturlari doirasida markazlar qoshida havaskor badiiy jamoalar tashkil etilgan boʻlib, ular orasida eng mashhuri Qoraqalpogʻiston Turkman madaniy markazi qoshida faoliyat yurituvchi “Orzu” ansambli hisoblanadi. Ushbu markazning «Mekan» gazetasi ham chop etiladi.

Shuningdek, oliy taʼlim sohasida turkman millatiga mansub koʻplab yoshlarga yurtimizning koʻpgina hududlari, xususan, Buxoro viloyatidagi oliy taʼlim muassasalarida ham taʼlim beriladi.

Joriy 2021/2022-oʻquv yilida Buxoro davlat universitetida 285 nafar, Buxoro muhandislik texnologiyalari institutida 10 nafar, Buxoro tibbiyot institutida 247 nafar, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universiteti Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida esa 27 nafar va viloyat miqyosida jami 569 nafar turkman millatiga mansub talabalar tahsil oldi.

Xususan, Buxoro davlat universitetida oʻtgan yillarda tahsil olgan 259 nafar turkmanistonlik talabalar toʻrt yillik bakalavriat yoʻnalishini tamomladi va ularga universitet rahbariyati tomonidan kuni kecha tantanali ravishda diplomlar taqdim etildi.

— Biz bitiruvchi yoshlar ishtirokida universitetda “Yangi Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor” shiori ostida “Rektor va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi, – deydi bitiruvchi Oguldondi Jumanazarova. – Uchrashuvda men Oʻzbekistonda, Buxoro davlat universitetida taʼlim olganimdan faxrlanishimni aytdim. Sababi, shu oliygohda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Inson qadrini ulugʻlab, millatidan qatʼiy nazar har bir yoshni taʼlim olishi uchun qilayotgan gʻamxoʻrligi va universitet rahbariyatining talabalarni sifatli taʼlim olishi, maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirish uchun imkoniyatlar yaratib berilgani tufayli katta natijalarga erishdim. 2021-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 30 yil” koʻkrak nishoni sohibi boʻldim. Buning uchun barcha ustozlarimdan minnatdorman.

– Bizga 4 yil davomida Buxoro davlat universiteti jamoasi ham ota-ona, ham yaqin insonlardek boʻlishdi, – deydi bitiruvchi Zarina Sultonova. – Uyimizdan koʻp yil uzoqda yashadik. Koronavirus pandemiyasi davrida qiyinchiliklar yuzaga keldi. Shunday davrda universitet jamoasi har tomonlama qoʻllashdi. Buning uchun Oʻzbekiston xalqi, buxoroliklar, jonajon oliygohimdagi barcha jonkuyar ustozlarga rahmat aytaman.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizning shiddatli taraqqiyoti, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida qilinayotgan strategik harakatlar, xususan, millatlararo totuvlik, qoʻshni mamlakatlar bilan keng hamkorlik siyosati tom maʼnoda har bir insonni millatidan, fuqaroligidan qatʼiy nazar baxtiyor qilmoqda.

Azizbek AMONOV, Buxoro davlat universiteti Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha Birinchi prorektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?