Biz taʼlim boʻyicha eng yaxshi hamkorlarni aynan Namangandan topdik – Sergey Xaritonchik

15:40 30 Noyabr 2021 Jamiyat
377 0

Foto: "Xalq so'zi"

Yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tashrif buyurgan Belarus milliy texnika unversiteti delegatsiyasi Namangan muhandislik-texnologiya intitutida ham boʻldi.

Oʻzaro muloqot davomida doʻstona aloqalarini yanada rivojlantirish, Namangan muhandislik-texnologiya instituti bilan hamkorlikda 1+1 dasturi asosida magistratura yoʻnalishlarini ochish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, ikki nufuzli oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari malaka oshirish kurslari va oʻzaro almashinuv dasturida ishtirok etadigan boʻldilar. Aytish kerakki, jahonning TOP-800 reytingidan joy olgan Belarus milliy texnika universiteti kundan-kunga ilmiy salohiyati yuksalib borayotgan nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanadi. Aytish kerakki, mazkur muassasa bilan Namangan muhandislik-texnologiya instituti oʻrtasida mustahkam hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan va kelishuvga asosan bugungi kunda Namanganda 2+2 dasturi asosida Belarus-Oʻzbekiston taʼlim markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

– Biz taʼlim boʻyicha eng yaxshi hamkorlarni aynan Namangandan topdik. Bugungi muloqotlar ikki oliy taʼlim muassasalari uchun ham yanada manfaatli boʻladi, degan umiddamiz. Kelishuvimizga asosan namanganlik talabalar Minsk shahriga borishadi, bizning yoshlar esa bu yerga kelib, oʻzaro tajriba almashadilar. Yana shuni aytmoqchimanki, biz dunyoning 102 davlatidagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilamiz. Sizning yurtingizda ham yana yangi hamkorlarni topish niyatimiz bor, – deydi Belarus milliy texnika universiteti rektori Sergey Xaritonchik.

Mehmonlar institutda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.  Bu yerda jamlangan yangi avlod oʻquv-laboratoriya jihozlari delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirdi. Ushbu jihozlar Jahon banki tomonidan qariyb 11.5 milliard  soʻmlik moliyaviy koʻmak asosida keltirilgan boʻlib, hozirgi kunda ular yordamida 400 ga yaqin amaliyotlarni bajarish imkoniyati mavjud.  Shundan soʻng, Belarus-Oʻzbekiston taʼlim markazida 2+2 dasturi asosida taʼlim olayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Oʻzaro manfaatli muloqotlar davomida 2+2 dasturi asosida yangi taʼlim yoʻnalishlarini ochish taklifi bildirildi. Shuningdek, mehmonlar namanganlik talaba-yoshlarni “Belarus yozgi oʻquv maktabi”da ishtirok etish uchun Minsk shahriga taklif etishdi. 2022-yilda esa ikki tomonlama hamkorlikda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazishga kelishib olindi.

                                                                     Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?