Biz shu vaqtgacha tarixning oʻzimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib oʻtdik — Prezident

11:39 31 Avgust 2021 Jamiyat
694 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.

U yerda jamoatchilik vatanimiz fidoyilari, milliy istiqlol yoʻlida qurbon boʻlgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish uchun yigʻildi. Qurʼon tilovat etilib, oʻtganlar haqiga duo qilindi. Elga osh tortildi.

Mustabid tuzum davrida yurtimiz ozodligi uchun kurashgan 100 mingdan ortiq vatandoshlarimiz qatagʻonga uchragan. Ularning qanchasi “xalq dushmani” degan tuhmat bilan shafqatsiz otib tashlangan. Yana qanchasi surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan. Oilalari parokanda boʻlib, mol-mulklari tortib olingan. Bu mudhish jinoyatdan mushtipar momolarimiz, onalarimiz ham omon qolmagan. Minglab ayollar beva, bolalar yetim qolgan.

Bu nafaqat ularning avlodlari, balki butun xalqimiz yuragidagi ogʻriqdir. Shu bois oradan shuncha vaqt oʻtsa-da, barchamiz oʻsha mudhish davrni iztirob bilan eslaymiz.

2001-yildan buyon 31-avgust – “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. Vatan fidoyilarining hayoti va merosini oʻrganish, xotirasini abadiylashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu yil Shahidlar xotirasi xiyobonida bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi binosi rekonstruksiya qilindi.

Davlatimiz rahbari ushbu muzeyni kirib koʻrdi. U yerda yaratilgan sharoitlar, tarixiy hujjatlar bilan tanishdi.

- Koʻrinib turibdiki, katta salohiyatga ega yetakchilar, olimlar, adiblar, shifokorlar, oʻqituvchilar qatagʻon qilingan. Ular xalqimizning eng sara vakillari edi. Mustabid tuzumga millat koʻzini ochadigan, unga oʻzligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Ularning aybi - buyuk boʻlgani, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Afsuski, shu paytgacha qatagʻon qurbonlarining toʻliq roʻyxati shakllantirilmagan edi. 2020-yil 8-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Tarixchi olimlar jalb etilib, zulm qurboni boʻlgan barcha insonlarni aniqlash va nomlarini tiklash boʻyicha katta ishlar boshlandi. Chet ellardagi arxiv va muzeylar, kutubxona va fondlar bilan ham hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Fanlar akademiyasi va boshqa tashkilotlarning arxivlaridan yangi-yangi maʼlumotlar topilmoqda.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda qatagʻon qurbonlariga bagʻishlangan muzeylar tashkil etildi. Ularda rasmiy materiallar bilan birga oilaviy arxivlarda saqlanib qolgan koʻplab tarixiy hujjatlar, noyob suratlar toʻplanmoqda. Qatagʻon qurbonlarining nomlari, ularning hayoti va faoliyati viloyatlar, tumanlar kesimida aniqlanmoqda. Bu maʼlumotlar asosida koʻp jildlik “Qatagʻon qurbonlari” kitobi nashrga tayyorlanayapti.

Prezidentimiz bunday katta, ilmiy asarlar bilan birga maktab oʻquvchilari uchun sodda tilda, kichik-kichik kitoblar chiqarish zarurligini taʼkidladi. Buning uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarga Tarix institutining ilmiy xodimlarini biriktirib, har bir hududdagi jadid bobolarimiz, qatagʻon qurbonlari nomini tiklab borish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Davlatimiz rahbari tarixni oʻrganish va oʻrgatish vazifalari haqida gapirdi.

- Biz shu vaqtgacha tarixning oʻzimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib oʻtdik. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, gʻururimizmi-armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi - hammasini haqqoniy yozish kerak, - deya taʼkidladi Prezident.

Haqiqatni tiklash borasidagi yana bir qadam - shu yil 25-avgust kuni Oʻzbekiston Oliy sudi tomonidan 115 nafar qatagʻon qurboni oqlandi. Prezidentimiz bu qarorni olqishladi.

– Oradan qariyb yuz yil oʻtib adolat qaror topdi. Milliy istiqlolimiz uchun kurash olib borgan, lekin reabilitatsiya qilinmay qolgan 115 nafar bobomizning pok nomlari oqlandi. Hali bundaylar qancha? Vatanparvar insonlarning shaʼnini tiklashga qaratilgan ezgu ishlarni davom ettirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot boʻldi. Davlatimiz rahbari ajdodlar xotirasi, bugungi mustaqillik va tinchlik qadri haqida gapirdi.

- Jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bagʻishlagan. Buning badalini oʻz jonlari bilan toʻlagan. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, eʼzozlashimiz ham qarz, ham farz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Dunyoda boʻlayotgan voqealarga ogoh koʻz bilan qarash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish muhimligi taʼkidlandi.

- Hamma natijalar, mana shunday bayramlarimiz tinchlik tufayli. Ishlarimiz, ibodatlarimiz tagida ilm-maʼrifat boʻlishi kerak. Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil etdik. Buyuk muhaddis va islom dini ulamolarimiz asarlari nashr etilmoqda. Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonun shu masalalarga qaratilgan. Imom-xatiblar, diniy jamoatchilik maʼnaviyatni yuksaltirish, mehr-oqibatni mustahkamlash, yoshlarga toʻgʻri tarbiya berishga bundan buyon hissa qoʻshadilar, deb ishonaman, - dedi Prezident.

Allohdan oʻtganlarga rahmat, yurtimizga tinchlik va farovonlik tilab duo qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?