Biz oʻtgan 4,5 yillikda juda katta ishlarni amalga oshirdik. Butun dunyo ham shuni eʼtirof qilyapti – Xayrullo Bozorov

21:48 20 Iyun 2021 Jamiyat
1125 0

“Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi Yoshlar festivali doirasida Fargʻona shahridagi viloyat teatr-konsert saroyida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamda Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Shavkat Zayniddinov ishtirok etdi.

Tadbirda soʻz olgan viloyat rahbari oldinda katta rejalar turganini, ularning barchasi asta-sekin amalga oshirilayotganligini maʼlum qildi.

«Lekin qilingan ishlardan koʻra qiladigan ishlarimiz koʻp. Juda koʻp masalalar, muammolar yigʻilib turibdi. Ularni birdaniga hal qilib boʻlmaydi, lekin bitta narsani sizlar va sizlar orqali yoshlarimiz tushunishini istardimki, biz oʻtgan 4,5 yillik islohotlar ichida juda katta ishlar, yutuqlarni amalga oshirdik. Butun dunyo ham shuni eʼtirof qilyapti. Lekin baribir shunga qaramasdan erishilgan yutuqlarimizni koʻrolmaydigan kuchlar ham bor. Hayot bor, kamchilik ham boʻladi. Hamma sohada ham kamchilik, muammolar bor. Ularni hal qilishga harakat qilinyapti, hamma sohalarga eʼtibor qaratilmoqda. Ota-bobolarimizdan qolgan mehr, oʻzaro hurmat- ehtiromni, ulugʻ insoniy qadriyatlarimizni saqlab qolsak, Xudo xohlasa albatta, oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishamiz, - dedi viloyat hokimi Xayrullo Bozorov.

Viloyat rahbari ayni paytda Fargʻonada yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, xususan, oliy oʻquv yurtlarining koʻpayib borayotganligi haqida toʻxtalib oʻtdi. Yoshlarni bilimli, kasb-hunarli boʻlishga chorladi.

Shundan soʻng qizgʻin savol-javoblar boshlanib ketdi.

Andijonlik talaba Nasiba Ibrohimova vodiy viloyatlarida mavjud askiya sanʼatini yana-da jonlantirish taklifini ilgari surdi.

“Fargʻonada «Askiya maktabi” ochilgan. Uni faoliyati shahar-tumanlarimizda ham kengayib bormoqda. Sizning taklifingizdan kelib chiqib, shu yilning avgust oyida viloyatda oʻtkazilishi rejalashtrilgan “Vodiy ovozi” tanloviga askiyachilik yoʻnalishini ham kiritamiz», - deya javob berdi Xayrullo Bozorov.

Fargʻonaga Respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan talabalar mehmondoʻstlikdan mamnun ekanliklarini, rahbariyatning yoshlar bilan yaqinligini koʻrib xavas qilishayotganliklarini aytib oʻtishdi. Turizmni rivojlantirish, dasturchilarni koʻpaytirish, ustozlarga hurmat-ehtirom hissini oshirish va ulardan koʻproq ilm-hunar oʻrganish kabi turli masalalarda oʻz takliflarini oʻrtaga tashladilar.

Ularni diqqat bilan eshitgan viloyat hokimi takliflarni qoʻllab-quvvatladi, oʻz munosabatini, fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

Yakunda Fargʻonada yuqori saviyada tashkil etilayotgan yoshlar oyligi munosabati bilan viloyat hokimi Xayrullo Bozorovga Yoshlar ittifoqi markaziy kengashining tashakkurnomasi topshirildi.

Shuningdek, savol-javoblarda faol ishtirok etgan oʻgʻil-qizlarga viloyat hokimligining esdalik sovgʻalari va kitoblar tuhfa etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?