Biz barcha vaʼdalarni bajaryapmiz — Amir Xon Muttaqiy

12:03 26 Iyul 2022 Siyosat
672 0

Foto: Xalq so‘zi

Toshkentda davom etayotgan xalqaro konferensiyada Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy Afgʻoniston oʻz boʻyniga olgan barcha vaʼdalarni bajarayotganini maʼlum qildi. Endi AQSHni ham vaʼdalarini bajarib, muzlatilgan pullarni qaytarishga chaqirdi.

Oʻzbekistonga taklif qilgani va anjumanni tashkil qilgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

— 11 oy davomida - qisqa muddat ichida mamlakatda xavfsizlikni taʼminlay oldik va barcha davlat organlari faoliyati, xodimlarini saqlab qoldik, aholiga asosiy xizmatlar koʻrsatilmoqda. Korrupsiyani deyarli nolga tushirdik. Siyosiy va harbiy muxoliflarning barchasiga amnistiya eʼlon qilindi. Afgʻoniston tarixida ilk bor tolerantlik siyosati eʼlon qilindi; Hech kim siyosiy gʻoyalari uchun ishdan olinmadi. Yangidan tuzilgan Mudofaa va IIV vazirliklari juda yaxshi ishlayapti. Biz bu kuch tuzilmalarimizni xalqimizga yoki qoʻshnilarimizga qarshi ishlatmadik. Barcha tashqariga chiqib ketgan vatandoshlarni yurtga qaytishga chaqiramiz, Afgʻoniston barcha afgʻonlarning yurti.

Uzoq vaqtdan soʻng biz barcha universitetlar va maktablarni ochdik. Hozir bizda deyarli 10 million oʻquvchilar maktablarda oʻqimoqda. Ayollarga sharoit bor joyda ular ishlayapti, sharoit yoʻq joyda uydan ishlayapti. Biz ularga sharoit qilgunga qadar uydan ishlagani uchun pul toʻlab turibmiz.

Afgʻoniston mintaqalar oʻrtasida savdo hamkorligida xalqaro hab boʻlishi uchun harakat ketmoqda. Afgʻoniston Janubiy va Markaziy Osiyoni bogʻlash uchun eng qisqa yoʻl. Afgʻoniston islom amirligi hududidan boshqa davlatlarga tahdid qilinmaydi, bunga vaʼda berdik va bajaryapmiz. Biz barcha vaʼdalarimizni bajardik. Endi AQSH ham barcha vaʼdalarini bajarishini soʻraymiz. Biz barcha davlatlar bilan oʻzaro hurmat asosida aloqalar oʻrnatishga tayyormiz. Biz AQSHni hech qanday shartlarsiz muzlatilgan pullarni qaytarishga chaqiramiz. Shuningdek, barcha davlatlarni mamlakatga investitsiya kiritishga chaqirib qolamiz, — dedi Afgʻoniston Muvaqqat hukumati tashqi ishlar vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy.

Abduvali Soyibnazarov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?