“Bitta qiz bolani oʻqitsangiz, butun oilani oʻqitgan boʻlasiz”

18:15 10 Noyabr 2020 Jamiyat
228 0

Buyuk davlat arbobi Indira Gandining shunday gapi bor: “Bitta qiz bolani oʻqitsangiz, butun oilani oʻqitgan boʻlasiz”. Bu soʻzlar bejiz aytilmagan. Buning zamirida hayotiy haqiqat borligini albatta, hammamiz yaxshi bilamiz.

Aslida oliy maʼlumotli boʻlishning oilaviy baxtga aloqasi yoʻq boʻlishi mumkin. Lekin oʻqimishli kishilarning maʼnaviy dunyosi, fikrlashi, dunyoqarashi boshqalardan koʻra farq qiladi. Qolaversa, yoshlarning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sogʻlom boʻlib oʻsishi koʻp jihatdan onasiga bogʻliq boʻladi.

Joriy yilda qishloq joylarda yashayotgan, kam taʼminlangan oilalarga mansub qizlarimiz oliy oʻquv yurtlarining kunduzgi boʻlimida davlat granti asosida oʻqishlari uchun 940 ta oʻrin ajratilgani zamirida albatta, ulkan maqsadlar mujassam. Shak-shubhasiz, qizlarimiz uchun yaratilgan bunday qoʻshimcha imkoniyat yana yuzlab oilalarga bilim va maʼrifat nurini olib kiradi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning oʻz iqtidorlarini namoyon qilishi, qobiliyatiga yarasha ishlashi uchun barcha sharoitlar mavjud. Lekin hamma joylarda ham imkoniyatlar yetarli darajada, deb boʻlmaydi. Shaharda hayot qizgʻin, oʻqish-oʻrganish, ilm olishga qulayliklar boʻlsa, qishloqlarda bunday imkoniyatlar yoʻq. Demak, endi chekka qishloqlarga ham ayni muhitni olib kirish lozim.

Mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Ular ijtimoiy-maʼnaviy, siyosiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida samarali va faol mehnat qilib kelmoqda. Joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar chogʻida ham qizlarimiz bilan suhbatlashamiz, muloqot qilamiz. Ochigʻi, ularning aksariyatida oʻqishga, taʼlim olishga boʻlgan qiziqish yuqori. Koʻzlari yonib turibdi, qalbi orzularga toʻla. Biroq ularning toʻlov-shartnoma asosida tahsil olishga imkoniyati yoʻq, qurbi yetmaydi.

Yaqinda Buloqboshi tumani “Oʻzbekoyim” oʻquv markazida xotin-qizlar uchun tashkil etilgan mahorat darsida turli soha vakillari qatori, biz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham ishtirok etdik.

Asosiy maqsadi qishloq joylardagi kam taʼminlangan oilalar, ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻrgatish, tadbirkorlikka jalb qilish orqali bandligini taʼminlashdan iborat boʻlgan seminarda ularning qiziqishlari, muammolari oʻrganilib, mamlakatimizda ayollarga yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida atroflicha tushunchalar berildi.

Oʻz navbatida, koʻplab savollar oʻrtaga tashlanib, ular javob izlandi, ayrim muammolar joyida hal etildi. Shu yerda faol xotin-qizlarimizdan biri: “ayollarning turli muammolarga duch kelishiga koʻp hollarda ulardagi huquqiy savodxonlikning pastligi sabab boʻlmasmikan?”, degan savoli oʻrtaga tashladi. Haqiqatdan, bu juda toʻgʻri gap. Chunki, saylovchilar bilan muloqotlar davomida ayollarda huquqiy bilim va koʻnikma yetarli emasligini koʻp bor, guvohi boʻlyapmiz, koʻryapmiz. Bu huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy taʼlim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayotganidan dalolatdir.

Agar qizlarimiz biz istayotgan darajaga chiqishini istasak, ularni oliy oʻquv yurtlariga davlat granti asosida oʻqishlari uchun kvotalar sonini yana-da oshirish kerak. Faylasuf Konfutsiy aytganidek, “agar sen xalqingni bir yil boqmoqchi boʻlsang, bugʻdoy ek, oʻn yil boqmoqchi boʻlsang, daraxt ek, agar asrlar davomida boqmoqchi boʻlsang, bilim, ilm ek...”. Albatta, bu soʻzning tag-zamirida juda katta maʼno-mazmun bor. Binobarin, ilm-fan — bashariyatning buguni va kelajagini belgilashda muhim oʻrin tutadi.

Muxtasar aytganda, har tomonlama faol va oqila, dono, izlanuvchan ayol mehnatidan, salohiyatidan nafaqat uning oilasi, balki butun jamiyat manfaatdor boʻladi. Shunday ekan, qiz bola bolalikdan yaxshi taʼlim olsa, unga oʻz vaqtida hunar oʻrgatilsa, bu jamiyat uchun foydali boʻladi. Zero, ilm-fan yutuqlarisiz innovatsion taraqqiyotga erishib boʻlmasligi hammamizga yaxshi ayon.

Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?