Birorta maktab “Bir million dasturchi” loyihasidan chetda qolmasligi kerak — Prezident

21:45 10 Sentyabr 2021 Siyosat
1599 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 10-sentyabr kuni axborot texnologiyalari sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

“Raqamli iqtisodiyot” mamlakatimiz taraqqiyotining asoslaridan biri sifatida belgilangan. Shu maqsadda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boshlandi. Jumladan, uning doirasida hududlarda 89 ta, tarmoqlarda 200 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etildi.

Yil boshidan buyon, IT Park rezidentlari soni 35 foizga koʻpayib, ularda 6 mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratilgan. Joriy yilning 8 oyida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar 26 million dollarga eksport qilingan. Kelgusi 3 yilda iqtisodiyot sohalarida yana 300 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Ushbu loyihalar, umuman, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Hozirgacha bu loyiha doirasida 567 ming oʻgʻil-qiz bepul saboq oldi. Eʼtiborlisi, ularning 79 foizi maktab oʻquvchilaridir.

Tadbir avvalida Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat ishlari boʻyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergaviy videoaloqa orqali ushbu loyihaning ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Yigʻilishda axborot texnologiyalari boʻyicha taʼlim sharoitlarini yaxshilash va qamrovini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

2 mingdan ortiq maktabning birorta ham oʻquvchisi “Bir million dasturchi” loyihasida ishtirok etmagani koʻrsatib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari loyihani har bir maktabga yetkazish, zarur hollarda ularni qoʻshimcha kompyuterlar bilan taʼminlash, bolalarni oʻqishga keng jalb etish muhimligini taʼkidladi.

– Birorta maktab “Bir million dasturchi” loyihasidan chetda qolmasligi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, bunday oʻquvlar joylardagi Yoshlar markazi, “Ishga marhamat” mono-markazlari negizida ham tashkil etilishi aytildi.

Bugungi kunda yurtimizda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 100 ta maktab faoliyat yuritmoqda. Kelgusi ikki yilda bunday muassasalarni 205 taga yetkazib, 30 mingdan ziyod oʻquvchilarni oʻqitish rejalashtirilgan.

Shu bois mutasaddilarga ushbu maktablar uchun pedagoglar, texnika va oʻquv dasturlarini hozirdan puxta tayyorlash boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yana bir yangilik – joriy yil 1-oktyabrdan boshlab barcha hududlarda 14 ta IT-texnikum faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Ularda dasturiy injiniring, axborot xavfsizligi telekommunikatsiya kabi yoʻnalishlar boʻyicha 8 mingga yaqin oʻquvchi tahsil oladi.

Yigʻilishda ushbu texnikumlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Kadrlar tayyorlashda oʻquv markazlari ham muhim oʻrin tutadi. Shu maqsadda Aloqa bank tomonidan ustavi 80 milliard soʻm boʻlgan Venchur jamgʻarmasi va IT bilimlarni rivojlantirish markazi tashkil etilishi belgilandi. Ushbu markazda kelgusi besh yilda 100 ming nafar yoshlarga dasturiy taʼminot, mobil ilovalar, tarmoq administratori kabi yoʻnalishlar boʻyicha professional taʼlim beriladi.

Bundan tashqari, hozirda 151 ta raqamli texnologiyalar oʻquv markazi faoliyat yuritib, ularda joriy yilda 27 mingdan ortiq tinglovchilar oʻqitildi. Ushbu markazlar faoliyatini kengaytirish, davlat-xususiy sheriklik asosida yana shunday oʻquv maskanlari tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda Prezident va ijod maktablari hamda ixtisoslashgan maktablarda taʼlim-tarbiya sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.

Bugungi kunda 4 ta Prezident maktabida 576 nafar, 3 ta ixtisoslashgan va 9 ta ijod maktabida 1 ming 500 nafar oʻquvchi taʼlim olmoqda.

Davlatimiz rahbari tarbiya jarayonida milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhi asosiy ahamiyat kasb etishi zarurligini taʼkidladi.

Oʻquvchilarni mamlakatimiz tarixi, madaniyati va sanʼati bilan kengroq tanishtirish, harbiy xizmatchilar ishtirokida vatanparvarlik darslari tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Ixtisoslashgan maktab oʻquvchilarini axborot texnologiyalari mutaxassisliklariga yoʻnaltirish, ijod maktablarida veb-dizayn, kompyuter grafikasi, tasviriy va raqamli sanʼat, audiovizual asarlarni yaratish, tarjimonlik, jurnalistika va aktyorlik mahorati kabi toʻgaraklar tashkil etish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Ilgʻor xalqaro tajriba va standartlar asosida ushbu maktablar muallimlarining malakasini oshirib borish zarurligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda Toshkent shahrida Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi hamda Andijonda uning hududiy filiali tashkil etilishi belgilandi. Bu markazga xorijdan malakali mutaxassislar jalb qilinib, fanlar va chet tillari boʻyicha oʻqituvchilarning malakasi oshiriladi, xalqaro sertifikatlar beriladi.

Umuman, Prezident maktablariga investitsion va innovatsion yoʻnalishlarni joriy qilish boʻyicha yangi tizim tashkil etiladi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi xorijdan oʻquv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlar jalb qilishga koʻmaklashadi. Shuningdek, xorijiy maktablar bilan oʻqituvchi va oʻquvchilarni almashish dasturlari amalga oshirladi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?