Birorta hokim oʻzida qancha mahsulot saqlash quvvati borligini ham, bor mablagʻlarni ishlatishni ham bilmaydi — Prezident

17:56 05 Sentyabr 2022 Siyosat
557 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini taʼminlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Yigʻilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining mavsumiy oʻzgarishi yuqoriligi koʻrsatib oʻtildi. Sababi - qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan 50 ta tumanda muzlatkich, quritish, saralash va saqlash quvvatlari yetishmaydi.

Shu munosabat bilan viloyat hokimlariga Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 50 ta tumanda saqlash quvvatlarini keskin oshirish boʻyicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.

“Buning mablagʻlari bor. Lekin, birorta hokim oʻzida qancha mahsulot saqlash quvvati borligini ham, bor mablagʻlarni ishlatishni ham bilmaydi”, dedi Prezident.

Joriy yilda meva-sabzavotga ajratilgan 1,5 trillion soʻm kredit resurslarining 670 milliard soʻmi oʻzlashtirilgani ham qayd etildi.

Hokimlar oʻzlarining takliflarida faqat amalga oshiriladigan yangi loyihalar, ular hisobiga olinadigan mahsulot hajmini koʻrsatayotgani, bu aholining taʼminotiga qanday taʼsir qiladi, yil yakunigacha narx-navo nima boʻladi, degan savollarga javob yoʻqligi tanqid qilindi.

Viloyat hokimlariga oʻn kun muddatda import boʻlayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni oʻzimizda koʻpaytirish boʻyicha aniq tadbirkor va aniq loyihalarni koʻrsatib, har bir mahsulot kesimida hozir qancha va bir yil ichida qanchaga koʻpaytirishi boʻyicha aniq reja va hisob-kitoblarni taqdim etish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?