Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilganiga 77 yil toʻldi

16:13 25 Oktyabr 2022 Siyosat
266 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi

BMT — dunyoda tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlarning oʻzaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. 1945-yil 26-iyunda qabul qilingan BMT ustavi oʻsha yili 24-oktyabr sanasida kuchga kirgan.

Keyinchalik Bosh Assambleyaning 1948-yildagi rezolyutsiyasi bilan mazkur kun tashkilot tomonidan BMT kuni sifatida nishonlanishi belgilangan. 1971-yilda esa Bosh Assambleya oʻz rezolyutsiyasida aʼzo davlatlarga 24-oktyabrni bayram sifatida nishonlashni tavsiya qilgan. Shu bilan mazkur sana xalqaro bayramga aylandi. Bu yil BMT tashkil etilganiga 77 yil toʻldi.

BMT tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, uni tashkil etish haqidagi qaror AQSH, Birlashgan Qirollik, Xitoy va sobiq sovet ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida 1943-yilda qabul qilingan. BMT ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan, 2000-yilda esa ular soni 189 taga yetgan. Bugungi kunda 200 ga yaqin davlat BMTga aʼzo hisoblanadi.

BMTning doimiy ish oʻrni (bosh qarorgohi) Nyu-Yorkda joylashgan, tashkilotning rasmiy tillari — ingliz, fransuz, rus, ispan va xitoy tillari boʻlib, ingliz, fransuz va ispan tillarida ish yuritiladi.

BMT ustavida koʻrsatilganidek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli boʻlishi va oʻz taqdirini oʻzi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar oʻrtasida doʻstlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar oʻrtasida hamkorlik rivojlanishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston 1992-yil 2-mart kuni BMTga aʼzo boʻlgan. Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi baland koʻtarilgan. 1993-yil 24-avgust kuni BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi. BMTda Oʻzbekiston Doimiy vakolatxonasi ish boshladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер