Birlashgan Millatlar Tashkiloti Namangan viloyatida “Dala kuni”ni oʻtkazdi

19:26 26 May 2022 Iqtisodiyot
673 0

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Namangan viloyati Beshkapa mahallasida “Dala kuni” tashkil etildi. 

Unda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida Koreya Respublikasi Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligining moliyaviy koʻmagida FAO va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi doirasida erishilgan natijalarni namoyish etildi.

Loyiha ilmiy yondashuv va ilgʻor texnologiyalar asosida issiqxonalarda ekinlarni yetishtirish usullarini yaxshilashga qaratilgan. Zero, maʼlumki, sabzavotchilik Fargʻona vodiysi qishloq aholisining asosiy daromad manbalaridan biri boʻlib, fermerlar oʻz tomorqasi va issiqxonalarida mart boshidan noyabr oyining oxirigacha sabzavot va koʻkatlar yetishtiradi. 

Loyiha doirasida 20ta tomorqa xoʻjaliklarida issiqxonalar modernizatsiya qilindi va optimallashtirildi. Benefitsiarlar sogʻlom oʻsimliklar yetishtirib va moʻl hosil olib, yangi usullarning samaradorligiga oʻzlari ishonch hosil qilishdi.

«FAO loyihasi bizga doimo yangi narsalarni oʻrganish, zamon bilan hamnafas boʻlish naqadar muhimligini koʻrsatdi. Men oʻzim meva-sabzavot yetishtirish boʻyicha agronomman. Lekin ushbu loyiha davomida bizga oʻrgatilgan bunday usullar haqida bilmas edim. Misol uchun, issiqxonalarda harorat va yorugʻlikni nazorat qilish uchun soya toʻrlari, shuningdek, yuqori mustahkamlikka ega boʻlgan maxsus qoplama materiallaridan foydalanish kam xarajat bilan yuqori hosil olishga katta taʼsir koʻrsatar ekan. Oʻsimliklarni himoya qilishning takomillashtirilgan usullarini alohida taʼkidlamoqchiman. Chunki buning natijasida inson salomatligi uchun zararli boʻlgan pestitsidlar endi ishlatilmaydi. Loyiha agroinnovatsiyalarni targʻib qiladi va buni, oʻrganib, fermerlar va uy xoʻjaliklari oʻrtasida keng targʻib qilish kerak», deydi Fargʻona viloyatidan tashrif buyurgan benefitsiar Rahmonali Yoqubov.

“Dala kuni” FAOning xalqaro ekspertlari, loyiha benefitsiarlari, fermerlar, mahalliy aholi va maʼmuriyat vakillari, shuningdek, xususiy sektor ishtirokida oʻtkazildi. Loyihaning manfaatdor tomonlari issiqxonada sabzavot yetishtirishdagi yangiliklar va zamonaviy usullar bilan yaqindan tanishib, erishilgan natijalarni baholashdi.

«Men har uchala loyiha hududida optimallashtirilgan issiqxonalarni borib koʻrdim va loyihaning birinchi yilgi natijalari juda muvaffaqiyatli ekaniga ishonch hosil qildim. Endi xonadonlarda issiqxona xoʻjaligini yaxshilash, vaqt va resurslarni tejash mumkinligini bilishadi. Zamonaviy tomchilatib sugʻorish tizimlarining joriy etilishi tufayli suvni tejash imkoniyatlari paydo boʻlmoqda. Eruvchan ozuqa moddalari oʻsimliklarning ildiz tizimiga toʻgʻridan-toʻgʻri yetib borishi yanada samarali boʻlmoqda. Bundan tashqari, bioarilar issiqxonalarda oʻsimliklarni changlatish uchun ishlatiladi. Bu vaqtni tejaydi va oʻsimliklarni qoʻlda changlatishni osonlashtiradi. Buning natijasi yaqqol koʻrinib turibdi. Benefitsiarlar sifatli va yuqori hosil olishdi», deydi loyihaning yetakchi texnik mutaxassisi Hafiz Moʻminjonov.

Loyiha doirasida issiqxonada sabzavot yetishtirish, sanitariya qoidalariga rioya qilish, suv va oʻsimliklarning oziqlanishini, tuproqni boshqarish, oʻsimliklarni kasallik va zararkunandalardan kompleks himoya qilish va boshqa koʻplab sohalarda texnik imkoniyatlarni oshirishga qaratilgan qator treninglar oʻtkazildi. Shuningdek, yigʻim-terimdan keyingi qayta ishlashni takomillashtirish, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi nazorati va marketingni yaxshilash borasida tavsiyalar ishlab  chiqish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?