Bir tizimda tekshiruv tartibi 50 marta buzilgan. Bu qanaqasi.....

14:58 19 Sentyabr 2022 Jamiyat
237 0

Foto: Xalq so‘zi

Xoʻjalik yurituvchi subyektlar, xususan, tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatiga asossiz aralashuvlarga yoʻl qoʻymaslik haqida takror-takror aytilayotganiga qaramasdan ayrim nazoratchi idoralar tomonidan hali hamon qonunbuzilishlarga yoʻl qoʻyilayotgani kishini taajjubga soladi. Masalan, Namangan viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlimlari tomonidan ellikka yaqin holatda tadbirkorlik subyektlarini vakolatli organ bilan kelishish tartibiga rioya qilinmagan holda tekshirilgan.

Chust tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi mansabdor shaxslari yakka tartibdagi tadbirkor J.O. ga qarashli hayvonlarni soʻyish shaxobchasiga kelganida ularning qoʻlida kelishuv hujjati yoʻq edi. Tabiiyki, bu boradagi tartibga amal qilmagan xodimga tegishli chora koʻrishga toʻgʻri keldi. Boʻlim vakili R.A Maʼmuriy javobgarlik kodeksining 241-2-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari miqdorida maʼmuriy jarimaga tortildi.

Boshqarma va uning boʻlimlarining yuqorida taʼkidlangan tekshiruvlarda ishtirok etgan yana 6 nafar mansabdor shaxslarining har biriga ham xuddi shunday miqdorda moliyaviy jazo qoʻllanildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni masʼul xodimlari tomonidan aniqlangan yuqoridagi singari holatlar va aybdorlarga nisbatan qoʻllanilgan moliyaviy chora boshqa tizimlardagi masʼul shaxslarga ham yaxshigina saboq boʻladi, albatta.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?