Bir qator tuman hokimlari ishdan boʻshatiladi — Shavkat Mirziyoyev

18:11 08 Aprel 2021 Siyosat
795 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 8-aprel kuni tadbirkorlikni rivojlantirish va joriy yilda aholi bandligini taʼminlash dasturi ijrosi boʻyicha oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishida tadbirkorlikni rivojlantirishga yetarli eʼtibor qaratmagan bir qator tuman hokimlari ishdan boʻshatilishini taʼkidladi.

Bundan tashqari, Markaziy bank, uning hududiy boshqarmalari va tijorat banklari faoliyati ham talab darajasida emasligi tanqid qilindi.

Shu sababli Markaziy bank raisining birinchi oʻrinbosari B.Zohidovga “hayfsan” berildi. Agar 2 oy ichida ish uslubida oʻzgarish boʻlmasa, mahallagacha tushib ishlamasa, tashabbus koʻrsatmasa, u ham ishdan olinishi aytildi.

Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Qoʻchqorov, S.Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromovga viloyatlarda oʻrta tadbirkorlar bilan, viloyatlar sektor rahbarlariga tumanlarda kichik biznes vakillari bilan har hafta uchrashib, yer, infratuzilma, kredit kabi eng muhim masalalarni hal etish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Tuman va shahar hokimlari sektor rahbarlari bilan birga, kichik tadbirkorlar bilan kuniga 3-marta oʻz sektorida uchrashib, muammolarini hal qilishi vazifasi yuklatildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish hamda investitsiya va tashqi savdo vazirlarining birinchi oʻrinbosarlari va Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilish va muammolarini hal etish borasidagi faoliyatini tahlil qilib, yaxshi va yomon ishlayotganlari boʻyicha har oyda Prezident Administratsiyasiga axborot kiritishi qayd etildi.

Bosh vazir oʻrinbosarlari J.Qoʻchqorov, S.Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Biznes-ombudsman D.Qosimovga hududlarda tadbirkorlar bilan ishlash boʻyicha ijobiy tajribani umumlashtirib, har chorakda hokimlar, ularning oʻrinbosarlari, sektor va bank rahbarlarini ragʻbatlantirishi aytildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?