“Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi tanlovda gʻolib boʻlgan nurobodlik oʻquvchi eski noutbuk bilan “taqdirlandi”. Nurobod tumani hokimligi esa yangi telefon berganmiz deyapti...

23:46 16 Yanvar 2022 Jamiyat
2203 0

Foto: Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi gʻolib boʻlgan nurobodlik oʻquvchi eski noutbuk bilan “taqdirlandi”. Nurobod tumani hokimligi esa yangi telefon berganmiz deyapti...

16-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumanidagi 41-umumtaʼlim maktabi 8-sinf oʻquvchisining videomurojaati tarqaldi. Oʻquvchi oʻz murojaatida “Bir million dasturchi” loyihasi doirasidagi IT tanlovining tuman bosqichida ham, viloyat bosqichida ham gʻolib boʻlganini aytadi. Ammo tanlov gʻolibi sifatida unga berilgan noutbukni uyiga kelib ochib koʻrganida avval ishlatilgan, eski ekaniga guvoh boʻlgan. Tanlov gʻolibi noutbukdagi ilovalardan mazkur “sovrin” boshqa bir oʻqituvchining eski noutbuki ekanini aniqlagan.

Murojaatda gʻolib oʻquvchi sovrin sifatida eski noutbuk unga kim tomonidan berilganiga aniqlik kiritmagan.

Mazkur holat boʻyicha Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati quyidagicha munosabat bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 6-yanvar kuni Nurobod tumanidagi umumtaʼlim maktablarining 7-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Bir million dasturchi” loyihasi asosida "IT-TANLOV"ning tuman bosqichi boʻlib oʻtgan.

Mazkur musobaqada 41 umumtaʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi S. Sattarov faxrli birinchi oʻrinni olib, tuman hokimligining faxriy yorligʻi hamda "Realme C11" rusumli telefon apparati bilan taqdirlangan.

Mazkur holat yuzasidan Nurobod tumani hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Oʻrganish natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar berilishi aytilmoqda.

Shuningdek, ushbu holat yuzasidan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi vakillari ham tez orada rasmiy maʼlumot berilishini maʼlum qilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер