Bir martalik shpris Namanganda ham ishlab chiqarilmoqda

11:08 26 Avgust 2019 Jamiyat
943 0

Tibbiyot sohasida ehtiyoj yuqori boʻlgan ushbu mahsulotni ishlab chiqarish Uychi tumanidagi Jiydaka qishlogʻida barpo etilgan “AX MEDICAL FARM” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonasida yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda yiliga 100 million dona bir martalik shpris va 300 ming dona ayollar tibbiyot oynasi ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

Qurilish ishlari 2018-yil mart oyida boshlangan korxona oʻz yoʻnalishida noyob loyiha hisoblanadi. Chunonchi, ishlab chiqarish hajmi jihatidan respublikamizda Nukus shpris zavodidan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Loyihaga koʻra,bu yerda oʻrnatilgan xorijiy texnologiya yordamida yiliga 40 milliard soʻmlik mahsulot tayyorlash imkoniyati mavjud.

– Uychi tumanidagi “Bunyodkor Maxsudbek fayz” fermer xoʻjaligi tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 2 million 300 ming AQSH dollariga teng boʻlib, shundan 630 ming dollari xitoylik hamkor – “JiangXi Jinsheng medical Devices Group Co. LTD” komapniyasining toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyasidir, –deydi qoʻshma korxona direktori Elmurod Mamadaliyev.

Korxona toʻla quvvatda ishga tushishi bilan 100 ga yaqin mahalliy yoshlarning doimiy bandligi taʼminlanadi.

Kecha “AX MEDICAL FARM” hamkorlik korxonasining tantanali ochilish marosimi boʻldi. Unda soʻzga chiqqan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hudud investitsiyaviy salohiyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida toʻxtaldi. Uning taʼkidlashiga qaraganda, keyingi ikki-uch yilda amalga oshirilgan davlat dasturlari hamda xorijiy investitsiyalar yordamida sanoat sohasida katta sakrashga erishildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, viloyatga joriy yilning birinchi yarmida 125 million AQSH dollari miqdorida yoki 2017-yilga nisbatan 15 barobardan koʻp investitsiya kirib kelishiga erishildi. Yil yakunida ushbu koʻrsatkichni 400 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV. 
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?