Bino poydevori 27 sm qiyshaygan — Qurilish vazirligi buzib tashlangan “Navroʻz” toʻyxonasi boʻyicha bayonot berdi

22:13 10 Aprel 2021 Jamiyat
1392 0

Qurilish vazirligi Toshkent shahridagi “Navroʻz” qabullar uyining buzilishi boʻyicha bayonot berdi. Vazirlik xabariga koʻra, “Navroʻz” kompleksini ham zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablari asosida rekonstruksiya qilish maqsadida batafsil texnik koʻrikdan oʻtkazilgan.

“Navroʻz” kompleksi 1980-yillarda oʻsha davrning texnik reglamentlari, shaharsozlik talablari hamda qurilish normalari va qoidalariga muvofiq qurilgan.

Texnik koʻrik natijalariga koʻra:

- bino poydevori ostiga uzoq yillar davomida namlik oʻtganligi sababli 27 smga qiyshaygan;

- asosiy yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarning mavjud holati ularda katta hajmdagi kuchaytirish ishlarini amalga oshirishni taqozo qiladi;

- yongʻin xavfsizligini taʼminlash va energiya tejamkorligini oshirish choralarini koʻrish talab qilinadi.

Qayd etilgan tadbirlarni amalga oshirish hisob-kitoblarga koʻra katta mablagʻlarni talab qilmoqda va iqtisodiy nuqtayi nazardan maqsadga muvofiq emasligi koʻrindi.

Shu sababli:

- aholi xavfsizligi;

- konstruktiv mustahkamligi va barqarorligi;

- seysmik xavfsizligi va mustahkamligi;

- yongʻin xavfsizligi;

- salomatlik va atrof-muhit muhofazasini;

- imkoniyatlari cheklangan shaxslarning foydalanishi mumkinligini hisobga olgan holda

Qayd qilinishicha, “Navroʻz” kompleksi oʻrnida barcha texnik va zamonaviy qurilish talablariga javob beradigan yangi inshoot yaʼni kutubxona barpo etilishi maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki oxirgi yillarda “Navroʻz” majmuasi texnik jihatdan talabga javob bermaganligi inobatga olinib, faoliyati toʻxtatilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?