BHMning uchdan bir qismidan umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha - Oʻzbekistonda «Samosud» uchun qanday jazolar bor?

03:25 06 Yanvar 2021 Jamiyat
827 0

Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “samosud” holati aks etgan videotasvirlar koʻpayib, mazkur mavzular “trend”ga chiqmoqda.

Navoiyda fuqaroni boʻyin va qoʻl qismlarini arqon bilan bogʻlagan holatda traktor tirkamasida majburiy ravishda olib ketayotganligi, Fargʻonada ikki nafar qizlar singlisini ranjitgani uchun uchinchi qizni “samosud” qilgani va hokazolar.

Kuni kecha esa ijtimoiy tarmoqlarda “Aytishlaricha, samosud qilinayotgan fuqaro yoʻldagi qoidabuzar haydovchilarni suratga olib, GAIga joʻnatgan” degan “tamgʻa” bilan videolavha tarqaldi. Andijonda sodir boʻlgani aytilgan mazkur voqeada bir gala odamning fuqaroni mashina yukxonasiga solib qoʻyib soʻroqqa tutayotgani, haqoratlayotgani aks etgan.

Keyinchalik Andijon viloyati IIB axborot xizmatining ushbu holat yuzasidan maʼlumot berdi. Qayd etilishicha, fuqaro bozorga mevalar narx-navosini bilish uchun kelib, bozorni fotosuratga olayotgan vaqtida bir necha fuqarolar uni boshqa maqsadda suratga olayotganlikda gumonlab, jamoat joyida turli uyatli soʻzlar bilan haqorat qilishgan.

Bir necha fuqarolar harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari mavjudligi bois, huquqbuzarlarning har biriga BHMning 3 baravari miqdorida jarima jazosi belgilandi.

Hozir gap faqatgina bu voqe haqida emas.

Biz qanday jamiyatda yashashni istaymiz oʻzi? Bir tomondan qonunlar ishlamasligi, jamoatchilik nazorati passivligi, adolatsizliklar koʻpligidan noliymiz, qonun ustuvor jamiyat biz uchun utopiyadek tutamiz oʻzimizni. 

Ikkinchi tomondan jamoatchilik nazoratiga ham chiday olmay qolamiz, huquqbuzarlik haqida xabar qilgan fuqaroga yovqarash qilamiz, darrov uni “sud qilib”, hukmni ham chiqaramiz-qoʻyamiz. Inson huquqlari, erkinliklarini oyoqosti qilamiz. Kuchli davlat kuchli fuqarolik jamiyati orqali bunyod boʻlishini tan olgimiz kelmaydi.

Xoʻsh, “Samosud” oʻzi nima, u uchun qonunchiligimizda qanday jazo bor?

Mutaxassislar izohiga koʻra, “oʻzicha sudlash” (samosud) bu huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan yoki huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxs haqida tegishli davlat organiga xabar bermay, uni oʻzboshimchalik bilan qonunga xilof ravishda jazolash hisoblanadi.

Shuni hech bir fuqaro unutmasligi kerakki, Konstitutsiyaning 26-moddasiga koʻra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʻrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Yaʼni, tegishli sudning qarorisiz birovni aybdor hisoblash ham, jazolash ham mumkin emas.

«Oʻzicha sudlash (samosud), yaʼni qonun tili bilan aytganda “oʻzboshimchalik” Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 200-moddasiga muvofiq, oʻzboshimchalik, yaʼni oʻzining haqiqiy yoki nazarda tutilgan huquqini fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlariga, davlat manfaatlari yoki jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yoki ziyon keltirmagan holda oʻzboshimchalik bilan amalga oshirsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa-bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi, Jinoyat kodeksining 229-moddasiga koʻra, oʻzboshimchalik, yaʼni haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni oʻzboshimchalik bilan amalga oshirish fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab oʻtilgan», deydi Adliya vazirligi masʼul xodimi Zafar Rahmonov.

Shuningdek, samosud qilish natijasida oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazganlik uchun ham qonunchilikda javobgarlik belgilangan. 

«Yaʼni Jinoyat kodeksining 103-moddasiga koʻra shaxsni qoʻrqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning shaʼni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yoki oʻzini oʻzi oʻldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish, uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, oʻzicha sudlash (samosud) oqibatida qasddan odam oʻldirish jinoyati sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilib, oʻn yildan oʻn besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi, javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirsa Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “l”-bandi yaʼni bezorilik oqibatida qasddan odam oʻldirish, oʻn besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi belgilangan», dedi Z.Rahmonov.

Xulosa oʻrnida aytganda, huquqiy-demokratik davlatda har qanday nizolar sud orqali, qonunchilikda belgilangan tartiblar orqali hal etilishi kerak. “Bogʻlab qoʻyish”, “mashina yukxonasiga qamash”, omma oldida sazoyi qilish bilan emas. Huquqingiz, shaʼningiz toptaldimi, boshqalar huquqini ham toptamasdan, marhamat qilib sudga murojaat qiling. Oʻzingiz qoidalarni buzgan holatda esa, energiyangizni qoidabuzarlikni tegishli joyga xabar qilgan insonni jazolashga emas qoidalarga nisbatan eʼtiborliroq boʻlishga sarflang!

Inobat AHATOVA,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?