Bezbetlik shunchalikki, ular oʻzlari qonunni buzsa chora koʻrishmaydi, aybini koʻrsatganni esa qonunbuzarga chiqarishadi — R.Kusherbayev

09:06 05 Fevral 2021 Jamiyat
1183 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati R.Kusherbayev soʻnggi paytlarda Surxondaryo viloyatida roʻy berayotgan voqealar haqida toʻxtalib oʻtdi.

«Qiziriq voqealari koʻpchilikni esida boʻlsa kerak.

Fermerlar oʻz yerlarining hokimiyat, prokuratura va IIB bosimi bilan majburiy olib qoʻyishayotganidan norozi boʻlib Toshkentga, shu jumladan, Oliy Majlisga ham bir necha bor kelishgandi. Ular bilan jurnalist va blogerlar ham birga jarayonni yoritib borishdi.

Biz qonunlarga asosan zoʻravonlarga chora koʻrilishini va fermerlar huquqlarini himoya qilishni talab qilib bir qator idoralarga chiqdik. Hatto oʻzim Surxondaryoga bormoqchi boʻldim. Biroq fermerlarni ishi hal boʻlmadi, qonunbuzar zoʻravon joydagi hokim, prokuror va boshqa amaldorlar “farishta” ekanligi aniqlandi (faqat qanotlari oddiy odamlarga koʻrinmas, ularni ishga qoʻygan yuqori amaldorlarga koʻrinarkan), meni esa nima qilib boʻlsa ham Surxondaryoga borishimga yoʻl qoʻyilmadi.

Shuncha yugur-yugur natijasi nima boʻldi, degan savol qiziq albatta. Natija shuki, shu fermerlarni dardini yoritib ular bilan Toshkentgacha kelgan, Surxondaryo viloyati hokimini ham qoʻrqmay tanqid qilgan, oʻzini qamash uchun turli tadbirlar uyushtirishayotganini menga aytib yordam soʻragan(meni ogohlantirgan edi hatto) oʻsha Otabek Sattoriy ismli bloger koʻp oʻtmay tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa tashlanyapti. U bilan birga Surxondaryodagi muammolarni koʻtargan “effect.uz” internet OAVning muxbiri Farxod Ismailov esa soʻroqqa chaqirilib, uyi tintuv qilinmoqda. Katta ehtimol bilan u ham qalloblik, tovlamachilik yoki giyohvand vositasini saqlashda ayblanib qamalsa kerak.

Bu ishlar shaxsan menga juda gʻalati va shubhali tuyulmoqda. Negadir Surxondaryo viloyati hokimini tanqid qilgan, joyida jamoatchilik nazoratini oʻrnatmoqchi boʻlgan faol fuqarolar biri qamoqqa tashlangan, birini esa soʻroqma-soʻroq sudrashyapti.

Agar joydagi butun huquqni muhofaza qilish tizimi hokimni qoʻli bilan boshqarilayotgan boʻlsa, bu dahshat va davlatchilik uchun sharmandalik. Buni oʻylashni oʻzi qoʻrqinchli. Oʻzbekistonlik, shu jumladan surxondaryoliklar baxti uchun ham unday boʻlmasin ishqilib.

Aytgancha, qonunlarga tupurib qoʻygan Surxondaryodagi amaldorlar harakatini men ham tanqid qilgandim. Bundan keyin ham toʻxtamayman. Axir qonunlarni nima uchun qabul qilamiz? Albatta ishlashi uchun-da. Lekin bezbetlik shunchalikki, ular oʻzlari qonunni buzsa chora koʻrishmaydi, aybini koʻrsatganni esa qonunbuzarga chiqarishadi. Lekin unutmaylik: bu dunyo oʻtkinchi: oʻrtoq hokim, prokuror, “nachalnik” bu yoqda qutularsiz, lekin u yoqda javobdan qochib qutulmaysiz.

Boʻlayotgan ishlarni koʻrib yaqin kunlarda meni ham tovlamachilik, qalloblik va yana boshqa balolarda ayblab, uyimda tintuv boshlashib qolsa hayron qolish kerakmas: hammasi tushunarli, deyaverasiz.

Bu yoqda esa davlat rahbari jurnalist va media makondagi faollarga “Sizlar menga yelkadoshsiz, yordamingizga tayanaman. Adolatni yetkazishdan toʻxtamanglar, qoʻrqmanglar. Ortingizda Prezident turibdi” deb ruhlantirmoqda. Bu yoqda esa...Kim kimga qarshi oʻzi?» deb yozadi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?