Besh kunda Samarqandga 31 mingdan ortiq sayyoh keldi

11:57 24 Mart 2022 Jamiyat
318 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Samarqand viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi bergan maʼlumotga koʻra, 19-23-mart kunlari Samarqandga 28 ming nafardan koʻproq mahalliy va 3700 nafardan ortiq xorijiy sayyohlarning tashrifi kuzatildi.

Xorijiy sayyohlar orasida qozogʻistonliklar (1720 nafar) koʻpchilikni tashkil etdi. Shuningdek, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi va Turkiyadan ham turistlar koʻp boʻldi.

Umuman, besh kun davomida Yevropa mamlakatlaridan 439 nafar, Osiyo mamlakatlaridan 328 nafar, AQSH va Janubiy Amerika qitʼasidan 84 nafar sayyoh qadimdan ilm-maʼrifat va bunyodkorlik markazi boʻlgan koʻhna kent jozibasidan bahra olish niyatida tashrif buyurdi.

Navroʻz bayrami munosabati bilan belgilangan besh kunlik dam olish kunlarida respublikamiz boʻyicha ham ichki turizmni rivojlantirish uchun temir yoʻl, avtoyoʻl va havo yoʻllari, mehmonxona va sayyohlik markazlarida chegirmalar joriy etilgan edi. Natijada xalqimizning katta qismi bu imkoniyatlardan foydalanib, yurtimizning maftunkor, tarixiy manzillariga, ochiq osmon ostidagi muzey-shaharlarga sayohatga chiqdi.

— Qoraqalpogʻistonning Qoʻngʻirot tumanida yashayman, bogʻcha tarbiyachisiman, - deydi sayyohlardan biri Begimoy Sayimbetova. — Bir necha oʻqituvchi va tarbiyachilar bilan 15 foizlik imtiyozdan foydalanib poyezdda Samarqandga keldik. Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov maqbara-majmuasida boʻldik. Ziyorat qilib, ruhimiz yengil boʻldi, koʻnglimiz togʻdek koʻtarildi.

— Oilamiz bilan anchadan buyon Samarqandga kelishni niyat qilgan edik, - deydi Jizzax viloyati Zafarobod tumanida yashovchi Oʻktam Xoldorov. — Bayram bahona bu goʻzal shaharga farzandlarim, nabiralarim bilan keldik. Ulugʻbek rasadxonasi, Xoʻja Doniyor ziyoratgohi, Shohi Zinda majmualaridagi qadamjolar va tabarruk joylarni koʻrib, koʻnglimiz yanada yorishdi, faxr, gʻurur hissini tuydik.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?