Besh yillik natija ijobiy va keyingi besh yilda nimalar kutilmoqda? — Zoyir Mirzayev bilan suhbat

19:01 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
105 0

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturi haqida o'z fikrlarini bildirdi

Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining X syezdida amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz saylovoldi dasturi – Yangi Oʻzbekiston strategiyasining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha maʼruzasini oʻtgan besh yildagi natijalar bilan boshlagani ham bejiz emas. Chunki, maqtasa arzigulik ishlar har sohada oʻz aksini topdi. Odamlar rozi boʻla boshladi, ular davlat idoralariga emas, davlat idoralari ularga xizmat qilyapti. Rahbarlar qoʻyi boʻgʻinlarga tushib, eng chekka hududlarga ham kirib bordi.

— Zoyir Toyirovich, ayting-chi, bu saʼy-harakatlar samaralari nimalarda yaqqol aks etmoqda?

— Maqsad aniq boʻlsa, yoʻl ravon boʻladi. Istak xalq dardini yengil qilish, ularni yashash sharoitlarini yaxshilash boʻlsa, bu istakni Yaratgan ham qoʻllaydi, atrofdagilar ham, xalq ham ulugʻ maqsadli Yurtboshiga ergashadi. Eng avvalo shuni mamnuniyat bilan eʼtirof etishni istardimki, «2017-2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini qabul qilinishi, uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilingani olamshumul voqea boʻldi.

Soʻnggi besh yilda amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlaydigan boʻlsak, mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat – 34 foizga, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga oʻsgani Yangi Oʻzbekistonni barpo qilish yoʻlida dadil qadam tashlayotganimizni koʻrsatib turibdi. Yoki 2017-2020-yillarda mamlakatimizning iqtisodiy oʻsish darajasi 18,3 foizni tashkil etganini olaylik. Albatta, bu yalpi ichki mahsulotni 60 milliard dollarga yetishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tashqi savdo aylanmasi 2016-yildagi 24 milliard dollardan 2020-yilda 36 milliard dollarga koʻpaygani mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi munosabatlari yuksalib borayotganidan dalolat berib turibdi. «2017-2020-yillar davomida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar bunyod etilgani esa nafaqat yurtimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshmoqda, balki xalqimizni yurtga muhabbatini, ertangi kunga ishonchini yuksaltirmoqda. Ushbu koʻrsatkich 2016-yilga nisbatan qariyb 11 baravarga koʻpaygani kimni quvontirmaydi deysiz.

Xullas, oʻtgan besh yilda har bir soha rivoji ortidan aholini ishli va farovon yashashini taʼminlash, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish gʻoyasi mujassam boʻldi.

— Saylovoldi dasturda keyingi besh yilda qanday istiqbolli loyihalarni amalga oshirish belgilandi?

— Shavkat Mirziyoyev shoshilmasdan oʻz saylovoldi dasturini hech bir soha yoki tarmoqni eʼtibordan chetda qoldirmagan holda bayon etdi:

— Kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi, agar shu natijaga erishsak, 2030-yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirish uchun puxta zamin yaratgan boʻlamiz.

Saylovoldi dasturda kelgusi besh yilda sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2-marta oshirilishi, har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanishi, magistral avtomobil yoʻllari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinishidan tortib, “Yashil iqtisodiyot”ni joriy qilish, davlat korxonalarining transformatsiyasi hamda xususiylashtirish jarayonlari yanada tezlashtirilishi, 2026-yil yakunigacha kambagʻallikni kamida 2 barobar qisqartirish va tadbirkorlikka yanada keng imkoniyatlar berilishi kabi masalalar oʻz ifodasini topgan.

— Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida norasmiy ishlayotgan fuqarolarga ijtimoiy kafolat va imtiyozlar berish, xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlik darajasini kamaytirish kabi dolzarb masalalar ham oʻrin olgan, shundaymi?

— Ha, haqiqatda saylovoldi dasturda bu masalalarga katta eʼtibor qaratilgan. Xususan, kelgusi besh yilda norasmiy ishlayotgan 2,5 million nafar fuqaro bandligini legallashtirishga yordam beriladi. Shu orqali ularning ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan toʻliq foydalanishiga imkoniyat yaratiladi.

Ayollar oʻrtasidagi ishsizlik darajasi kelgusi besh yilda 2 barobarga kamaytirilishi, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga oʻqitilishi va ularning xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilishi, ehtiyojmand oilalarning qizlari uchun oliy taʼlim grantlari yildan-yilga oshirib borilishi va 2026-yilda 6 mingga yetkazilishi aytib oʻtildi. Kelgusi uch yilda uy-joyga muhtoj 10 mingdan ziyod xotin-qizga imtiyozli shartlar asosida uy-joylar ajratilishi belgilandi.

Xulosa oʻrnida, Shavkat Mirziyoyev tomonidan taqdim etilgan saylovoldi dastur har tomonlama xalqimizga foydali boʻlish barobarida, har kim saylash va tanlash huquqidan foydalanib, kelajagi porloq Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ulkan amaliy qadamlarni birga bosishga chorlov boʻldi, desak sira adashmagan boʻlamiz.

Faxriddin Bozorov (“Xalq soʻzi”)
yozib oldi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?