Besh yil oldin bunday markazlarga, laboratoriyalarga keladigan yoshlar kam edi. Borlarining ham daromadi yetishmasdi. Chunki ilmga pul yoʻq edi — Prezident Innovatsion texnoparkni borib koʻrdi

21:11 19 Oktyabr 2021 Siyosat
788 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovatsion oʻquv va ishlab chiqarish texnoparkini borib koʻrdi.

Unda uchta tizim – taʼlim, fan va ishlab chiqarish uygʻunlashtirilgan. Bu yerda talabalar ilgʻor texnikalarni koʻrib, ishlatib, “koʻzi pishadi”. Chizmalardan tayyor mahsulot yasashgacha boʻlgan jarayon bilan amalda tanishib, malakali mutaxassis boʻlib yetishadi. Muxtasar aytganda, ushbu texnopark “gʻoyalar generatori” boʻlib xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi. 

Uch qavatli bino robototexnika, energetika, elektrotexnika va biotexnologiya boʻyicha ilgʻor uskunalar bilan jihozlangan. Birinchi qavatda payvandlash, elektroeroziya, yogʻoch va plastmassaga ishlov berish, startap xonalari va laboratoriyalar joylashgan. Yuqori qavatlardan oʻquv va kovorking xonalari, robototexnika, standartlashtirish, sport zallari, maʼmuriyat, kutubxona, ofislar oʻrin olgan. 

Prezidentimiz texnoparkda boshqaruv kompaniyasi tashkil qilib, mahsulotlarni sotishni yoʻlga qoʻyish muhimligini taʼkidladi.

— Besh yil oldin bunday markazlarga, laboratoriyalarga keladigan yoshlar kam edi. Borlarining ham daromadi yetishmasdi. Chunki ilmga pul yoʻq edi. Endi bu sharoitdan, uskunalardan foydalanib, yoshlarni bozorbop mahsulotlar tayyorlash va sotishga oʻrgatish kerak. Ular manfaat koʻrsa, ruh paydo boʻladi, oʻzini shu sohaga bagʻishlaydi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Texnika yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlari talabalarini koʻproq jalb etib, amaliy saboqlarini shu yerda oʻtish, oʻquv dasturlarini ilgʻor texnologiyalardan kelib chiqib takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Innovatsion texnoparkda talabalarning amaliyot oʻtashi bepul, rezidentlar uchun soliq imtiyozlari joriy etilgan. Biologik tajribalar uchun issiqxona barpo etilgan.

Davlatimiz rahbari biotexnologiya laboratoriyasida amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishdi. Rezidentlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni targʻib qilish, ularni va yana shunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlash muhimligi taʼkidlandi.

Prezident talabalar va yosh olimlar bilan suhbatlashdi. Shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan ham muloqot boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?